
Uning vazni 150 kilogramm bo‘lgan va u darvoza to‘sinini sindirgan. "Chelsi"ning birinchi sardori haqida yana nimalarni bilasiz?
May oyining oxirida “Chelsi” o‘z tarixida 3-marta Chempionlar ligasi finalida ishtirok etadi. Ushbu musobaqadagi yagona chempionlikdan 9 yil o‘tib, “aristokratlar” yana bu sovrinni o‘z muzeyiga olib kelishi mumkin. Rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich "Chelsi"ni Evropaning eng yaxshi klublaridan biriga aylantirdi, ammo XX asr boshlarida, klub yangi tashkil etilayotgan paytda, hech kim katta muvaffaqiyat haqida o‘ylamagan. Biroq, dastlabki "Chelsi" ham o‘z vaqtida shov-shuv ko‘tara olgan. Bugun biz yuz yil oldingi "Chelsi"ning birinchi sardori bo‘lgan g‘ayrioddiy futbolchi haqida hikoya qilamiz.
"Chelsi" futbol klubi 1905 yilda aka-uka Mirs tomonidan tashkil etilgan. Dastlabki bosqichda o‘zini tanitishi uchun klubga yulduz futbolchi kerak edi. Darvozabon Billi Foulk shunday yulduzga aylandi. "Chelsi" uning transferi uchun 50 funt sarfladi. Foulk yangi jamoasida darhol sardorlik bog‘ichini oldi.
Billi Foulk tashqi ko‘rinishidan muxlislar e’tiborini jalb qilmasdan qo‘ymasdi. “Chelsi”ga o‘tgan paytida uning vazni taxminan 150 kilogramm, bo‘yi 196 santimetr bo‘lgan. U haqiqiy gigant edi, ammo shunga qaramasdan, darvozabon sifatida etarlicha plastikaga ega bo‘lgan. Foulk “Chelsi” safiga o‘tishidan oldin “Sheffild Yunayted”da Angliya chempionligini qo‘lga kiritgan va Angliya terma jamoasida 1 ta o‘yin o‘tkazib ulgurgan edi.
Foulkning “Chelsi” tarkibidagi ilk surati uning 10 ta bolakay qurshovida turgandek taassurot qoldiradi. Jamoa murabbiyi ham o‘shanda aqlli taktika ishlatganini ko‘rish mumkin. U “Chelsi” darvozaboni raqiblar oldida yanada salobatli ko‘rinishi uchun bolalarni uning atrofiga terib qo‘yadi. O‘yin boshlangach, ushbu bolalar darvozabonga to‘plarni tezroq etkazib berishga xizmat qilishdi. Shu tariqa, futbolda bollboylar paydo bo‘ldi.
Billi Foulk har doim ham bu qadar semiz bo‘lmagan. Biroq u ovqatga qaramligi tufayli faoliyati davomida tezda ortiqcha vazn to‘pladi. Uning ishtahasi doimo karnay bo‘lgan. Mish-mishlarga qaraganda, bir kuni u nonushtaga hammadan birinchi kelgan va qolgan futbolchilarning tuxumini eb qo‘ygan.
Foulk faqatgina futbolchi emas, balki mashhur shoumen ham bo‘lgan. Shu bois, u “Chelsi”ga haqiqiy yulduz sifatida ko‘chib o‘tdi. Foulk bir marta hakamni yalang‘och holda stadion bo‘ylab quvlab yurgan. “Sheffild Yunayted”ga qarshi o‘yinda esa darvoza to‘siniga osilgan va natijada darvoza qulab tushgan.
Billi “Chelsi”da faqat bir mavsum to‘p surdi va shundan so‘ng “Bredford Siti”ga o‘tdi. U faoliyatini yakunlagach, bar sotib oldi va umrining oxirigacha shu ish bilan shug‘ullandi. Foulk 1916 yilning may oyida 42 yoshida vafot etdi. Uning o‘limiga jigar tsirrozi sabab bo‘lgan.
Angliyada muxlislar ortiqcha vaznga ega bo‘lgan futbolchilarga nisbatan tez-tez "Hamma piroglarni kim edi?" qo‘shig‘ini kuylashadi. Mish-mishlarga qaraganda, ushbu qo‘shiq birinchi marta aynan Billi Foulkka nisbatan aytilgan. Bu haqiqatdan ham afsona bo‘lishi mumkin, boisi ushbu qo‘shiq Foulk faoliyatini yakunlaganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Yana kim biladi, deysiz?
Ana shunday afsonaviy futbolchi to‘p surgan “Chelsi” 29 may kuni “Manchester Siti”ga qarshi UEFA Chempionlar ligasi finalida ishtirok etadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
Fikrlar