
Xomyakov "Andijon"ning "Paxtakor"ga yutqazganiga qanday izoh berdi?
Superliganing 10-turida o‘rin olgan “Andijon” – “Paxtakor” (1:3) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ishtirok etdi.
- “Paxtakor”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Ular bizdan ustun kelishdi. Uchrashuv haqida nima deyishim mumkin? O‘yinni bunday start bilan boshlamasligimiz kerak edi. Tezkor gol o‘yinni borishiga ta’sirini ko‘rsatdi. Bir qator imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Ayrim vaziyatlarda raqib posboni yaxshi harakat qildi. To‘p darvozaga kirishni istamadi. Birinchi taymda o‘rtadagi noaniq harakatlar salbiy natijaga zamin bo‘ldi.
- Andijonlik ishqibozlar xususida hamma joyda gapirishyapti. Ular haqida nima deya olasiz?
- Jamoamiz muxlislari etakchilardan biri. Maydonda doim 12-o‘yinchiga aylanadilar. Biz buni qalban his qilib turamiz. Har safar maydonga ularni xursand qilish uchun tushamiz. Biroq doim ham o‘ylaganlarimiz amalga oshavermaydi. Ularni stadionda yaratayotgan muhiti nihoyatda yoqimli. Bunday muhitda to‘p surish har qanday jamoa uchun foydali. Bizning ishqibozlarimiz eng zo‘ri. Ular g‘alaba qozonishimiz uchun to‘xtamasdan harakat qilishayotganini bilamiz. Jamoamizda ishqibozlar bilan yaxshi ish olib boriladi.
- Barcha gollar markaziy himoyachilarning xatosi bilan kiritildi. Tarkibda rotatsiya qilish rejangiz bormi?
- To‘g‘ri, uchta gol o‘tkazdik. Biroq bular o‘ta qo‘pol xatolardan keyin urildi, deb o‘ylamayman. Faqat himoyachilarnigina xato qildi, deb ayta olmayman. Bu ayb butun jamoaniki. “Paxtakor”ning o‘yinlarini kuzatib, o‘rganib chiqqandik. Qarshi hujumlarda gollar o‘tkazdik. Uchinchi gol himoyachini aybi bilan bo‘ldi. Bu erda rotatsiya qilish imkoniyati yo‘q edi.
- Maydonga tushmayotgan Sunnatilla Abdullajonov, Suhrob Berdiev, Marlen Chobanov singari futbolchilar nega maydonga tushirilmayapti?
- Imkon qadar optimal tarkibni yig‘ib maydonga tushirishga harakat qilyapman.
- Nima uchun o‘rinbosarlar o‘yinini kuzatmaysiz?
- Agar men o‘yinlarni kuzatish uchun stadionga kelmayotgan bo‘lsam, bu yoshlar uchrashuvlarini nazorat qilmayapman degani emas. U erda kimlar o‘ynayotganini yaxshi bilaman. Imkoniyatlarimiz xususida to‘liq ma’lumotga egaman. Yordamchilarim o‘yinlarni kuzatishyapti va menga qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib turadilar.
- Shaxrom Samiev qaydnomada ham yo‘q edi. Nima uchun?
- O‘tgan o‘yinda jarohat oldi. Keyin Tojikiston terma jamoasiga chaqirildi. Ular chaqirishdi va tibbiy nazoratdan o‘tishini ta’kidladilar. Shu bois terma jamoa ixtiyoriga ketgan. U erdan qaytgach, o‘ylaymanki hammasi yaxshi bo‘ladi.
Fikrlar