Yaxshi niyat: “Nasaf”ning OFK kubogi guruh bosqichidagi raqiblari haqida
Biroz muddat avval, Osiyo futbol konfederatsiyasi OFK kubogi guruh bahslariga qur’a tashladi. Ushbu qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Superligasidan turnirda ishtirok etadigan jamoa qaysi raqiblarga duch kelishi aniqlandi. “F” guruhidan kurashni boshlaydigan o‘zbek klubi Turkmanistonning “Oltin Asr”, Tojikistonning “Xo‘jand” va Qirg‘izistonning “Oloy” klublariga qarshi bahs olib boradi.
OFKning O‘zbekiston Superligasi klublariga ajratgan kvota sistemasiga binoan, hozircha qaysi jamoamiz ushbu musobaqada ishtirok etishi ma’lum emas. Osiyo Chempionlar Ligasi pley-off bosqichida ishtirok etadigan Olmaliqning AGMK klubi mehmonda Qatarning “Al-Garafa” jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Qatar Yulduzlar Ligasida 15 tur yakunlariga ko‘ra, 3-pog‘onani band etib turgan jamoani vakillarimiz taslim etgan taqdirda, nufuz jihatidan Osiyoning ikkinchi raqamli turnirida “Nasaf” ishtirok etadi. Aksincha bo‘lsa, Mirjalol Qosimov shogirdlari OFK kubogida o‘ynaydi, qarshiliklar xalqaro musobaqasiz qoladi. Demakki, barcha o‘zbek futboli muxlislari AGMKning yakka o‘yindan iborat qarama-qarshilikda g‘olib chiqishini so‘rab, duo qilishimiz kerak. Keling, yaxshi niyat qilgan holda, qo‘shni davlat vakillaridan iborat raqiblarimizga qarshi bahslarda “ajdarlar”ning imkoniyati qanday ekaniga baho beramiz.

“Oltin Asr”
2008 yilda tashkil topgan turkman klubi so‘nggi yillarni milliy chempionat gegemoni sifatida o‘tkazmoqda. Ushbu klub Ashxobod shahrini makon qilgani va faoliyatining ilk sanalaridanoq, jamoani Turkmanistonning nomdor shaxslaridan biri Umarguli Nurmamedov boshqaruv ostiga olganining o‘ziyoq ko‘p narsalarni anglatadi. Ya’niki, klub tepasida bevosita davlat rahbarlari turadi. “Ashxabat” o‘yingohi 20000 muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan turkman elining eng muhtasham stadionlaridan biri hisoblanadi.
“Oltin Asr” so‘nggi 6 yil ichida milliy birinchilikni hech kimga bermay keladi. Shu yillar mobaynida 3 marotaba kubokda zafar quchgan. 2018 yilda OFK kubogi finaliga etib kelgan va Iroqning “Al-Quva Ll-Javiya” klubiga imkoniyatni boy bergan.
Jamoa tarkibida nomdor futbolchilar mavjud emas. Birgina Vezirgeldi Ilyasov “Qizilqum”dagi qisqa faoliyati bilan yurtdoshlarimizga tanish.
Bugungi kunda jamoa Turkmaniston yuqori ligasida 28 ta uchrashuvda maydonga tushib, 73 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan. Eng yaqin ta’qibchi “Axal” klubida xuddi shuncha o‘yinda jamg‘arilgan 55 ochko mavjud.

“Xo‘jand”
Tojikistonning “Xo‘jand” klubi biz uchun begona emas. Bir qator o‘zbekistonlik futbolchilarni legioner sifatida o‘z tarkibida ushlab turgan jamoa bilan o‘zbek klubining to‘qnash kelishi o‘zgacha intriga taqdim etishi aniq.
Jamoa ulkan tarixga ega. “Pomir” klubi bazasi ustiga qayta qurilgan xo‘jandliklar jamoasi mana necha yildirki, tojik futboli bayroqdori bo‘lib keladi. Ketma-ket 3 yildan buyon ushbu musobaqada muntazam ishtirok etib keladi. Ammo uning ishtirokini u qadar omadli, deb bo‘lmaydi. Klub biror marta guruh bosqichidan nariga o‘ta olmagan. Tojikiston chempionatining super omadsizi aqalli bir marotaba bo‘lsa ham, chempionlikni tantana qilmagan. Ularning baxtiga, 4 ta kubok bor. Shu muxlislarni ovuntiradi.

“Oloy”
Qirg‘izistonning grand jamoalaridan biri hisoblanadigan “Oloy” so‘nggi 2 yilda chempionlikni boy berib qo‘ymoqda. Undan avvalgi 5 yilda jamoa 4 ta chempionlikka erishgan. Joriy mavsumda esa, o‘shliklarning ishlari yurishmayapti. 14 ta turda 23 ta ochko olgan “Oloy” Qirg‘iziston Premer-ligasining 5-pog‘onasida joylashgan. 2014 yildan buyon xalqaro maydonlarda harakat qilib kelayotgan “Oloy” biror marta ham OFK kubogi guruh bosqichidan chiqa olmagan.
Jamoada gruziyalik va ganalik legionerlar ko‘rinish berayotganidan ular vakillarimizga jiddiy qarshilik ko‘rsatadigandek tuyulishi mumkin. Ammo ushbu legionerlarning aksariyati zaxira futbolchilari va yuqori saviyali hisoblanmaydi.

Xulosa o‘rnida
Nasib etsa, OFK kubogida yurtimiz sharafini “Nasaf” himoya qiladi. Uning yosh va iqtidorli futbolchilari yuqoridagi jamoalarni qiyinchiliksiz mag‘lub etish salohiyatiga ega. Millatimiz futboli qit’a miqyosidagi sovrinlarni sog‘inib qoldi. Ha, OFK kubogidagi g‘alaba u qadar katta hisoblanmaydi. Ammo bu ham Osiyo miqyosidagi turnir va uning mukofot jamg‘armasi hech bir klubimizga zarar qilmaydi.
Bugungi pandemiya bilan bog‘liq vaziyatni inobatga olgan holda, shuni aytib o‘tishimiz mumkinki, O‘rta Osiyo vakillari o‘rin olgan guruh uchrashuvlarini markazlashgan holda o‘tkazish uchun eng qulay joy bu - Toshkent! Toshkent viloyatining o‘zida nufuzli turnirlarni o‘tkazishga qodir bo‘lgan 6 ta stadion mavjud. Mamlakatimizda tez orada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan katta musobaqalar oldidan mana shunday kichik turnirlarni qabul qilish biz uchun ham ulkan tajriba bo‘lar edi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar