"Yil jangi" bo‘lishi kutilayotgan to‘qnashuvlar yoxud UFC tomonidan tashkil qilinuvchi uch super jang haqida

  • 31 iyul, 2020, 21:50
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

Butun jahonda koronavirus pandemiyasi hukm surayotgan bo‘lsa-da, qator sport turnirlari muxlislarsiz tashkil etilmoqda. Bu borada MMA, ya’ni Dana Uayt boshchiligidagi UFC promousheni etakchilik qilmoqda. Har hafta bu tashkilot sha’feligida jang oqshomlari bo‘lib o‘tmoqda. Bizni bir qator ajoyib to‘qnashuvlar kutib turibdi. Jumladan, Daniel Korme va Stipe Miochich o‘rtasidagi trilogiya, Israel Adesanya - Paulo Kosta va Habib Nurmagomedov –Jastin Getji o‘rtasidagi dahshatli janglarni tomosha qilishimiz mumkin.

Tecno

Biz ushbu super to‘qnashuvlar haqida biroz so‘z yuritgan holda, o‘z tahlil va taxminlarimiz bilan o‘rtoqlashishni lozim toptik.

Daniel Korme  (22-2-1)– Stipe Miochich (19-3)

Las-Vegasda “UFC 252” turnirining markaziy bahsida og‘ir vazn toifasidagi chempionlik jangi bo‘lib o‘tadi. Miochich hamda Korme uchinchi to‘qnashuvda o‘zaro hisob-kitob qiladi.Ularning avvalgi janglarida har ikkisi bir marotabadan g‘alabaga erishgan. Dastlab, 2018 yil 7 iyulda “UFC 226” turnirida Korme birinchi raundning o‘zidayoq nokaut bilan g‘alaba qozongan, revansh jangi esa 2019 yil 17 avgustda “UFC 241” turniri doirasida bo‘lib, unda Miochich 4-raundda texnik nokaut evaziga zafar quchgandi. Xullas, ular o‘rtasidagi bu jangni ham barcha orziqib kutayotganligi sir emas.

Bu safar kim g‘alaba qozonadi? Albatta, buni jang ko‘rsatadi. Biroq, imkoniyatlar haqida biroz so‘z yuritsak bo‘ladi. Demak, bu jangchilar teng kuchga ega, ya’ni imkoniyatlari 50/50. Shunday bo‘lsa-da, baribir Korme nisbatan tezroq va bu unga muvaffaqiyat olib kelishi mumkin. Aslida, revansh jangida ham DC yaxshi va tezroq edi. Lekin biroz xotirjamlikka berildi va u bunga qimmatga tushdi. O‘zi ta’kidlab o‘tganidek, Miochichning zarbalarini hurmat qilmay qo‘ydi. Natijada tanaga kuchli zarbani o‘tkazib yuborgan va mag‘lub bo‘lgandi. Bu safar esa, u bunday xatoga yo‘q qo‘ymaydi. Qolaversa, intervyularining birida aytib o‘tganidek, “teykdaun”lardan ko‘proq foydalansa kerak. Shuningdek, katta ehtimol bilan bu jangdan so‘ng, Korme faoliyatini yakunlaydi. Bu borada juda ko‘p gapirildi. Shunday ekan, bu to‘qnashuvga u borini beradi.

Ushbu jang g‘olibi kim bilan to‘qnash kelishi ham qiziq. Voqealar rivoji shuni ko‘rsatmoqdaki, har qanday holatda Miochich-Frensis Ngannu bilan yana bir marotaba bahs yuritsa kerak. Chunki Korme zafar quchgan taqdirda aytib o‘tganidek, faoliyatini yakunlasa, kamar vakant qoladi va tabiiyki bu vazndagi titul uchun sobiq chempion va reytingda ulardan keyingi etakchi Ngannu bahs olib boradi. Miochich g‘alaba qozonsa  ham majburiy da’vogar hisoblanadigan kamerunlik Ngannudan o‘z kamarini himoya qilish kerak bo‘ladi. Mabodo falak gardishi bilan Uayt og‘ir vazn chempioni bilan yarim og‘ir va "Pound for pound" etakchisi Jon Jons qarama-qarshiligini ko‘rishni istab qolmasa, katta ehtimol bilan shunday holat kuzatilishi mumkin.

mio

Israel Adesanya (19-0) – Paulo Kosta (13-0)

19 sentyabr kuni AQShning Las-Vegas shahri mezbonligidagi “UFC 253” turniri bo‘lib o‘tadi. Mazkur jang kechasining markaziy to‘qnashuvida o‘rta vazn qiroli nigeriyalik Adesanya bu safar mag‘lubiyatsiz odimlayotgan braziliyalik 29 yoshli Kostaga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Bu juftlikda yaqqol favorit, shubhasiz, chempion Adesanya, deyishimiz mumkin. To‘g‘ri, Kosta ham ajoyib jangchi. Lekin texnik jihatdan mukammal emas. Bu borada nigeriyalik jangchi raqibidan bir bosh ustun, deya bemalol ayta olamiz. Bunga ular ishtirokidagi janglarni bevosita kuzatsangiz ham ishonch hosil qilishingiz mumkin. Kosta taktik tomonlama hujumkor, asosan, janglarda raqibiga kuchli bosim uyushtirib, ko‘p oldinga intiladi. Bu esa nigeriyalik chempionga ayni muddao bo‘ladi. Chunki u qarshi hujumda benazir sanaladi. Uning Robert Uittakerni shunday qarshi hujumda ushlagani-yu, Kevin Kastelumni bir necha marta bunday taktik jangi bilan qiynab tashlaganini guvohi bo‘lganligingiz aniq. Shu nuqtai nazardan, imkoniyat Adesanyada yuqori. Biroq UFCda “apset”lar juda ko‘p uchraydi. Bu jang ham bundan mustasno emas. Chunki buni UFC deydilar…

Ushbu jang g‘olibining divizionda navbatdagi raqibi kim bo‘lishi borasida so‘z yuritadigan bo‘lsak, birinchi navbatda bo‘lajak Robert Uittaker- Jarred Kannonir to‘qnashuvining g‘olibi bo‘ladi, deb aytishimiz mumkin. Chunki Dana Uayt aynan bu jangni amalga oshirishi borasida ishonch bilan aytib o‘tdi. O‘z-o‘zidan ayonki, Uittaker-Kannonir bahsida g‘alaba qozongan, chempionga qarshi titul uchun kurash olib borishga eng haqli va majburiy da’vogarga aylanadi. To‘g‘ri, Jek Xermansson ham bor, lekin unga bunday maqomga erishish uchun yana bitta yaxshi jang kerak bo‘ladi.

Adesanya - Costa

Habib Nurmagomedov (28-0) - Jastin Getji (22-2)

Shubhasiz, “Yil jangi” nomiga da’vogar to‘qnashuv... 24 oktyabr kuni engil vazn toifasi chempioni Habib Nurmagomedov va Jastin Getji “UFC 254” turniri doirasida oktagonga chiqadi. O‘rtaga divizion chempionligi qo‘yilgan. Hozircha ushbu jang qaerda o‘tkazilishi borasida aniq ma’lumot yo‘q. Jang posterida ham bu borada aniqlik kiritilmagan. Dana Uaytning gap-so‘zlaridan Abu-Dabidagi “Janglar orolida” bo‘ladigandek taassurot uyg‘onmoqda. Aslida, Habib - Getji to‘qnashuvi ertaroq o‘tishi kerak edi. Abdulmanap Nurmagomedovning o‘limi tufayli kechiktirilgandi.

Bu juftlikda baribir Habibning imkoniyati yuqori. Getji ham aslida sambodan chiqqan. Biroq u “teykdaun”lar amalga oshirishga harakat qilmaydi. Shu tufayli uning “parter”dagi imkoniyatlari qay darajada ekanligini bilmaymiz. Getjining jang strategiyasi, asosan, “stoyka”da ushlashga harakat qilishdan iborat bo‘ladi. Bu barchaga ayon. “Lou –kik” zarbalari bilan Habibning oyoqlarini ishdan chiqarib, “teykdaun”ga tezlikda o‘tib ketmasligiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilsa kerak. Lekin bu haqida Habibning Getjidan avvalgi raqiblari ham o‘ylaganligi aniq.... Biroq buning uddasidan chiqa olishmagan. Hamkasbimiz Davron Fayzievning ta’biri bilan aytganda, Habibning raqiblari uni nima qilishini oldindan bilib turishadi. Lekin hech nima qila olishmaydi. Qolaversa, Habibning hayotidagi qayg‘uli hodisalar tushkunlikka tushirish barobarida unga o‘ziga xos motivatsiya berishi ham aniq. Ya’ni otasining xotirasi uchun ham dog‘istonlik jangchi oktagonga katta ishtiyoq bilan tushadi.

Agar Habib yutsa, Dana Uayt uning Jorj Sen-Per bilan jangini tashkil qilishi haqida gapirdi. Albatta, bu diviziondagi holatdan tashqari to‘qnashuv bo‘ladi. Shundan so‘ng, u yana uzog‘i bilan bitta jangda ishtirok etishi mumkin. U Konor bilan revansh bo‘ladimi yoki Toni Fergyusonni ham mag‘lub etib, zamonasidagi barcha super raqiblarini mag‘lub etib, faoliyatini yakunlaydimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.

Bu bizning taxmin va fikr –mulohazalarimiz xolos. Voqealar rivoji qanday ko‘rinish oladi. Bu bevosita oktagonda hal bo‘ladi.

3-8

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!