Xabi Alonso 12 futbolchini jamoadan chetladi
Yangi mavsumda “Chelsi” evrokuboklarda ishtirok etmaydi. Shu bois bosh murabbiy Xabi Alonso ixcham tarkib bilan ishlashni ma’qul ko‘rmoqda. Ayrim pozitsiyalarda esa futbolchilar soni sezilarli darajada ortib ketgan.
Shunday pozitsiyalardan biri markaziy hujumchi o‘rni hisoblanadi. Alonso bu yerda “Chelsi”da daxlsiz futbolchi hisoblangan Joao Pedroga hamda “Brayton”dan taklif etilgan Denni Uelbekka tayanishni rejalashtirmoqda.
The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, bir necha kundan buyon “Chelsi”ning 12 nafar futbolchisi asosiy jamoadan alohida mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Delap va Jekson ham aynan shu guruhda qayd etilgan.
Delap, Jekson va ular bilan birga mashg‘ulot o‘tkazayotgan futbolchilar hanuz asosiy jamoaning kiyinish xonasi va boshqa infratuzilmasidan foydalanishmoqda. Ular Kobxemdagi baza hududida joylashgan akademiya binosiga yuborilmagan.
Avvalroq “Chelsi”da “bomb squad” (“istalmagan futbolchilar guruhi”) deb atalgan tarkibda Aksel Disasi, Trevo Chaloba va Rahim Sterling kabi futbolchilar bo‘lgan.
Ko‘rinib turibdiki, “Chelsi” har ikki hujumchisi bo‘yicha keladigan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Delapga “Everton”, “Nyukasl” va “Nottingem Forest” klublari qiziqish bildirmoqda. Jekson esa “Aston Villa”da Unay Emeri bilan yana birga ishlashi mumkinligi haqidagi xabarlar bilan bog‘lanmoqda.

Fikrlar