
Vagiz Galiulin - omadli va omadsiz klublari, faoliyatini qaerda tugatishi, hali ham termaga qaytishga umid qilayotgani va boshqalar haqida
Rossiyada uzoq vaqtdan beri to‘p surib kelayotgan legionerimiz sifatida bemalol Vagiz Galiulinni aytishimiz mumkin. Andijonlik bu futbolchi faoliyatining asosiy qismini Rossiya maydonlarida o‘tkazib kelmoqda. Sports.uz muxbiri bilan muloqotda esa u erdagi faoliyati, keyingi rejalar, terma jamoa va yana boshqa mavzular bo‘yicha o‘z qarashlarini bildirdi.
Hamyurtimiz o‘tgan yildan beri Rossiya MFLda “Nefteximik” sharafini himoya qilib kelyapti. Legionerimiz u erda o‘zini baxtli his qilyaptimi? Dastlab shunga javob izladik.
- Ha albatta, “Nefteximik”da baxtliman. Bu klubni tanlaganimning birinchi sababi shundaki, uyim – Qozon bilan Nijnekamsk yaqinroq. Ikkinchi farzandim dunyoga kelganidan keyin oilam bilan ko‘proq birga bo‘lishim kerak edi. Bundan tashqari, “Nefteximik”dagi ko‘plab futbolchilar mening tanishlarim, ularning orasida ilgari “Rubin”da birga to‘p surgan do‘stlarim ham bor. Muhimi, klubdagilar menga ishonch bildirib, taklif qilishdi. Asosiysi, bu erda o‘ynayapman. Menga shunisi kerak edi.
Vagiz Rossiyada 15 yildan buyon to‘p surib kelyapti. Gapning ochig‘i, shuncha vaqtdan beri u erda to‘p surishning o‘zi bo‘lmaydi. Galiulin yurtimizda “Andijon” va “Buxoro”da ma’lum vaqt to‘p surgach, “Rubin”ga ketgandi. Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomidagi faoliyatidan qoniqyaptimi yoki bir qolipga tushib qolgan, deb hisoblash mumkinmi? Bu masalada futbolchi o‘z munosabatini bildirdi.
- Qoniqarli o‘tyapti, deb bo‘lmaydi. Undan zo‘r bo‘lishi ham mumkin edi. Rossiyaga birinchi kelganim esimda, o‘shanda 17 yoki 18 yoshda edim. U paytda o‘rinbosarlar safida to‘p surardim. Tezroq asosiy tarkibda to‘p surishni xohlardim. 20 yoshga to‘lganman va kattalar bilan shug‘ullanib, premer-ligada ishtirok etishni juda istardim. Shunday qilib, asta-sekin rivojlanishni boshlaganimda maqsadlarim ham kattayib Evropada o‘ynashni xohlab qolgandim. Bunga boshqa futbolchilarni ko‘rib, katta futbolga kirib, uni yaxshiroq tushuna boshlaganimdan so‘ng, menda shunday istaklar uyg‘ona boshladi. Rossiyadagi faoliyatim qoniqtirdi yoki qoniqtirmadi, deb ayta olmayman. Qaerdadir jarohatlar xalaqit qilgan, yana qaerdadir o‘zimning aybim bo‘lgandir. Lekin hozirgacha Xudoga shukr deyman, mana o‘ynab turibman. Muhimi, jarohatim yo‘q, futbolga foyda keltiryapman.
Vagizga shu paytgacha Rossiyadan Evropaga ketish uchun yaxshi variantlar bo‘lganmi? Balki hali bu borada hech qaerda aytmagan bo‘lishi ham mumkin-ku. Futbolchi esa o‘z munosabatini quyidagicha bildirdi.
- Takliflarga kelsak, o‘zingiz ham aytib o‘tdingiz, 15 yil o‘tdi. Shu vaqt ichida ko‘p narsa bo‘lgan. To‘g‘risini aytaman, Evropa tomonlardan jiddiy taklif shaxsan o‘zimga bo‘lmagan. U paytlarda agentlarim bo‘lgan. Balki qiziqish bo‘lgandir, ochig‘i men xabardor emasdim. Ochig‘i, savolingizga javob berish qiyin. Aytyapman-ku, faoliyatim davomida har xil holatlar bo‘lgan. O‘zimga hech kim qo‘ng‘irq qilmagan.
O‘zbekistonlik futbolchi Rossiyadagi faoliyatini “Rubin”da boshladi, keyin “Nefteximik”, “Sibir”, “Ufa”, “Tosno”, “Tambov” klublarida to‘p surdi. Qiziq, legionerimiz uchun to‘p surgan jamoalari orasida eng omadli va omadsizi qaysi biri bo‘lgan?
- Menimcha, eng omadli klub... To‘g‘ri, “Rubin”ga yoshligimda kelganman. Juda zo‘r klub, meni o‘stirgan, katta futbolga, premer-liga uchun yo‘l ochib bergan. Lekin eng omadli klubda to‘p surganim sifatida “Tosno” jamoasini ayta olaman. Bu klub bilan birinchi divizionda barcha uchrashuvlarda to‘p surdim. Keyin premer-ligaga olib chiqqanimizdan keyin ham muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldim, gollar urdim. Rossiya Kubogini yutdik. Menimcha, “Tosno” eng omadlisi. Lekin boshqa jamoalardagi faoliyatimni yomon, deb hisoblamayman. O‘ziga yarasha yaxshi va yomon kunlar bo‘lgan. Ammo o‘yin va gollar bo‘yicha “Tosno” eng zo‘ri bo‘lgan, men uchun. Eng omadsiz klub? Menimcha, “Tambov” desam bo‘ladi. Chunki u erda eng kam o‘ynadim, shunisi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, “Tambov”da ko‘p jarohat ham oldim. Futbolchilarda noto‘g‘ri tanlovlar bo‘lib turadi-ku, menda ham shunday bo‘lgan. “Tambov” – noto‘g‘ri tanlov bo‘lgan. U erda menga hech nima yoqmagan. Qandaydir g‘alati edi. Bu bilan “Tambov” klubini yomonlamoqchi emasman. Biroq men uchun futbolchi sifatida omadsiz jamoa, deb hisoblayman.
Galiulin yuqorida aytib o‘tganimizdek, Rossiyada 15 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelyapti. O‘zbekistonlik ancha-muncha o‘yinchi buncha vaqt bu erda qolib ketmagan. Shuning uchun boshqalarga qaraganda, Rossiya futbolini yaxshiroq biladi. Shunday ekan, rossiyaliklarning aslida o‘zbek o‘yinchilariga munosabati qanday? Bizning futbolchilarga qay darajada ishonishadi?
- Rossiyada o‘zbekistonlik futbolchilarga qanday qarashadi? Qaysi millatdan bo‘lishidan qat’i nazar, har bir o‘yinchiga bir xil qaraladi. Eng muhimi, o‘yinchi o‘zining saviyasini ko‘rsatishi kerak. Bu o‘zbek bo‘ladimi, tojik yoki qirg‘izmi farqi yo‘q. Mana, Odil Ahmedov ham muvaffaqiyatli to‘p surib ketdi. Vitaliy Denisov ham. Geynrix ham o‘ynadi. Ko‘plab hamyurtlarimiz to‘p surdi. Eldor Shomurodov Rossiyada o‘zini ko‘rsatib, “Jenoa”ga ketdi. Hozirda Oston O‘runov ham o‘ynayapti. Ular futbolchi ajratmaydi. Kim o‘zini ko‘rsatsa, albatta imkoniyat beriladi, - deya javob qaytardi Vagiz.
Oston O‘runov Rossiyaga ketgach, “Ufa”da yarim mavsum to‘p surdi va “Spartak”ka ketdi. Oxirgi paytlarda esa hamyurtimiz atrofidagi gap-so‘zlar barchaga ayon. Sergey Yuran uning yoshi borasidagi gapi jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi. Galiulin ushbu hamyurtimiz borasida qanday fikrda? “Spartak”da qanchalik o‘rnini topa oladi? Bu xususida “Rubin”ning sobiq o‘yinchisi shunday dedi:
- Oston O‘runov to‘g‘risida? Birinchidan, u juda yaxshi o‘yinchi, uni bilaman. “Ufa”da to‘p surgan. Bu klubda esa meni ko‘plab do‘stlarim bor. Chunki o‘z vaqtida men ham “Ufa”da ikki yil o‘ynaganman. Murabbiylar orasida ham tanishlarim bor. Har doim aloqadamiz, telefon orqali ham gaplashib turamiz. Ular Oston to‘g‘risida juda yaxshi gapirishgan. Yaxshi futbolchi ekanligini bilishgan. O‘sishiga ishonishgan va Evropa maydonlarida to‘p surishini taxmin qilishgan. Uning o‘yinlarini ko‘rdim, hammasi yaxshi. Lekin “Spartak” klubiga o‘tish orqali u oldinga tezlik bilan katta qadam tashladi. “Spartak”da ham o‘ziga yarasha yaxshi ijrochilar bor, O‘runov ham ulardan biri. Raqobat esa kuchli. Ostonga moslashishiga vaqt kerak, menimcha. Agar moslashuv jarayonidan o‘tib olsa, “Spartak”da ham o‘ynab ketadi. “Ufa”dagilar aytishdiki, futbolchi sifatida unda hamma narsa bor. Harakat qilsa, maqsadlariga erishishi mumkin, Xudo xohlasa. Yuranga kelsak, u Rossiyada har xil gaplarni gapirib yuradi. Uni eshitmaslik kerak, ming yaxshi futbolchi bo‘lsangiz ham kimdir sizni yomonlaydi, tanqid qiladi. Bu hamma joyda bor. Shu bois bunday qitmirona gaplarni eshitmaslik lozim, boz ustiga Yurandan. Oston unga e’tibor qilmasdan, yanada o‘sishga harakat qilsin. Futbolda yoshning farqi yo‘q. Necha yoshda bo‘lsa ham maydonga chiqib o‘z saviyasini ko‘rsatishi kerak. Boya aytganimdek, Oston yaxshi futbolchi. Menimcha, uni “Spartak”ka o‘tgani yaxshi bo‘ldi. Yuran bunday gapirmasligi kerak edi. Professional murabbiydan bu kabi fikrlar chiqqani chiroyli bo‘lmadi. Rossiyada ham Yuranni nega bunday gapirganiga tushunishmadi. Bu erdagi futbolchilar ham uning o‘sha gapi uchun rosa tanqid qilishdi. Murabbiyni o‘zi ham keyin noto‘g‘ri gapirib qo‘yganini bilgandir. Yuqorida aytdimku, Yuranni gapini eshitmaslik lozim. Maydon va to‘p bor, demak o‘z saviyangni ko‘rsat, yoshning mutlaqo ahamiyati yo‘q. O‘runovga omad tilayman.
Maqolamiz qahramoni 33 yoshda. Vaqt oliy hakam. Qiziq, u faoliyatini Rossiyada tugatmoqchimi yoki O‘zbekistondami?
- Faoliyatimni qaerda tugatishimni bilmayman. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Qolaversa, ertaga nima yuz berishini aytib bera olmaymiz-ku. Xudoga shukr, asosiysi, o‘ynayapman. Aytyapman-ku, futbolda yosh hech nimani hal qilmaydi. Savolingizni tushunyapman, vaqti kelyapti. Lekin hozir javob bera olmayman. Balki “Andijon”ga kelib yordam berarman. Yoki umuman boshqa joyda o‘ynab tugatishim mumkin. Oldindan bilib bo‘lmaydi. Shunisiga ham shukr, deb turibman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Galiulin bilan jurnalistlar suhbatlashganda doim terma jamoa haqida savol beriladi. Har holda Vagizning milliy termamiz safida to‘p surganiga ancha bo‘ldi. U termadagi faoliyatini tugatdimi yoki hali ham chaqirishlariga umid qilyaptimi?
- To‘g‘ri, terma jamoa to‘g‘risida ko‘plab savollar bo‘lgandi menga. Har doim intervyu berganimda terma jamoada to‘p surishni xohlashim haqida gapirib kelaman. Hozirgacha ham shunday. Agar chaqirsa, yordam bera olaman. Bu savolga yana o‘sha gapimni qaytaraman: agar meni taklif qilishsa, hech qachon yo‘q, demayman. Hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilaman.
Vagiz Rossiyadagi faoliyati davomida ko‘plab taniqli murabbiy va futbolchilar bilan birga to‘p surgan. Shu o‘rinda undan birga ishlagan eng yaxshi uch nafar murabbiy va futbolchilar kimlar ekanligi haqida ham so‘radik.
- Eng yaxshi murabbiylar: Qurbon Berdiev, Dmitriy Parfyonov va Yuriy Utkulbaev. Eng yaxshi futbolchilar: Gyokdeniz Karadeniz, Sergey Semak, Pavel Pogrebnyak.
Futboldan keyin o‘zini qanday tasavvur qiladi? Vagiz Galiulinni keyinchalik qanday rolda ko‘rishimiz mumkin?
- Buni vaqt ko‘rsatadi. Bu to‘g‘risida hali o‘ylamaganman. Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. To‘g‘risi, bunday savollarga javob berishni yomon ko‘raman. Oldindan nima bo‘larkin, deb gapirgim kelmaydi, - deya fikr bildirdi.
Fikrlar