
Viktor Jalilov "Mash’al"da!
Ma’lumki, oxirgi paytlarda Muborakning “Mash’al” klubiga yangi bosh murabbiy sifatida kimni tayinlanishi ko‘pchilikni qiziqtirib kelayotgandi. Boisi, o‘tgan yili pro-ligada “Mash’al”ga bosh murabbiylik qilgan Asror Aliqulovda “Pro” litsenziyasi yo‘qligi sababli u Superligada ushbu lavozimda ishlay olmasdi. Natijada Asror Chorievich jamoa bilan xayrlashgandi.
“Mash’al” esa bosh murabbiy lavozimiga xorijdan mutaxassis izlayotgani hech kimga sir emasdi. Bu borada klub rahbariyati ham evropalik murabbiylar bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida ma’lum qilgandi. Lekin keyinchalik voqealar rivoji boshqacha tus oldi va rahbariyat jamoaga o‘zimizdagi taniqli mutaxassislardan biri tajribali Viktor Jalilovni taklif qilishni ma’qul topishdi.
O‘tgan yili “Lokomotiv” jamoasida faoliyat olib borgan ushbu murabbiyni hamma yaxshi taniydi. U o‘z vaqtida “Mash’al” klubida ham samarali ish olib borganini ishqibozlar hali unutishmagan bo‘lsa kerak. Muborakliklar esa Jalilov bilan yana bir bor hamkorlik qilishga bel bog‘ladilar. Lekin gap shundaki, Viktor Romanovich bosh murabbiylik lavozimida ishlasa ham natija uchun javobgar hisoblanmaydi. Bu borada Dilyaver Vaniev barcha mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladi. Jalilov esa bu borada unga o‘z maslahatlari bilan ko‘maklashadi. Umuman olganda, murabbiylar shtabida Dilyaver Vaniev, Viktor Jalilov va Botir Qoraev birgalikda ish olib boradilar.
Shuningdek, tarkibga bir qator legioner o‘yinchilar ham qo‘shilishgan. Ma’lum bo‘lishicha, ular Evropa va Afrikadan kelishgan. Jamoa a’zolari Muborakdagi yig‘inni yakunlab 3 fevraldan Toshkentda navbatdagi tayyorgarlik bosqichiga kirishadilar. U erda esa bir qator nazorat uchrashuvlari ham tashkillashtiriladi.
Fikrlar