Xitoy avtogiganti “Formula-1”ga qo‘shilishni reja qilmoqda
Dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Xitoyning BYD kompaniyasi katta avtosportga, jumladan, Formula-1 va chidamlilik poygasiga kirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqida vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, “Bloomberg” xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mumkin bo‘lgan ssenariylar orasida o‘z jamoasini yaratish yoki mavjud jamoani sotib olish ham bor. BYD uchun potensial to‘siq "Qirollik poygalari"da qatnashish narxi bo‘lishi mumkin. Bolidni ishlab chiqish va ishga tushirish ko‘p yillik muzokaralarni talab qiladi va bir mavsum uchun 500 million dollargacha bo‘lishi mumkin.
Agar BYD Formula-1'ga qo‘shilsa, u Xitoy ishlab chiqaruvchisining Yevropa va Amerika jamoalari ustunlik qiladigan sportda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishiga kamdan-kam uchraydigan misol bo‘ladi. Avvalroq Xitoyning boshqa kompaniyalari ham avtosportga qiziqish bildirgan edi: “Geely Cyan Racing” orqali xalqaro turing poygalarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda va "Nio" 2015 yilda Formula-E debyut mavsumida chempionlikni qo‘lga kiritdi.
BYD kompaniyasining yakuniy qarori hali qabul qilinmagan va kompaniya istalgan poyga seriyasiga kirishdan bosh tortishi mumkin. BYD vakili “Bloomberg”ning izoh so‘roviga javob bermadi.
Xitoy giganti ning avtosportga bo‘lgan qiziqishi 2024 yilda bosqich Shanxayga qaytarilgandan so‘ng Xitoyda Formula-1 mashhurligining oshishi va birinchi xitoylik poygachi Guanyu Chjou ning paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda to‘g‘ri keladi. FIA rahbari Muhammad Ben Sulayem avvalroq xitoylik ishlab chiqaruvchining paydo bo‘lishi "Kadilak" kelganidan keyin seriya uchun mantiqiy keyingi qadam bo‘lishini aytgan edi.
Fikrlar