
Yorqin Keylor, jamoa motori Klod va imkon berilmagan Eto’o! «Real» qadriga etmagan yulduzlar ramziy jamoasi
SPORTS.uz Madrid super klubi tarkibida olib qolishi shart bo‘lgan futbolchilardan iborat ramziy jamoani e’tiboringizga havola etadi.
Keylor Navas
«Menga Ispaniyada ishonmaydiganlar juda ko‘p edi. To‘g‘ri, jamoadoshlarim doimo qo‘llab-quvvatlab turgan, biroq nimadir kamlik qilgani rost. Parijda baxtiyorman. Eng muhimi, menga hech kim shubha ko‘zi bilan boqmayapti.»
Darvozabonning so‘zlarida haqiqat mavjud. Florentina Peres u ishonchli o‘yin ko‘rsatayotganiga qaramay, avvaliga David De Xea bilan aloqaga chiqdi. Keyinroq Tibo Kurtuani klubga taklif etdi. EChLda 3 bor oltin medal egasiga aylanish uchun eng katta hissa qo‘shgan Navas chetga surib tashlandi. Vaholanki, tajribali posbon hozir ham «Real»ga asqatishi mumkin edi. Peres esa, uni klub imijiga to‘g‘ri kelmagani uchun ham qo‘yib yubordi.
Xuanfran Torres
«Atletiko» Madrid afsonasiga aylangan yigit ham «Real»ga begona emas. U o‘z vaqtida, o‘ng qanotda ishonchli o‘yinlari bilan muxlislarni xursand qilishga muvaffaq bo‘lgandi. Akademiya tarbiyalanuvchisi bo‘lishiga qaramay, klub himoyachiga umuman imkon taqdim etmadi. Katta ehtimol bilan, Xuanfran «Real»ga zarar keltirmagan bo‘lar edi.
Nacho Fernandes
Bu nomni eshitib hayron bo‘lishingiz mumkin. Axir u hozir ham «Real»da, biroq uning klub uchun ahamiyati juda ham past. 20 yil akademiyada, so‘ng 10 yil zaxirada o‘tirgan yigit dunyoning istalgan jamoasi mudofaa etakchisiga aylanishi mumkin. Universal futbolchi negadir Madridda hech qachon asosiy tarkib a’zosiga aylana olmadi. To‘g‘rirog‘i, unga ishonch bildirishmadi. Shunga qaramay, ispaniyalik himoyachi klubga sodiq qolishda davom etmoqda. Balki, yillar o‘tib, juda ko‘p narsaga ulgurmaganini his etar. Balki, sovrindor faoliyati bilan faxrlanar. Bunisini endi vaqt ko‘rsatadi.
Esteban Kambyasso
Argentinalik futbolchini ko‘plab muxlislar tayanch zonasida ko‘rishga ko‘nikib qolgan, ammo u markaziy himoyachi. To‘g‘ri, keyinroq to‘liq maydon markaziga ko‘chib o‘tdi, ammo fakt faktligicha qoladi. Akademiya va yoshlar jamoalarida himoyaga javob bergan yigit ham «Real» uchun keraksizga aylanganlar qatorida. 16 yoshida u bilan Madrid jamoasi shartnoma imzoladi. 8 yil davomida Esteban klub uchun mehnat qildi, biroq 24 yoshida o‘zi istagan kontraktni jamoa taqdim etmadi. Oqibatda, u «Inter»ga erkin agent sifatida kelib qo‘shildi. Futbolchi hech qachon Madridni Milanga almashtirganiga afsus chekmaydi. Sababi, «neradzurrilar» uchun qahramonga aylandi. Ayniqsa, trebl qayd etilgan mavsum uning benefisiga aylanib ketgan edi.
Teo Ernandes
«Real» Teoning imkoniyatlarini yuqori baholagan edi. «Atletiko»dan katta summa evaziga xarid qilganiga qaramay, atigi bir mavsum imkon berdi xolos. Amaldagi JCh g‘olibi adaptatsiya jarayonini to‘liq o‘tab bo‘lmay, zaxira o‘rindig‘idan muqim o‘rin egalladi. Keyingi mavsumni ijara asosida «Real Sosedad»da o‘tkazdi. Keyinroq, «Milan»ga sotib yuborildi. Bugungi kunda Teo nafaqat Italiya, balki kuchli beshlikdagi eng sifatli chap qanot himoyachisi sanaladi.
Klod Makelele
Yangi asr boshida «Real» tepasiga kelgan Peres «Galaktikos»ni yig‘ishni boshladi. Avvaliga Figu, Zidan, Ronaldo tarkibga qo‘shib olindi. 2003 yilga kelib, Devid Bekxem kollektsiyani boyitdi. Peres bunday jarangdor nomlar orasida Makelelening bo‘lishini istamadi chog‘i, uni sotib yuborishga qaror qildi. Vaholanki, butun yulduzli tarkib Klodning qora mehnati evaziga porlayotgan edi. Klodni ketishi, klubdagi balansning yo‘qolishiga sabab bo‘ldi.
Uesli Sneyder
2009 yilda Peres saylovlarda g‘alaba qozondi va jamoa prezidentiga aylandi. Qahramonimiz birinchi navbatda klubni gollandiyaliklardan tozalashni boshladi. Uesli atigi 15 million evro evaziga «Inter»ga sotib yuborildi. Sneyder uchun bu hayotidagi eng katta sovg‘aga aylandi. Joze Mourino qo‘l ostida yarim himoyachi trebl qayd etdi. Yozda esa, terma jamoasini JCh finaliga qadar olib chiqdi. Ko‘plab mutaxassislarning fikricha, o‘sha yili «Oltin to‘p» uchun Uesli Messidan haqliroq edi.
Markus Lorente
Hozir «Atletiko»ning yuragiga aylanib ulgurgan Markus ham «Real» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi. «Matraschilar» safida 69 o‘yinda ishtirok etishga ulgurdi. Sermahsullik ham joyida. 15 gol va 14 assist. Eng muhimi shundaki, Lorente maydon markazida universal. U bir nechta pozitsiyalarni muammosiz yopishga qodir. Qahramonimiz bundan bir necha yil ilgari «Real»da qolish uchun maoshi qisqartirilishga ham rozi edi, ammo uning imkoniyatlariga «Qirollik klubi» past baho berdi. Agar «Atletiko» chempionlikni qo‘lga kiritsa, «Real» Lorente uchun afsus chekishi turgan gap. Sababi, Simeonening bugungi kundagi asosiy jangchilaridan biri aynan «Real» qadrlamagan yigitcha.
Anxel Di Mariya
To‘g‘risi, hali-hamon argentinalik futbolchi nima uchun qo‘yib yuborilgani ko‘pchilikka qiziq. «Real» bilan EChLda zafar quchgan Anxel finalning eng yaxshi futbolchisi, deb topiladi. Mavsum so‘nggida esa, Peres uni 75 million evro evaziga «Manchester Yunayted»ga sotib yubordi. Ma’lum bo‘lishicha, Florentino shu tariqa Xames Rodrigesning transferi uchun pul jamg‘armoqchi bo‘lgan. Vaholanki, di Mariya allaqachon klubning etakchilaridan biriga aylanib bo‘lgan edi. Uning o‘rnini egallagan Xames esa, abadiy zaxira quroli bo‘la oldi xolos.
Xuan Mata
Mata «Kastilya»da fantastik o‘yin namoyish etgan bo‘lsa-da, asosiy jamoada debyut qila olmadi. 19 yoshga to‘lguniga qadar yarim himoyachi «qaymoqranglilar»dan taklif kelib tushishini kutdi. «Real»dan sado chiqmagach, «Valensiya» bilan shartnoma imzoladi. O‘zining birinchi mavsumidayoq, u «La Liga»ni yondirib yuboradi. Keyin EChL, JCh va Evropa chempionligini qo‘lga kiritdi. «Real» esa, haftasiga 17 ming evro maoshni tejab qolganiga bir necha bor afsus chekishga majbur bo‘ldi.
Samuel Eto’o
Samuel 16 yoshda «Real» a’zosiga aylandi. Asosiy tarkibga kira olmagach, «Real» uni turli klublarga ijara asosida jo‘natishni boshladi. Oxiri kamerunlik futbolchi «Malorka»da qo‘nim topdi. Ispaniyaning kichik shahri jamoasida gollarni qalashtirib tashlagach, uni «Real» ortga qaytarishga urindi, ammo «Barselona» chaqqonlik qildi. Samuel Kataloniyada 8 sovrinni boshi uzra ko‘tardi. Keyinroq «Inter» bilan trebl qayd etishga ham muvaffaq bo‘ldi.
Fikrlar