Xushyor bo‘l, Kilian! Mbappeni o‘grilamoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga tushdi
18 yoshli L.Kleman bir qator boy shaxslarni, jumladan «Real» hujumchisi Kilian Mbappeni o‘g‘rilash yoki talon-taroj qilishni rejalashtirgani uchun qamoqqa olindi.
Le Parisien nashri ma’lumotlariga ko‘ra, L.Kleman 26 nafar kishiga nisbatan jinoyat sodir etishni ko‘zlagan guruhning yetakchisi bo‘lgan. Mbappe bilan bir qatorda, noma’lum rep ijrochisi, go‘sht savdogari va bir necha tadbirkorlar ham ehtimoliy jabrlanuvchilar ro‘yxatiga kirgan.
Kleman ijtimoiy tarmoqlarda «Lester Z» taxallusi ostida sheriklariga ko‘rsatmalar berib kelgan.
21 avgust kuni Kleman aprel oyida sodir etilgan soat ustasini talon-taroj qilish ishi bo‘yicha o‘zining bir hamrohi bilan birga rasmiy ayblanuvchi sifatida javobgarlikka tortildi. Tergov jarayonida 11 apreldan 19 avgustgacha bo‘lgan davrda u yana bir necha o‘g‘rilik va odam o‘g‘rilash urinishlarini rejalashtirgani, bu haqida musodara qilingan telefonlar tahlili orqali ma’lum bo‘lgani qayd etilgan.
Sud qaroriga muvofiq, Kleman qamoqqa joylashtirilib, yakka hujraga o‘tkazilgan. Uning gumon qilingan hamrohi esa hibsdan ozod etilgan, biroq sud nazorati ostida qoldirilgan.

Fikrlar