Yarmi bo‘sh «Santyago Bernabeu»ga yangi super-yulduz kerakmi?

Kelasi hafta transfer bozori yakunlanishi arafasida «Real» muxlislari klub rahbariyati hamon Ronalduga munosib o‘rinbosar olib kelinmaganidan tashvishda.

«Real Madrid» iyul oyi boshida o‘zining barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purarini «Yuventus»ga kuzatib qo‘ygach, uning o‘rniga o‘rinbosar olib kelishni unutib qo‘ydi, chog‘i.

Portugaliyalik super-yulduz Turinga ko‘chib o‘tganiga olti haftadan oshgan bo‘lsada, hamon uning «Santyago Bernabeu»dagi taxti bo‘sh turibdi. Stadionning yarmi esa bo‘shab qolgan.

«Xetafe»ga qarshi o‘yinga atigi 48 mingdan ortiq kishi stadionga tashrif buyurgan. Albatta yangi bosh murabbiy Xulen Lopetegi yangi taktik g‘oyalarini amalga tatbiq qilganicha yo‘q. Boz ustiga u Isko va Asensiodan super-qahramon yaratish ustida ish olib bormoqda.

Stadion yarmi to‘lishiga ilk sabab albatta o‘yinning juda kech vaqtga qo‘yilgani hisoblanadi. Biroq Ronaldu klubga 2009-yilda kelib qo‘shilganidan beri La Liga doirasida yuz bergan dastlabki past ko‘rsatkichga aylandi.

Shu yilning 24-mayida «Malorka»ga qarshi 3-1 hisobidagi mag‘lubiyatda ham «Santyago Bernabeu»ga 44270 muxlis tashrif buyurgandi. O‘tgan turdagi ko‘rsatkich o‘sha vaqtdan beri navbatdagi past ko‘rsatkich qatoriga kirdi.

Biroq klubning oldinda bundan ham murakkabroq masala turibdi. O‘tgan mavsumni azaliy raqibi «Barselona»dan 17 ochko ortda qolgan holda marraga etib kelgan «Real»ni o‘z etakchisi tark etdi va uning o‘rniga hamon yangi qahramon tanishtirilganicha yo‘q.

O‘tgan mavsumda Ronaldu 44 o‘yinda 44 gol urib jamoa to‘purariga aylangan edi. Undan keyingi to‘purar Beyl hisobida atigi 21 gol bor edi.

Uelslik futbolchi eng katta yulduz klubni tark etganidan keyin asosiy futbolchiga aylangan. «Xetafe»ga qarshi u gol urdi va Karvaxalga golli uzatmani amalga oshirdi. Bu bilan Lopetegi nega Beylga ishonch bildirmoqchi ekanligini isbotlay oldi.

«Beyl iqtidorli ajoyib futbolchi. Ishonchimiz komilki, u va boshqalar bo‘shliqni to‘ldira olishadi.»

Beyl darhaqiqat bo‘shliqni to‘ldira oladimi? Jarohatlarga moyil vinger 2014-15-yilgi mavsumdan beri bitta mavsumdan 40 tadan oshiq o‘yinda ishtirok eta olganicha yo‘q.

Karim Benzema ham bo‘shliqni to‘ldira olishiga ishonish juda qiyin. Frantsiyalik hujumchi «Real» va Ronaldu uchun ajoyib yordamchi xolos. U o‘tgan mavsumda La Ligada 5 gol urgan, umumiy hisobda esa atigi 12 gol urgan.

9-raqam egasi Ronaldu ketgach o‘zini erkin his qilishi mumkin, ammo 30 yoshni qarshilagan hujumchining «oltin davri» ortda qolib ketdi.

Undan ko‘ra, 22 yoshli Marko Asensioning kelajagi porloq deya olamiz. Aynan u Ronalduning yo‘qligini sezdirmasligi mumkin.

Aynan bu futbolchilar «Jirona» va «Leganes»ga qarshi uchrashuvlarda klubiga olti ochkoni osonlikcha olib berishi mumkin. Biroq «Atletik» va «Sevilya»ga qarshi bahslar «qirollik klubi» uchun oson bo‘lmaydi. Aynan mana shu derbilarda «Real» Ronalduga ehtiyoj sezadi.

Albatta «Real» Ronalduning o‘rniga yangi yulduz olib kelmayotganining ilk sababi muqobil variantlarning transfer qiymati yuqoriligida. «Chelsi»dagi Azarni, «Tottenxem»dan Xarri Keynni yoki «PSJ»dan Neymar yoki Mbappeni olib kelish uchun 200 million evrodan ko‘p mablag‘ni sarflashiga to‘g‘ri keladi.

Klub prezidenti Florentino Peres bir vaqtlar «galaktika» yig‘ish bilan mashhur edi. Biroq bu ishni ayni vaqtda «Barselona» amalga oshirmoqda. Kataloniyaliklar Usmon Dembele va Filippe Koutino uchun aql bovar qilmas mablag‘larni sarflab bo‘ldi. «Real» esa oxirgi marta2014-yilda Xames Rodrges uchun «Monako»ga 75 million evro ishlatgan edi.

Shunga qaramay, Ronalduga o‘rinbosar olib kelmaslik klub g‘aznasiga ta’sir qilishi mumkin. Madridliklar stadionga to‘liq qaytmaguncha klub bundan jiddiy zarar ko‘raveradi.

Portugaliyalik futbochi kabi yangi brendning bo‘lmasligi muxlislarga ta’sir qiladi. Ko‘pchilik muxlislar yulduzlarning o‘ziga muxlislik qiladi. Madridliklar Ronalduning ketishi ortidan Tvitterdagi obunachilari soni milliontaga kamaydi. So‘nggi o‘n yillik davomida klub rasmiy do‘konida Ronaldu ismi-sharifi tushirilgan millionlab futbolkalar sotildi. Yangi yulduz kelmas ekan futbolchilar sotuvi ham keskin kamayishi aniq. «Qaymoqranglilar”ning yozdagi eng yirik transferi bu «Chelsi»ning sobiq posboni Tibo Kurtua bo‘ldi. Biroq ko‘chada posbonning futbolkasini kiyib yurish kamdan-kam holatlarda uchraydi.

Xullas, Ronalduning yo‘qligi «Real»ning qiymati keskin tushib ketishiga olib kelishi mumkin.

 

Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!