
Yaponiya bosh murabbiyi: "Musobaqaga kuchsiz jamoa kelmagani aniq"
20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi guruh bosqich 1-turidan o‘rin olgan Yaponiya - Xitoy uchrashuvida yaponiyaliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bellashuvdan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida Yaponiya jamoasi bosh murabbiyi Koichi Togashi ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Avvalo, birinchi bahs qiyin o‘tganini aytib o‘tishim kerak. Bu kutilgan edi, to‘g‘ri. Ammo raqib etarlicha qarshilik ko‘rsatdi. Birinchi taymda gol ura olmadik. Shunga qaramay, hujum qilishda davom etdik va kerakli natijani qo‘lga kiritdik. Endi e’tiborimizni navbatdagi uchrashuvga qaratamiz.
Ilk bo‘limda biz hujumlarimizni ijobiy yakunlay olmadik. Tezlikda qaror qabul qilmadik. Ikkinchi taymda raqibga nisbatan tezkor harakat qildik va rejalarimiz ish bera boshladi. Bu muhim g‘alaba bo‘ldi biz uchun.
Biz raqibning uzun paslariga ko‘proq e’tibor qaratdik. Ular shu usuldan foydalandi.
Guruh bosqichida, umuman, turnir davomida hamma raqib biz uchun muammo tug‘dira oladi. Sababi, musobaqaga kuchsiz jamoa kelmagani aniq. Har bir bellashuv biz uchun muhim va katta ahamiyatga ega", - dedi mutaxassis.
Fikrlar