Xomyakov Muborakka qaytadimi? "Mash’al" karantin davrida futbolchilariga oylik maoshlarini to‘lashda davom etadimi? Klub bosh direktori masalaga oydinlik kiritdi

  • 30 mart, 2020, 10:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Ikki yillik tanaffusdan so‘ng yana kuchlilar orasiga qayta olgan Muborakning “Mash’al” jamoasi Superligadagi debyut mavsumini yomon boshlamadi. Ortda qolgan uchta turdan keyin ularning hisoblarida bittadan g‘alaba, durang hamda mag‘lubiyat bor. Shuni unutmaslik lozimki, muborakliklar asosan mahalliy tarbiyalanuvchilarining xizmatiga tayanishmoqda. Ularning orasiga esa bir qator legionerlar qo‘shilganini ham unutmaslik darkor.

Yana bir e’tiborli tomoni esa bu murabbiylar masalasi bilan bog‘liq edi. Ma’lumki, ayni paytda “Mash’al”ning murabbiylar shtabida Dilyaver Vaniev, Zoir To‘raqulov, Botir Qoraev kabilar faoliyat ko‘rsatishmoqda. Ammo oxirgi paytlarda “Andijon”ni tark etgan Aleksandr Xomyakovning “Mash’al”ga qaytishi mumkinligi borasida ham gap-so‘zlar yo‘q emasdi.

Barcha yaxshi biladiki, ushbu mutaxassis 10 yil davomida “Mash’al” klubida ishlagan holda o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgandi. Faqat o‘tgan mavsumning yarmida Superligada ishlash istagida bo‘lgani sababli “Andijon” taklifini qabul qilgandi. Muborakliklar esa Superligaga chiqishgach, endi ularga ham malakali mutaxassis zarur bo‘lishi taxmin qilinayotgandi. Ayniqsa, Xomyakovning “Andijon”dan ketganidan so‘ng uning qaysi klubda ishlashi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, u sobiq klubiga qaytadimi? Shu masala bo‘yicha “Mash’al” klubining bosh direktori Ilhom Qurbonov bilan bog‘langanimizda, vaziyatga quyidagicha munosabat bildirdi:

- Tan olaman, yil boshida Xomyakovni “Mash’al”ga qaytarish niyatimiz bor edi, - deya gap boshladi Qurbonov. - Shu maqsadda “Andijon” klubi rahbariyati bilan aloqaga chiqib, bosh murabbiyni qaytarish masalasida gaplashgandik. Ammo o‘sha paytda ular Xomyakov o‘zimizga ham kerak deb ruxsat berishmagandi. Buning ustiga Aleksandr Andreevichning “Andijon” bilan amaldagi shartnomasi ham bor edi. Shuning natijasida murabbiy shartnomasining oxirigacha ishlaydi deyishganidan so‘ng bu masala yopilgandi. Shartnoma bandida esa uni bekor qilish uchun to‘lanadigan tovon puli ham bo‘ladi. O‘shanda bu masalani ham gaplashamiz deb aytgandim, shunda ham qo‘yib yuborishga rozi bo‘lishmagan. Hozirgi kunda esa klub bilan hech qanday aloqamiz yo‘q. To‘g‘ri, Xomyakov bilan do‘stmiz, 10 yil davomida birga ishladik. O‘rtamizda iliq munosabat saqlanib qolgani sababli haftada bir-ikki marta gaplashib, hol-ahvol so‘rab turamiz yoki bo‘lmasa ish jarayoni xususida maslahatlashamiz. Lekin shu kungacha u bilan biror marta qaerga ketyapsan yoki qaerda ishlaysan deb gaplashganimiz yo‘q. Hozirda esa o‘zimizdagi murabbiylarimiz yomon ishlashayotganlari yo‘q. To‘g‘ri, jo‘jani kuzda sanaymiz degan gap bor. Hali etakchilar bilan o‘ynamagan bo‘lsak-da, o‘yinimiz chakki emas. Ammo hali ortda qolgan uchta turdan keyin aniq bir xulosa chiqarish ham qiyin. Shunday ekan, o‘zimizning murabbiylarimiz eplab turishibdimi, demak Xomyakovni qaytarish niyatimiz yo‘q. Ammo yuqorida aytganimdek, faqat mavsum avvalida olib kelmoqchi edik, endi esa vaziyat o‘zgardi.

O‘ylaymizki, Xomyakov masalasida “Mash’al”ning pozitsiyasi ma’lum bo‘ldi. Endi yana bir jihat borki, bizningcha, bu barcha klublarni o‘ylantirayotgan bo‘lsa kerak. Ya’ni, hozirgi karantin davrida klub futbolchilarga oylik maoshlarini to‘lashda davom etyaptimi? Bu borada “Mash’al” qanday yo‘l tutmoqda? Ushbu masalaga ham Qurbonov o‘z munosabatini bildirdi.  

- Bu masalaga ikki tomonlama yondashish kerak. Masalan, futbolchining ham oilasi, bola-chaqasi bor. Shartnoma tuzilayotganda esa bunday karantin bo‘lishini hech kim o‘ylamagandi ham. Agar men futbolchiga oylik maosh to‘lamayman desam, u oilasini qanday boqadi, degan savol turadi. Endi masalaning ikkinchi tomoniga qarasak, hozirgi karantin davrida klub o‘yinchiga oylik maosh to‘lasa, bundan jamoaga qanday foyda bor? Endi bitta yo‘li qolyapti, u ham bo‘lsa, klub futbolchilar bilan gaplashib, vaziyatni maslahatlashgan holda qandaydir chorasini ko‘rish. “Barselona”ni ko‘rib turibsiz, uch oy davomida futbolchilarga to‘lanadigan oylik maosh saqlanib qoladigan bo‘lsa, klub bankrot deb e’lon qilinishi mumkin degan xabarlarni ham o‘qiyapmiz. Chunki futbol to‘xtatilgani sababli klub hech nimadan foyda olayotgani yo‘q. Bizda ham shunga o‘xshash holat. Ammo ertaga biz bilan shartnoma tuzgan futbolchilar shu masala bo‘yicha ertaga FIFAga yozadigan bo‘lishsa, ular yutib chiqishadi. Bunday paytlarda shartnomalar masalasida ko‘proq o‘yinchilarning foydasi himoya qilinadi. Shu bois hozirda bu borada aniq bir gap aytishim qiyin. Karantin umuman rejadan tashqari holatda yuz berdi. Ammo biz bu vaziyatda yana o‘ylab ko‘ramiz hamda ikki tomonga ham qulay variantini ma’qullaymiz. Jamoamizdagi legionerlarimiz ham karantinda. Qolgan o‘yinchilarimiz esa uylarida. Ammo hech kim karantin qachon tugashini bilmaydi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!