
Vitaliy Levchenko: "Jamoada teng kuchli 20 nafar futbolchi bor"
O‘zbekiston Superligasi 3-turi doirasida o‘z maydonida "Metallurg"ni kichik hisobda mag‘lub etgan "Neftchi" klubi ustozi Vitaliy Levchenko, g‘alaba, raqib, tarkibdagi rotatsiya va Toshmirzaevning o‘yini haqida fikr bildirdi.
"Juda qiyin kechgan bahsda g‘alaba qozona oldik. "Metallurg" juda yaxshi darajadagi jamoa. Umuman, raqiblarimiz so‘nggi bahslarda bizni puxta o‘rganishayotgani, o‘yinlarimizni jiddiy tahlil qilishayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bugun jamoam oxirigacha kurashdi, sabr qildi, o‘z vaziyatini kutdi va yakunda haqli g‘alabaga erishdik. Juda muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdik.
Meni xursand qilayotgan jihat – jamoada teng kuchli 20 nafar futbolchi bor. Asosiy tarkib uchun raqobat va kurash borligi xursand qilmoqda. Albatta, kimdir asosiy tarkibga kira olmasa, bunga salbiy qarashi va xafa bo‘lishi mumkin. Bu futbol. Normal holat. Biz futbolchilarga buni tushuntiryapmiz. Asosiy tarkibda kim tushishi qiyin tanlov. Ammo, kim asosiy tarkibda tushsa ham, borini berib o‘ynamoqda.
Toshmirzaev ancha tezkor va harakatchan futbolchi. Unga ma’lum vazifalar berilgandi. Ammo, sariq kartochka olgani uchun tavakkal qilmadik va almashtirdik. O‘yin tempi yuqori ekani va uni yana ogohlantirilishi chetlatilishiga sabab bo‘lishini o‘ylab shunga qaror qildik.
Asosiy tarkibda maydonga tushayotgan ayrim futbolchilar borasida savollar bo‘lishi tabiiy. Ammo, mavsum uzunligi va ayni damdagi futbolchilar holati tarkib tanlashda muhim faktor hisoblanadi. Hali oldimizda uzun mavsum turibdi. Kubok uchrashuvlari bor. Tarkib tanlash uchun ko‘p omillarga tayanishga majburmiz.
Raqib tarkibida Shahzod Ubaydullaevning harakatlari yoqdi. "Neftchi"da o‘ynagani uchun darajasini yaxshi bilaman. Bugun ham bizning himoyachilarni qiynadi.
O‘zPFL matbuot xizmati.
Fikrlar