Xorvatiyalik "Eynshteyn": "O‘zbekiston favoritlar qatorida, Osiyo Kubogida kuchli jamoalar jamlangan va biz ulardan birimiz"

  • 23 dekabr, 2023, 10:01
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

2024 yilning yanvar oyida Qatarda Osiyo Kubogi musobaqasi start oladi va qit’amizning eng yirik turniri boshlanishini barcha intizorlik bilan kutyapti. Ayni paytda musobaqa ishtirokchilari tayyorgarlik ishlarini qizg‘in ravishda olib borishmoqda.

Yon qo‘shnimiz – Tojikiston ham xuddi O‘zbekiston terma jamoasi singari BAAda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib bormoqda. Osiyo Kubogida debyutini o‘tkazishga tayyorlanayotgan tojikistonliklarni kuzatish ham qiziqarli.

Shu bois mamlakat terma jamoasi bosh murabbiyi, “xorvatiyalik Eynshteyn” laqabini olgan Petr Segrt vaqti tig‘izligiga qaramay, Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raevning savollariga javob qaytardi.

- Suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun tashakkur. Siz ham Tojikiston singari ilk bor Osiyo Kubogida ishtirok etasiz. Turnir oldidan nima deya olasiz?

- Hozircha birinchi navbatda bitta narsa aniq: men juda xursandman va faxrlanaman. Tojikiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida birinchi marotaba Osiyo Kubogida qatnashadi. Umid qilamanki, Tojikiston kelgusi yillar davomida muntazam ravishda Osiyo Kubogida ishtirok etadi. Biz ushbu musobaqani juda yaxshi o‘tkazishni xohlaymiz. Lekin bilamizki, Xitoy, o‘z uyida musobaqani qabul qilayotgan Qatar va Livan kuchli raqiblar. Ularni hurmat qilishimiz kerak. Umid qilamizki, biz keyingi bosqichga chiqish uchun eng yaxshi holatimizda kurashamiz. Buning uchun bizga barcha futbolchilarimiz kerak va o‘zlarining eng yuqori darajalarida o‘yin o‘tkazishlariga to‘g‘ri keladi. Chunki Osiyo Kubogida qit’aning eng kuchli jamoalari jamlangan va biz hozirda ulardan birimiz. Bundan xursandmiz.

segrt1_1

- Tojikiston terma jamoasi oldiga qanday vazifa qo‘yildi?

- Oldin aytib o‘tganimdek, birinchi navbatda Xitoy haqida o‘ylayapmiz. Keyinchalik o‘yindan-o‘yinga raqiblarimiz haqida bosh qotirishni boshlaymiz. Birinchi navbatdagi maqsadimiz guruhdan chiqish.

- Shu o‘rinda O‘zbekistonning musobaqadagi imkoniyatini qanday baholaysiz? Qolaversa, Osiyo Kubogi favoritlar kimlar?

- O‘zbekiston juda kuchli jamoa. Ular Osiyo Kubogining favoritlaridan biri ekanligini yaxshi bilamiz. Xuddi Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Eron kabi. Ushba termalar Osiyo Kubogini yutish uchun eng katta favortlardan sanalishadi. Lekin shuni ham yodda tutish kerakki, ba’zida syurpriz jamoalar ham katta turnirlarda yuqori natijalarga erishishlari mumkin.

segrt2_2

- Ayting-chi, Osiyo Kubogi finalida qaysi jamoalarni ko‘rmoqchisiz?

- O‘zbekiston va Tojikiston (kuladi). Lekin, menimcha, boshqa jamoalar bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘yishmasa kerak. Ko‘p favoritlar borligini bilamiz. Lekin biz Tojikistondanmiz va Osiyo Kubogida birinchi marotaba qatnashyapmiz. Ko‘proq o‘rganishimiz kerak. Baribir barcha jamoalar o‘zlarining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatishga harakat qilishadi. Agar tanlashim kerak bo‘lsa, o‘z uyida musobaqani qabul qilayotgan Qatarni eng katta favorit sifatida ko‘rgan bo‘lardim. Ammo men hozirdan finalda kimlar o‘ynashi haqida aniq fikrni ayta olmayman. Chunki mening bor e’tiborim Tojikiston bilan bog‘liq va keyingi bosqichga chiqish haqida o‘ylayapmiz.

segrt3_2

- Darvoqe, yakuniy tarkibni aniqlab oldingizmi?

- Albatta, hozir ma’lum emas. Chunki biroz kuzatishimiz va kutishimiz kerak. Tayyorgarlik jarayonida qaysidir futbolchi jarohat olib qolishi mumkin. Xitoyga qarshi uchrashuv oldidan bir nechta boshlang‘ich tarkib futbolchilari mening xayolimda turibdi. Ularni o‘zim uchun aniqlab olganman. Ammo hozirdan bir narsa deb bo‘lmaydi. Shunday ekan, biz 13 yanvarda Qatarda ko‘rib olamiz, kim boshlang‘ich 11 talikda o‘ynaydi?! Rahmat va barcha o‘zbekistonliklarga o‘zimni eng yaxshi tilaklarimni bildirib qolaman. Tojikistonlik muxlislar ham bu intervyuni o‘qishlarini bilaman. Biz ularning ishonchini oqlash uchun harakat qilamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!