Yaxshiboev etakchilikni, “Shaxtyor” peshqadamlikni boy berdi. Ammo Jasur hali “taxt”dan tushmaydi!

  • 23 sentabr, 2020, 10:01
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Belarus chempionatining 24-tur uchrashuvlari Soligorskning “Shaxtyor”i va ushbu jamoa hujumchisi Jasur Yaxshiboev uchun omadsiz bo‘ldi.

Tecno

Shu paytgacha birinchi o‘rinda turgan “Shaxtyor” raqib maydonidagi bellashuvda “Slaviya”dan kichik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. Natijada soligorskliklarni ta’qib qilib kelayotgan BATE futbolchilari “Slutsk” ustidan safarda qozonilgan 3:1 hisobidagi g‘alaba evaziga musobaqa jadvalida peshqadamlikni o‘z qo‘liga oldi. Borisovliklar chempionat yakunlanishiga olti tur qolganida “Shaxtyor”ni uch ochkoga orqada qoldirmoqda.

Bu yog‘iga Yaxshiboev jamoasi uchun BATEni quvib o‘tish juda qiyin bo‘ladi. Ko‘p narsa jamoalarning 28-turda bo‘ladigan o‘zaro uchrashuvida hal bo‘ladi. “Shaxtyor”ning baxtiga chempionatning markaziy o‘yiniga aylanadigan o‘sha bahs Soligorskda, o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida bo‘ladi. Uyda devorlar ham qo‘llab turadi, deyishadi. Ungacha esa, “konchilar” boshqa ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q.

Shu o‘rinda, “Shaxter” birinchi davrada BATE maydonida 2:2 hisobida durang o‘ynagani ham keyinchalik soligorskliklarga foyda keltirishi mumkin.

Jasur Yaxshiboev masalasiga qaytsak, uning chempionat to‘purarlari bahsida g‘olib chiqishi gumon ostida qoldi. Kutilmaganda, “Belarus” chempionatida yangi to‘purar paydo bo‘lib, dastlabki turlardan etakchilikni o‘zida saqlab kelayotgan va ta’kibchilaridan ancha ilgarilab ketgan o‘zbekistonlik futbolchini quvib etishga muvaffaq bo‘ldi.

BATEning tajribali hujumchisi Maksim Skavish chempionatning 17-turiga qadar raqiblar darvozasiga atigi uchta gol urgan edi. Lekin keyinchalik ishtahasi ochilib ketgan futbolchi ketma-ket ettita uchrashuvda raqiblar darvozasini o‘n marta aniq nishonga oldi va jami 13 ta gol bilan to‘purarlar bahsi etakchisi Jasur Yaxshiboevga tenglashib oldi.

24.07.2019_bate_rusenborg_59

Solishtirish uchun Jasur Yaxshiboev oxirgi sakkizta uchrashuvda to‘rtta gol urganini va bu ko‘rsatkich bo‘yicha barqarorlikka erisha olmayotganini alohida ta’kidlash mumkin. “Slaviya”ga qarshi o‘yinda ham futbolchimiz bir necha marta qulay imkoniyatlardan samara chiqara olmadi.  

Hozircha, o‘zbekistonlik futbol muxlislari va shaxsan Jasurning ishqibozlarini xursand qiladigan bir ko‘rsatkich bor. Hamyurtimiz chempionatning eng foydali futbolchilari reytingida birinchi o‘rinni o‘zida saqlab turibdi.  Katta ehtimol bilan chempionat oxirigacha hech kim uni “taxt”dan surib yubora olmaydi. Chunki bu reyting futbolchilarning har bir turda olgan reyting ballari asosida shakllantiriladi va Jasur bu borada ta’qibchilaridan ancha ilgarilab ketgan. O‘zbekistonlik legioner o‘rtacha o‘yin ko‘rsatgan taqdirda ham, unga etib olish mushkul masala.

20200921110405 (1)

Demak, Belarus chempionati yakunlanishiga olti tur qolgan paytda kurash yanada keskinlashadi. “Shaxtyor” oltin medal uchun kurashda BATE bilan oxirigacha kurashishiga, to‘purarlar bahsida esa, Yaxshiboev va Skavish “dueli”ga guvoh bo‘lamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!