Xomyakov "dahshatli" vodiy derbisidan keyin nima dedi?

  • 13 may, 2024, 01:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

“Neftchi” – “Andijon” (2:2) o‘rtasidagi vodiy derbisidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida bir qator savollarga javob qaytardi.

- Bu o‘yinda g‘alabani qanchalik ushlab qolishga harakat qilmaylik, baribir uddasidan chiqa olmadik. Afsuski, to‘p o‘tkazib yuborganimizdan keyin nazoratni yo‘qotdik. Raqib xatolarimizdan foydalanib, bizni jazoladi. Juda alamli bo‘ldi. Yutishni nihoyatda xohlagandik.

- Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘zlarini qanchalik oqladilar?

- Bu borada hozir fikr bildirishim ancha mushkul. Avval vaziyatlarni to‘liq o‘rganib chiqqanimdan keyin gapirishim mumkin. Uchrashuv davomida uchta himoyachi bilan ham o‘ynashga majbur bo‘ldik. Vaziyatdan kelib chiqib yana bir markaziy himoyachini ham maydonga tushirdik. Havodagi to‘p uchun kurashlarda yaxshi harakat qilayotgandik. Ba’zi joylarda kamchiliklar ko‘rinib qoldi. Biz maydon markazini to‘liq nazorat qila olmay qoldik. Shunday ekan, hozirgi qizg‘in paytda holatni to‘liq izohlab berishim qiyin. Balki ayrim vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘ygandirman yoki futbolchi almashtirayotganimizda boshqacharoq yo‘l tutishimiz kerakdir.

- Jamoa erta himoyaga o‘tib oldi. Shuningdek, bellashuvning eng yaxshi futbolchisi kim?

- To‘g‘ri, ammo faqat himoyaga yotib olish haqida topshiriq bo‘lmagan. Faqat o‘rni kelganda himoyalanishimiz ham kerak edi. Birinchi taymda ancha aqlli himoyalandik. Bitta standart vaziyatni hisobga olmaganda qolgan holatlarda raqibga deyarli imkoniyat qoldirmadik. Kuchli raqibga qarshi o‘ynash ancha qiyin bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limni ham xuddi birinchisi kabi davom ettirayotgandik. Qarshi hujumlarni hisobga olgandik. Chunki raqib hujumga o‘tishini bilardik. Maydonning ikkinchi qismida yanada yaxshiroq harakat qilishimiz kerak edi. Lekin unutmaylikki, “Neftchi” ham klass bo‘yicha darajasi yuqori jamoa hisoblanadi. Ular o‘z o‘yini bilan bizni xato qilishga majbur qildilar. Qarshi hujumlarga o‘tib ketishni rejalashtirgandik. Biroq bu ikkinchi bo‘limda to‘liq o‘xshamadi.

- “Neftchi”da eng yaxshi o‘yinchi deb kimni ayta olasiz?

- Bir nima deya olmayman. Men “Neftchi” o‘yinchilarini kuzatmadim. Faqat o‘z futbolchilarimga e’tibor qaratdim.

- U holda “Andijon”dan kimni eng yaxshisi deb ayta olasiz?

- Alohida kimnidir aytishim qiyin. Barcha yigitlar yaxshi o‘yin ko‘rsatdilar. Biz umumiy sifatni yaxshilashimiz kerak. Bu uchrashuvda ayrim narsalar etishmay qoldi. Hujumkor o‘yin bo‘ldi.

- Oxirgi daqiqalarda jamoangiz nima uchun faqat himoyaga e’tibor qaratib, o‘yinni “tashlab” yubordi.

- Biz intensiv futbol o‘ynayapmiz. Jamoaviy o‘yinimizdagi muammolarimizni o‘zim yaxshi bilaman.

- Jismoniy tomondan to‘liq tayyor emasdek ko‘rindi...

- Qanday qilib? Ular jismoniy jihatdan o‘yinga tayyor edilar. Kim qancha yugurganini ham ko‘rib chiqishimiz mumkin. To‘g‘ri, ayrim kamchiliklarimiz bor. Shularni bartaraf eta olsak, ishoning, jamoa juda ham zo‘r holatga chiqib oladi. Hozircha asta-sekinlik bilan bo‘lyapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!