Yulduzlarga joy etmay qolgan ramziy jamoa! "Evro-2020"ning eng yaxshilarini aniqlaymiz!

  • 14 iyul, 2021, 02:30
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu galgi Evropa chempionati avvalgilaridan qiziqarli o‘tdi. Bu navbatchi gap emas! Kiritilgan gollarning ko‘pligi, sensatsiyalar, dramatik to‘qnashuvlar va super qarama-qarshiliklar so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Qo‘shimchasiga, muxlislar e’tiborini deyarli bir paytda o‘tkazilgan "Kopa Amerika" turniridan tortib olgan "Evro-2020" e’tirofga arziydi. Bugun o‘sha musobaqada eng yorqin o‘yin namoyish etgan futbolchilardan tuzilgan ramziy jamoani e’tiboringizga havola etamiz. Avvalo, ularning "katta"si - murabbiy haqida.

Tecno

Bosh murabbiy: Roberto Manchini (Italiya)
Ko‘plab mutaxassislarni e’tirof etish mumkin, biroq chempion Italiya! Manchini "skuadro adzurra"ni juda og‘ir vaziyatda qabul qilib oldi. 2018 yilda JCh yo‘llanmasini-da qo‘lga kirita olmagan qariya jamoa o‘rnini uyushqoq kollektiv egalladi, yangi nomlar kashf etildi. Uni ko‘plab jurnalistlar eng yaxshi yillari ortda qolganlar qatoriga qo‘shib qo‘ygan bir paytda, Roberto yana "otga minib oldi"! Tasanno Manchini!

Darvozabon: Janluiji Donnarumma (Italiya)
Musobaqaga qadar, Jiji agenti - Mino Rayola bilan munosabatlari sababli, juda yomon reputatsiya egasiga aylangan edi. 1 oy ichida u "Milan" qanday javohirni qo‘lidan chiqarib yuborganini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ydi. To‘g‘ri, u Italiyani har bir o‘yinda qutqardi, deya olmaymiz. Markaziy himoyachilar aksariyat vaziyatlarda bunga imkon qoldirgani yo‘q, ammo final o‘yini Donnarummaga ataldi. Shuning o‘zi uni ramziy jamoamiz postini egallashi uchun kifoya qiladi.

Chap qanot himoyachisi: Lyuk Shou (Angliya)
Joze Mourino "ko‘mib" yuborgan himoyachi butun turnir davomida tempni tushirgani yo‘q. "Bundestim" bilan o‘yinda birorta hatoga yo‘l qo‘ymadi, Ukraina bilan bahsda 2 assist qayd etdi. Finalda u urgan gol sal qolsa o‘yin taqdirini hal etishi mumkin edi, ammo...

Markaziy himoyachi: Leonardo Bonuchchi (Italiya)
Bonuchchi guruh bosqichi yakunlanganidan so‘ng, UEFA taqdim etgan ramziy jamoadan o‘rin egallagandi. Musobaqa yakunida esa, haqli ravishda yana tarkibda ko‘rinish bermoqda. Uning final o‘yinida kiritgan goli uchrashuv taqdirini deyarli hal etdi.

Markaziy himoyachi: Xarri Maguayr (Angliya)
Guruh bosqichidagi ikki o‘yinni o‘tkazib yuborganiga qaramay, Maguayr kerakli pallada inglizlar joniga oro kirdi. Ayniqsa, qahramonimiz Germaniya bilan uchrashuvda "porladi". Ukraina bilan o‘yinda gol urdi. Daniyaga qarshi bahsda super ishtirok etdi va finaldagi penaltidan unumli foydalandi. Shu vajdan Bonuchchi bilan tandemda Kellinini ko‘rish imkonsiz.

O‘ng qanot himoyachisi: Yoakim Mele (Daniya)
Aslida, bu pozitsiyada Leonardo Spinatstsola bo‘lishi kerak edi, biroq muhim o‘yinni o‘tkazib yuborgani uchun ro‘yxatdan tushib qoldi. Himoyachi bo‘lishiga qaramay, Mele Rossiya va Uels darvozasini ishg‘ol qilishni uddaladi. Yarim finalga etib kelgani uchun ham aynan Daniya himoyachisini ramziy jamoaga jalb etdik.

Markaziy yarim himoyachi: Per-Emil Xyoyberg (Daniya)
Daniya debyut uchrashuvdayoq eng yorqin yulduzidan ayrildi. "Yarim himoyadagi bo‘shliqni kim to‘ldira oladi?", degan savol kun tartibga qo‘yilgan payt, "Tottenxem" a’zosi katta sahnaga chiqib keldi. U to‘p uchun kurashda, o‘yin tempi va boshqa ko‘plab aspektlarda faol bo‘ldi.

Markaziy yarim himoyachi: Jorjino (Italiya)

"Chelsi" vakili 0:1 hisobi tabloda yonib turgan chog‘ jarohat oldi. Agar Jorjino maydonni tark etganida, Italiya katta muammolar boshlanishi aniq edi. Asli braziliyalik bo‘lgan futbolchi qaytish uchun o‘zida kuch topdi va 120 daqiqa "jang" qildi. Hal qiluvchi penaltini ura olmadi, ammo Donnarumma vaziyatni bartaraf etdi. U butun musobaqa davomida Manchini tuzgan jamoaning asosiy mexanizmiga aylandi.

Hujumkor yarim himoyachi: Kevin De Bryuyne (Belgiya)
Martinesning jamoasini omadsiz ishtiroki uchun ayblash mumkin, lekin Kevin bundan mustasno. Yarim himoyachi EChL finalidagi jarohatidan tezlik bilan forig‘ bo‘lgan holda, Evropa chempionatiga tashrif buyurdi. Belgiya "Evro"ni erta tark etganiga qaramay, eng ko‘p havfli vaziyat yaratish borasidagi statistikada Kevin birinchi pog‘onani saqlab qoldi.

Hujumkor yarim himoyachi: Federiko Keza (Italiya)
Fede uchun turnir o‘zgacha boshlandi. Avvaliga asosiy tarkibdagi o‘rnini Berardiga boy berdi. Avstriya bilan bahsda zahiradan o‘yinga qo‘shildi va uning "ijodiy ishi" boshlandi. Keza Italiya uchun eng og‘ir o‘tgan o‘yinlarda faol bo‘ldi: Ispaniya darvozasini ishg‘ol qildi. Finalni yodga oling! Aynan qahramonimiz Italiyaning oldingi chizig‘ida hech narsa o‘xshamayotgan paytda vaziyatlar yaratishga tirishdi. Turnir yakunlangach, italiyalik "tifozilar" aynan Fedeni musobaqaning eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etgani bejiz emas.

Hujumchi: Xarri Keyn (Angliya)
Angliya terma jamoasi sardori guruh bosqichida birorta golsiz yakunladi. Ingliz jurnalistlari uni tanqidlar bilan ko‘pib tashlaganiga qaramay, Sautgeytning ko‘rsatmasiga oxirigacha amal qildi. Keyin gollar boshlanib ketdi. Germaniya, Ukraina va Daniya darvozasi ishg‘ol qilindi. Hal qiluvchi o‘yindagi penaltilar seriyasida o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q.

Hujumchi: Patrik Shik (Chexiya)
Darrov "qani Ronaldu", deya savol berishga shoshilmang! Krish guruh bosqichidagi 5 golning 3 tasini penaltidan kiritdi. Faqat Vengriya bilan bahsdagina uning o‘yindan kiritgan gollari g‘alaba kaliti bo‘lib xizmat qildi. Undan farqli o‘laroq, Shik Chexiyani pley-offga "qulog‘idan tortib chiqdi". Hal qiluvchi bahslarda Niderlandiya va Daniya darvozasini ishg‘ol qildi. Bundan tashqari, u jamoasi "Evro-2020"da urgan 6 golining 5 tasiga mualliflik qildi. Agar u bo‘lmaganida, chexlarning ahvoli qay darajada og‘ir bo‘lishini bir tasavvur qilib ko‘ring!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!