Yurgen Gyode: "Futbolchilar bilan bir qatorda chempionlik uchun hamma birdek ishladi"
Xabaringiz bor, kuni kecha Andijon shahridagi “Bobur Arena” oʻyinogʻida Oʻzbekiston chempioni “Neftchi” jamoasi Toshkentning “Paxtakor” klubi bilan Superkubok sovrini uchun qizgʻin kurash olib bordi.
Bellashuvda farʼgonaliklar 1:0 hisobida ustun kelib, bosh sovrinni qoʻlga kiritdilar. Shu munosabat bilan oʻyindan keyin “Neftchi”da faoliyat yuritayotgan germaniyalik murabbiy Yurgen Gyode bilan klub matbuot xizmati suhbatlashdi.
— Avvalambor Superkubok bahsidagi gʻalaba bilan tabriklaymiz. Oʻzbekiston sizga begona emas, ilgari ham yurtimizda ishlashga muyassar boʻlgansiz. Ayting-chi, jamoaga moslashish jarayoni bu safar qanday kechdi?
— Tabrik uchun katta rahmat. Moslashish jarayoniga kelsak, afzallik tomoni shundaki, klubimizdagi barcha odamlar bizni bir oila aʼzolari kabi qoʻllab-quvvatlab, yordam berib kelishmoqda.
— Oʻzbekistondagi faoliyatingiz davomida Superkubokdagi gʻalaba birinchisi boʻldi. Hozirda qanday his-tuygʻularni boshdan kechirmoqdasiz?
— Hissiyotlarim beqiyos. Ayniqsa, jamoamiz kubokni Fargʻonaga olib kelish jarayoni ajoyib kechdi. Koʻchalarga xursandchilik oʻgʻushida chiqqan muxlislarning ham ajoyib qoʻllab-quvvatlashlariga tasanno. Buning uchun ularga katta rahmat aytishim kerak.
— Bu sovrin faoliyatingizdagi eng muhimlaridan biri, desak boʻladimi?
— Albatta, chunki bu tarixiy chempionlik.
— Sizningcha, psixologik jihatdan jamoani final hushtagigacha tayyor holatda ushlab turish qanchalik qiyin boʻldi?
— Final uchrashuvida hamma narsa boʻlishi mumkin. Lekin men jamoamga soʻnggi hushtak chalinguniga qadar ishonaman.
— Andijondagi bellashuvda qaysi futbolchini alohida ajratib koʻrsatgan boʻlardingiz?
— Bu bahsda futbolchilar bilan bir qatorda chempionlik uchun hamma birdek ishladi. Masalan, shifokorlar guruhi, jismoniy tayyorgarlik mutaxassislari, administratorlar va maʼmuriyat jamoasini ham aytib oʻtish lozim.
— Stadiondagi muhit va muxlislk haqida fikringiz?
— Superkubok bahsiga Andijonga tashrif buyurgan va tribunalarni toʻldirgan koʻp sonli farʼgonalik muxlislar va stadiondagi muhit juda ajoyib boʻldi. Bravo, “Neftchi” Fargʻona muxlislari!
Fikrlar