Yaqqol peshqadam va yaqqol autsayder. Maqsadlari umuman boshqa, ammo Superligada omadi chopmayotgan jamoalar
Superliganing 22-turi 20 oktyabrdan yana davom ettiriladi. Yodingizda bo‘lsa, 12 oktyabr kuni “Qizilqum” – OKMK uchrashuvi orqali 22-turga start berilgandi. Chunki olmaliqliklarni O‘zbekiston Kubogi va OChLdagi o‘yinlari sababli “Qizilqum”ga qarshi o‘yini 12 oktyabrga belgilab qo‘yilgan. Oradan 8 kun o‘tgach, turning qolgan bellashuvlari yana davom ettiriladi.
Oxirgi marta 29 avgust kuni “Qizilqum”ni mag‘lubiyatga uchratgan amaldagi chempion – “Paxtakor” klubi shundan beri yutolmayapti. Chempionat doirasida Jizzaxda “So‘g‘diyona” bilan durang o‘ynadi. Keyin o‘z maydonida OKMK bilan 2:2 hisobida yana durang qayd etdi. 21-turda esa “Sherlar” Andijonda yagona gol evaziga mag‘lub bo‘ldi. Bundan tashqari, “Paxtakor” Osiyo Chempionlar ligasida ketma-ket ikkita o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Sentyabr oyidan beri g‘alaba qozona olmayotgan Maksim Shatskix jamoasiga tanqidlar etarlicha, ayniqsa, bosh murabbiyga.
Navbatdagi turda “Paxtakor” endi o‘z maydonida “Turon”ni qabul qiladi. Turnir jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turgan jamoa yaqqol autsayderga aylangan jamoaga qarshi maydonga tushadi va buni kuzatish o‘ziga yarasha qiziq. “Turon”ga ham g‘alaba juda zarur. Oxirgi marta 5 avgust kuni g‘alaba qozongan bo‘lib, o‘shanda “Nasaf”ni mag‘lub etishdi. Biroq shundan so‘ng 1 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etib, muxlislarini ranjityapti. Ularni “Neftchi”ga qarshi bitta zaxira o‘yini ham bor.
Yorqin Nazarov boshchiligidagi yaypanliklar 20 ta uchrashuvda 2 g‘alaba, 7 durang va 11 mag‘lubiyat qayd etgan holda 13 ochko bilan oxirgi pog‘onada. Ligani tark etish uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Ortda qolayotgan har bir tur esa “Turon”ni Superligadan uzoqlashtirib pro liga tomon yaqinlashtirib boryapti.
Aslida “Paxtakor” bilan bahsda g‘alaba “Turon”ga har qachongidan ko‘ra ko‘proq zarur. Lekin buning uchun yaypanliklarni amaldagi chempionni mag‘lub etishga kuchi va salohiyati etarlimi? Ustiga-ustak “Paxtakor”dagi vaziyatni ham bilasiz, bir oydan ko‘proq vaqt davomida g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Shuning uchun Shatskix jamoasi ham hozir yutmasa bo‘lmaydigan holatda.
“Paxtakor” – “Turon” bellashuvining tarixi yaqindagina boshlandi. Jamoalar ilk bor 2021 yilda to‘qnashishgan. Dastlab Yaypandagi o‘yinda 1:1 hisobi kuzatilgan. Ikkinchi davradagi bellashuvda esa “Paxtakor”ning qo‘li baland kelgan – 3:1. Bu yil birinchi davradagi bahsda “Sherlar” “Turon” maydonida 0:1 hisobida g‘alaba qozonib uch ochkoni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydilar. To‘plar nisbati 5\2 tabiiyki, “Paxtakor” foydasiga.
Shatskixga jiddiy ravishda tanqidlar bo‘layotgani rost. Axir natijaga bosh murabbiy javobgar. “Paxtakor”dek klubning bir yarim oy davomida ichki va tashqi musobaqalarda g‘alaba qozona olmayotgani qandaydir muammolar borligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Buning echimini esa bosh murabbiy topishi muhim. “Paxtakor” chempionatda bungacha ochkolarini etarlicha jamg‘arib olgani evaziga hamon birinchi o‘rinda. Lekin endi 2-o‘rindagi klub bilan tavfuot ancha qisqardi va hozirda 3 ochkoni tashkil qilyapti.
“Paxtakor”ni shuningdek, 24 oktyabr kuni OChL 3-turida Toshkentda Turkmanistonning “Axal” klubiga qarshi muhim o‘yini ham bor. “Turon”ga qarshi bahs esa OChL o‘yini oldidan repetitsiya vazifasini o‘tashi ham mumkin. Lekin anig‘i shuki, o‘sha repetitsiyada ham “Sherlar” g‘alabaga muxtoj.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar