Yana o‘sha Negreyra ishi! La Liga prezidentining bunga munosabati va "Barsa"ni kutib turgan qo‘rqinchili choralar
La Liga prezidenti Xaver Tebasning fikricha, "Barselona" Negreyra ishi tafsilotlariga oydinlik kiritishi lozim.
Avvalroq, 17 aprel kuni "Barselona" matbuot anjumani o‘tkazishni rejalashtirayotgani va unda klub prezidenti Joan Laporta hakamlar qo‘mitasi sobiq vitse-prezidenti bilan birgalikda to‘lovlar borasida jurnalistlarning savollariga javob berishi haqida aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, prokuratura "Barselona" sobiq prezidentlari Xosep Bartameu hamda Sandro Rossel davrida hakamlar qo‘mitasi sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyra bilan to‘lovlar bo‘yicha korruptsion holatlar bo‘lishi mumkinligi yuzasidan sudga murojaat qilgandi. "Ko‘k-anorranglilar" rahbariyati 2001 yildan 2018 yilga qadar Negreyra tomonidan tayyorlangan hakamlar hisoboti uchun doimiy tarzda pul to‘lab kelgani haqida ma’lumotlar bor. 
Xaver Tebas:
"Tushuntirish vaqti keldi. 19 aprel kuni klub vakillari qolganlar bilan gaplashib olishi lozim (Negreyra ishi bo‘yicha La Liganing navbatdan tashqari yig‘ilishi aynan shu sanada o‘tkazilishi rejalashtirilgan).
Bu ispan futboli obro‘siga katta putur etkazishi mumkin bo‘lgan holatdir. Oradan ikki oydan ko‘p vaqt o‘tdi. Ular UEFA va FIFA'ga ko‘plab maktublar yo‘lladi. Ko‘ramiz, ular bizning oldimizda ham vaziyatga oydinlik kirita olarmikan.
Nega klub 20 yildan beri hakamlar texnik qo‘mitasi vitse-prezidentiga millionlab dollar to‘lab keldi? Nega bu janob soliq idorasiga bularning barchasi betaraflikni vujudga keltirish uchun qilingan, deb aytdi? Nima sababdan Negreyraning o‘g‘liga ham klub uchun hisobot yozish vazifasi topshirilgan? Bularning barchasiga tushintirish bersh lozim.
Keling, bular uni qanday amalga oshirishini ko‘ramiz. Boshqa ispan klublari vakillari va OAV kabi men ham hayajondaman", - dedi La Liga prezidenti. 
"Barsleona" ushbu holat bo‘yicha aybdor deb topilsa, bu klub uchun og‘ir zarba bo‘lishi mumkin. Mazkur voqea sodir bo‘lgan taqdirda, La Liga "Barselona"dan ochko olib tashlashi yoki klubni Segundaga tushirib yuborishi mumkin. Shuningdek, UEFA ham kataloniyaliklarni 1-2 mavsumga evrokuboklardan chetlashtirishi mumkinligi haqida xabarlar chiqdi.
Bu kabi choralar klubning moliyaviy holatiga jiddiy zarar keltiradi. Sababi, "ko‘k-anorranglilar" ayni vaqtda moliyaviy tomondan katta zaxiraga ega emas va uzoq muddatli homiylik shartnomalariga ega. Klub evrokuboklarda va La Ligada ishtirok etmagan taqdirda, homiylik shartnomalarining bekor bo‘lishi, shuningdek, teletranslyatsiya va chipta sotuvidan keladigan mablag‘ keskin pasayib ketishi mumkin. 19 aprel kuni barchasiga oydinlik kiritiladi. "Barselona" bilan hammasi yaxshi davom etishi yoki "ko‘k-anorranglilar" tarixida hali bo‘lmagan inqirozli davr boshlanishi mumkin. 
Xudayqulov Karim tayyorladi
Fikrlar