
Yurtimizda futbol bayrami davom etadi yoxud bugun Superligada 2-tur boshlanadi
Superligamizda ikkinchi tur boshlanmoqda. Bir qator stadionlarda yangi mavsumning ochilishi bo‘ladi. Shubhasiz, bizni markaziy to‘qnashuvlar kutyapti. Yurtimizda futbol bayrami davom etadi. Ushbu turda quyidagi juftliklar bellashishadi.
14 mart
19:30. “Buxoro” – “Qizilqum”
Pro ligadan Superligaga qaytgan “Buxoro” chempionatning dastlabki uchrashuvini Olmaliqda OKMKga qarshi o‘tkazib, oxirgi daqiqada o‘tkazib yuborilgan gol evaziga 2:1 hisobida yutqazdi. “Qizilqum” esa “Surxon”ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan holda g‘alaba bilan boshladi. Ulug‘bek Baqoev jamoasi OKMK bilan o‘yinda yomon taassurot qoldirgani yo‘q. “Qizilqum” bilan bahsda buxoroliklar 2025 yildagi ilk g‘alaba bilan muxlislarini xursand qilmoqchi. Biroq ular uy uchrashuvlarini vaqtincha Toshkentda o‘tkazib turadilar. Boisi, Buxorodagi arena yangilanmoqda. Shu bois “Qizilqum”ga qarshi bellashuv “Jar” stadionida o‘tadi. Dastlabki turdagi g‘alaba “Qizilqum”ga qanchalik pozitivlik bag‘ishlaganini “Buxoro” bilan bahsda ko‘ramiz.
19:30. “Neftchi” – “Qo‘qon-1912”
Bu turda siz bilan biz yana vodiy derbisiga guvoh bo‘lamiz. 1-turda “Qo‘qon-1912” – “Andijon” bellashuvi o‘tkazilgan bo‘lsa, bu safar Farg‘onada “Neftchi” “Qo‘qon-1912”ni qabul qiladi. Bu to‘qnashuvni viloyat derbisi deb atasak ham bo‘laveradi. Ikkala klub dastlabki turda durang o‘ynashdi. Bu chindan ham juda qiziqarli qarama-qarshilik bo‘ladi. Muxlislar ham shu kuni ikkiga bo‘linishadi. Albatta, “Neftchi”ning ishqibozlari ko‘proq bo‘lishi tabiiy. Farg‘onaliklarning imkoniyati yuqori baholanayotgani bor gap. Biroq futbolda ayniqsa, bunday derbilarda hamma narsa bo‘lishi mumkin. “Neftchi” tajriba borasida, qo‘qonliklar esa ishtiyoq evaziga nimadir qilishi mumkin.
15 mart
17:55. “Sho‘rtan” – “Bunyodkor”
Qarshidagi “Markaziy” stadionda “Sho‘rtan” nominal mezbon sifatida “Bunyodkor”ni qabul qiladi. Bir necha yildan so‘ng Superligaga qaytgan g‘uzorliklarni juda mashaqqatli va og‘ir mavsum kutayotgani sir emas. Boz ustiga Anvar Berdiev jamoasi chempionatni mag‘lubiyat bilan boshladi. Tarkib, nom va o‘yin jihatidan “Bunyodkor” ustunroq ko‘rinyapti. “Sho‘rtan”ning uy maydoni ta’mirlanayotgani bois Qarshida o‘ynab turadi. Ammo bu degani ular deyarli o‘z uyida o‘ynayotganini anglatadi. “Sho‘rtan” uchun har bir bahs final. “Bunyodkor”ning “Neftchi”ga qarshi o‘yinidan kelib chiqsak, ularda ustunlik ko‘proqdek, lekin bu – futbol!
19:30. “Andijon” – “Nasaf”
Turning markaziy uchrashuvi Andijondagi “Bobur arena” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘tgan yilgi mamlakat chempioni va Kubok sohibiga qarshi o‘ynaydi. Juda qiziqarli va hujumkor uchrashuv kutmoqda. Stadionda ham muhit juda yuqori darajada bo‘lishi shubhasiz. O‘tgan yili “Nasaf” Andijonda ikki marta o‘ynagan, ammo g‘alaba bilan qaytmagan. Bir durang va mag‘lubiyatga uchragandi. “Andijon” klubi oldiga sovrinli o‘rinlardan birini egallash vazifasi qo‘yildi va bu borada klub o‘z-o‘zidan “Nasaf”ning raqobatchisiga aylandi. Endi jamoa chempionni yutishi uchun yanada kuchliroq o‘yin ko‘rsatishi darkor. “Nasaf”ning yangi hujumchisi Rubin Xebay ilk bor Andijonga raqib sifatida keladi. Uni mahalliy muxlislar qanday qarshi olishlarini kuzatish ham qiziq.
20:15. “Dinamo” – “Mash’al”
Superligaga qaytgan “Mash’al” uchun yangi mavsumning ilk rasmiy o‘yini 2-turdan boshlanadi. Sababini bilsangiz kerak, dastlabki turda “Mash’al” safarda “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushishi kerak edi. Biroq “Paxtakor”ning OChLdagi o‘yini sababli qoldirilgandi. Shu bois muborakliklar uchun yangi mavsum “Dinamo”ga qarshi bahs orqali boshlanadi. Albatta, favorit maydon egalari. Namanganda samarqandliklar tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarishdi va alamli tarzda bir ochko bilan qaytishdi. “Mash’al” mezbonlarga qanday qarshilik ko‘rsatishi barcha uchun qiziqarli tuyulmoqda.
16 mart
17:45. “Surxon” – “Xorazm”
Nihoyat, “Surxon” klubi Termizga, o‘z uyiga qaytdi. Surxondaryoliklar orziqib kutgan onlar keldi. Ochilish bahsi haqiqiy bayramga aylanishi shubhasiz. Garchi “Surxon” chempionatni mag‘lubiyat bilan boshlagan bo‘lsa-da, yillar davomidagi pauzadan keyin uyiga qaytgani va minglab muxlislari qarshisida to‘p surishi evaziga jamoaning kayfiyati yaxshi. “Xorazm”ga qiyin bo‘ladi, biroq Hakim Fuzaylov jamoasi go‘yoki “chaqilmas yong‘oq”dek ko‘rinyapti. Balki “Surxon” “chaqib” qo‘yar!
19:30. “So‘g‘diyona” – “Navbahor”
Ushbu juftlik o‘rtasidagi o‘yin ham turning markaziy uchrashuvlaridan biri. “So‘g‘diyona” mavsumni safarda “Nasaf”ga qarshi boshladi va yutqazdi. “Navbahor” esa Namanganda “Dinamo” bilan durang qayd etdi. Ivan Boshkovich boshchiligidagi jizzaxliklar har doim boshqalar uchun qiyin va murakkab raqiblar sirasiga kiradi. Sergey Lushchan yangilik o‘ylab topmasdan to‘g‘ri taktika tanlashi shart, aks holda “Navbahor” o‘z muxlislarini xafa qilib qo‘yishi mumkin.
20:00. OKMK – “Paxtakor”
“Paxtakor” OChL Elit musobaqasida “Al-Hilol”ga ikki o‘yin natijasiga ko‘ra engildi va musobaqani tark etdi. Endi “Sherlar” bor e’tiborini chempionatga qaratadi. Aynan OChL sababli jamoaning Superligadagi birinchi tur bahsi qoldirilgandi. Shuning evaziga ular chempionatdagi dastlabki o‘yinida maydonga tushishadi. Lekin raqib jiddiy. Mirjalol Qosimov boshchilik qilayotgan OKMK har qanday holatda ham “Paxtakor”ga kurash taklif qiladi. Buni o‘tgan yillar mobaynida ko‘rdik. Mazkur o‘yin ham turning e’tibor markazida. Hozircha imkoniyatlar teng. Qolganini o‘yinda ko‘ramiz.
Fikrlar