Mirjalol Qosimov: "Ikkinchi bo‘limda boshqa o‘yin ko‘rdik"

  • 19.03.2026 00:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Superliganing 4-turiga start berildi. Unda OKMK Navoiyda “Qizilqum” jamoasini 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va mavsumdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. O‘yindan keyin OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Haqiqatan ham juda qiziqarli, shiddatli va kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. Birinchi bo‘limda “Qizilqum” jamoasi yopiq o‘yin ko‘rsatib, qarshi hujumlarda harakatlandi va standartdan gol urdik. Ikkinchi bo‘limda boshqa o‘yin ko‘rdik. “Qizilqum” ko‘proq hujumga o‘tib, bosim qildi. Yigitlarga rahmat, shiddatli uchrashuvda o‘yinni ko‘rsatdilar. Ikkinchi bo‘limda bizda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Ammo oxirigacha yetkaza olmadik. Bundan oldingi uchrashuvlarda ham mag‘lubiyatga uchramasligimiz kerak edi. Futbol shunisi bilan qiziq. Bugun “Qizilqum” jamoasi ham shiddatli, ma’noli va chiroyli o‘yin ko‘rsatdi.

- Aziz Xolmurodovni o‘yini haqida fikringiz qanaka?

- Ozgina jarohati bor edi. Jarohati bilan maydonga tushgandi. Imkon qadar yomon harakat qilgani yo‘q. Albatta, ikkinchi bo‘limdagi 100 foizli imkoniyatdan foydalanishi kerak edi.

- O‘tgan 4 ta turga qarasak, jamoangizda har bir o‘yinda darvozabonlar almashyapti. Bu nima bilan bog‘liq? Asosiy darvozabon bormi yoki kim yaxshi formada bo‘lsa o‘sha o‘ynaydimi?

- Hammaga imkon beriladi. Barchasi asosiy. O‘z joyini egallash uchun harakat qilishyapti. Menimcha, Javohir ham yomon harakatlanmaydi, Hamid ham! Ikkalasi bir xil saviyada. Yoshida biroz farq bor. Iloji boricha mashg‘ulotlar orqali tayyorgarlik ko‘rib, o‘yinga hozirlik ko‘riladi. Biroq hech kimga oldindan sen asosiy darvozabonsan deb aytilmaydi.

- “Qizilqum” jamoasining qaysi futbolchisini alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardingiz?

- Jamoa yaxshi. Lideri Kenzaboev. Ko‘rinib turibdiki, himoyachilarni ko‘p qiyin vaziyatlarga solib qo‘yadi. Qolgan futbolchilari ham yomon harakat qilishmayapti. Jamoaviy o‘yin bo‘yicha ham murabbiyining aytganini bajarishyapti. Birinchi bo‘limda hujumlarini sabr bilan tashkillashtirishdi. 0:1 dan keyin ochilishni boshladilar va bizda ham imkoniyatlar bor edi. “Qizilqum” yomon taassurot qoldirgani yo‘q.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!