Viktor Kumikov: "Paxtakor"ga qarshi qanaqasiga o‘yin bo‘lsin? Axir klubda birgina nigeriyalik o‘yinchi qolgan-ku!
“Andijon” klubidagi vaziyat og‘ir. Moliyaviy muammolar jiddiyligi sababli “Andijon”ning Superligada ishtirok etishi so‘roq ostida turibdi. Futbolchilar esa tarqatib yuborilgan. Bu esa jamoadagi vaziyat rostdan ham jiddiyligini ko‘rsatib turibdi.
Nahotki, klubni qutqarib qolishning iloji bo‘lmasa?! Bu yoqda esa mahalliy muxlislar qattiq iztirob chekishmoqda. Ertaga esa Superliganing 13-turi doirasida “Andijon” “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushishi kerak edi. Lekin bugun U-21 jamoalari o‘rtasidagi o‘yin o‘tkazilmadi. Biz esa “Andijon” klubi bosh murabbiyi Viktor Kumikov bilan bog‘lanib, asl vaziyat qandayligi haqida surishtirdik.
- Viktor Balyutovich, klubga nima bo‘lyapti? Futbolchilarni siz qo‘yib yubordingizmi yoki bu rahbariyatning qarorimi?
- Men qanday qilib o‘yinchilarni qo‘yib yuboray? Bari rahbariyat tomonidan berilgan buyruq. Ular futbolchilarni ketkazib yuboringlar, dedi, biz esa buni bajardik. Hozir jamoada nigeriyalik bir o‘yinchi, jamoa boshlig‘i va men qoldim xolos. O‘zimiz hech narsani bilmaymiz. Shunchaki, bizga buyruqni bajaringlar deyishdi xolos. Shu bois biz buyruqni bajardik, endi nima bo‘ladi, buni bilmaymiz.
- Demak, ertaga “Paxtakor”ga qarshi jamoangiz o‘ynamas ekan-da?
- Ha, shunday deb o‘ylayman. Axir qanaqasiga o‘yin bo‘lsin? Chunki klubda birgina nigeriyalik o‘yinchi qolgan-ku! Yuqorida aytganimdek, men va jamoa boshlig‘i, bir o‘yinchi bilan qanday qilib “Paxtakor”ga qarshi to‘p surishimiz mumkin?

- Bunga qadar o‘yinchilar oylik maoshlardan to‘planib qolgan qarzlar tufayli maydonga tushishni istamagan holatlari ham bo‘lganmi?
- Yo‘q, bunday holat kuzatilmagan. Bizdagi vaziyat ishchi holatida edi. Hamma gap klubning ertangi kuniga bog‘lanib qolgandi. Yaxshisi, bularning barchasi haqidagi ma’lumotlarni rahbariyat aytib berishadi. Men esa vaziyatning ikir-chikiridan bexabarman. Qolaversa, yuqoridagilar menga hech narsa deyishgani yo‘q. Shunchaki, rahbariyat tomonidan o‘yinchilarga javob berib yuboringlar degan buyruq bo‘ldi. Shundan boshqa hech kim menga gapirmadi.
- Futbolchilar va siz murabbiylar shtabi vakillari qanchadan beri maosh olmayapsizlar?
- Uch oy: iyun, iyul va avgust. Klubning yana boshqa qarzdorligi bor-yo‘qligidan xabardor emasman. Mana shunday moliyaviy muammolar tufayli hech kim ajablanmasdan o‘z ishini bajarardi, futbolchilar to‘p surishda davom etardi, biz murabbiylar ishlardik. Lekin eb-ichish, tirikchilik uchun pullar yo‘q edi. Bunday paytda ta’minot haqida gapirishga hojat yo‘q. Bundan keyin nima bo‘lishini bilmayman. Hammasini rahbariyat hal qiladi.
- Klubni qutqarib qolish uchun umid bormi?
- Shundan umid qilyapmiz. Lekin kecha va bugun hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Balki bu hafta nimanidir hal qilishsa kerak.
- Bunday sharoitda o‘zingiz nima qilmoqchisiz?
- Agar jamoa tarqatib yuboriladigan bo‘lsa, nima ham qilardim? Men o‘z ishimni qildim.
- Biror-bir rejangiz bormi?
- Hozircha bu borada biror narsa deya olmayman. Hammasi uzil-kesil hal bo‘laversin-chi. Shundan keyin vaziyatga qarab rejalar tuzishim mumkin.

- “Andijon”da ish boshlashdan oldin klubda moliyaviy muammolar borligidan xabaringiz bormidi?
- Ha, xabardor edim. Biroq vaziyat iziga tushib ketadi deb o‘ylardim. Baxtga qarshi vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmadi. Aksincha, safar o‘yinlariga borib kelish uchun ham pul bermay qo‘yishdi, bizni unutishdi.
- Butun boshli viloyatda bir klubni saqlab qolishning iloji yo‘qligi sizni ajablantirib qo‘ydimi?
- Albatta, axir men bunday holatni faoliyatim davomida birinchi bor ko‘rib turibman. Vaholanki, 30 yildan beri murabbiylik qilib kelaman. Bunday holatni ilgari hech qaerda ko‘rmagandim. Ustiga-ustak bu viloyat bosh klubidir.
- Agar “Andijon” “Qo‘qon-1912”ni yutganida vaziyat yaxshi tomonga o‘zgargan bo‘larmidi?
- Gap “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yinga borib taqalmaydi. Agar qarzdorliklar undirilganida o‘yinimiz ham boshqacha chiqqan bo‘lardi. Mavhumlik, maoshlar bilan bog‘liq qarzdorlik o‘yinchilarning ruhiyatiga yomon ta’sir ko‘rsatdi. Bunday sharoitda kim ham jon kuydirib o‘ynardi?

Fikrlar