Uyg‘onayotgan "Manchester Yunayted"!

  • 9 iyul, 2023, 23:55
  • Suhrob Xolbekov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yozgi transferlar oynasida APL klublari doimgidek eng faollar qatorida turibdi. Ammo "Manchester Yunayted" "uxlab qolgan"dek tuyulayotgandi. Ten Xag dastlabki mavsumini yaxshi o‘tkazdi. Jamoani Chempionlar ligasiga qaytardi va bitta kubok yutdi. Endi "qizil iblislar" tarkibni kuchaytirishi kerak. Oldinda ularni katta uchrashuvlar kutmoqda. Bundan tashqari, MYu muxlislari kelasi mavsumda jamoadan Premer-liganing 4-o‘rinini emas, balki undan ham yuqoriroq pog‘onaga chiqishini istaydi. Shunday ekan, Ten Xag bir nechta transferlar qilishni reja qilgandi. Hozircha birinchisi amalga oshdi.

Tecno

Meyson Maunt

Mauntning "Chelsi"ni tark etishi oldinroq ma’lum bo‘lgandi. U "aristokratlar" bilan yangi shartnoma borasida kelishuvga erisha olmadi. Aniqrog‘i, yarim himoyachi maoshini oshirilishini istadi, lekin rahbariyat bunga rozi bo‘lmadi. Futbolchi qaror qabul qilganida Maurisio Pochettino uni olib qolishga harakat qilib ko‘rdi, biroq unda hammasi hal bo‘lgandi. Maunt uchun dastlab "Liverpul" harakat qilib ko‘rdi. Uning narxini eshitgan "qizillar" kurashdan chiqdi va Dominik Soboslaini sotib oldi. "Liverpul" 24 yoshli inglizdan voz kechganidan keyin "Manchester Yunayted" uni o‘z tarkibiga qo‘shib olishga urindi. "Chelsi" 3 ta taklifni rad qildi. So‘nggi taklif 55 million funt edi. "Aristokratlar" bunga ham rad javobini berdi. Ammo MYu kurashdan chiqib ketmadi. Londonliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni maslahat berdi. Voqealar rivoji mana shu joyiga kelganida Mauntning "Chelsi"da qolishi haqda xabarlar ko‘payib ketdi. Tomonlar kelisha olmasligi, manchesterliklar 55 million funtdan ko‘p to‘lamasligi borasidagi mish-mishlar chiqa boshladi. Yakunda esa klublar umumiy 60 million funtlik shartnoma borasida kelishib olishdi va mazkur transfer MYu uchun yozning birinchi xaridiga aylandi. Maunt "Manchester Yunayted"da 7-raqamni tanladi. Bu raqamni o‘ziga yarasha bosimi bor. Futbolchi bundan qo‘rqmadi.

Rasm

Agar Maunt sotib olinmaganida...

Maunt transferi kechikkani sari uning atrofidagi mish-mishlar ham ko‘payib boraverdi. Ayrim nashrlar unga alternativ variantlarni tayyorlab qo‘ydi. Ular orasida "Brayton" vakili Moyzes Kaysedo favorit bo‘lib turgandi. Agarda "Manchester Yunayted" Meysonni qo‘lga kirita olmaganida ekvadorlik yarim himoyachi uchun harakatni boshlagan bo‘lardi. Hattoki futbolchining o‘zi bilan ham muzokaralar boshlanayotgandi. Ammo Kaysedoning Mauntdan narxi baland. Aynan mana shu narsa Ten Xagning xohishiga qarshi chiqdi. Ammo baribir klub bu transferni amalga oshirishga harakat qilmoqchi edi. Kaysedo esa faoliyatini "Chelsi"da davom ettirishi mumkin.

Rasm

Yana bitta yarim himoyachi sotib olinadi

"Manchester Yunayted" Mauntdan tashqari yana bitta yarim himoyachi olmoqchi. Avvalroq, klub Raboni tekinga qo‘lga kiritishni o‘ylab turgandi, lekin frantsuz "Yuventus" bilan yangi bitim imzoladi. MYu esa "Fiorentina" o‘yinchisi Sofyan Amrabat bilan aloqada bo‘lib  turibdi. Italiya klubi yarim himoyachini 35 million evroga sotishga tayyor. Amrabat qishdan beri top klubga o‘tishni istaydi.

Rasm

Darvoza masalasi

Ayni damga kelib darvoza masalasi jumboqligicha qolayotgandi. Ammo De Xea rasman jamoani tark etganini e’lon qildi. 12 yillik faoliyat va tarkibdagi yagona Premer-ligani yutgan futbolchi bo‘lib turgan David ayni dam erkin agent bo‘lib turibdi. 34 yoshli futbolchiga "An-Nasr"dan qiziqishlar bor. "Manchester Yunayted" esa Onanani sotib olishga yaqin. "Inter" MYuning 40+5 million evrolik taklifini rad qildi. Insayder Janluka Di Martsioning so‘zlariga ko‘ra, tez orada "qizil iblislar" 50 million evrodan ko‘proq taklif bilan qaytadi. Darvozabonnning o‘zi esa Manchester jamoasiga o‘tishga qarshi emas. Agarda tomonlar kelisha olishsa, u "Manchester Yunayted" a’zosiga aylanish ehtimoli yuqori. Ten Xag yana bir o‘zining sobiq shogirdini olib kelmoqda.

Rasm

Hujum...

Ten Xagning asosiy maqsadlaridan biri bu yangi strayker sotib olish edi. U Reshforddan to‘liq qanotda foydalanib, markazga to‘purar sotib olishni reja qilgan. Hozircha ikkita variant ko‘rib chiqilmoqda: Xoylund va Gonsalo Ramush. "Manchester Yunayted" daniyalik hujumchi uchun 30 million evro to‘lamoqchi. Ammo "Atalanta" 60-70 million evro istamoqda. MYu Xoylund bilan may oyida shaxsiy shartlar borasida kelishib olgan va klub tez orada rasmiy taklif yuborishi mumkin. Shuningdek, Ramush niderlanliyalik murabbiy ostida to‘p tepishni istamoqda. "Benfika" rahbariyati ham hujumchi uchun taklif kutmoqda va ular 23 yoshli portugaliyalikni MYuga sotishga tayyor. Mazkur xarid Angliya grandiga 80 million evroga tushishi mumkin.

photo_2023-07-07_19-13-38

Suhrob Xolbekov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!