
Zamonaviy beshkurash. Terma jamoamiz a’zolari Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorlanishmoqda
Zamonaviy beshkurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Kuni kecha yoshlar terma jamoamiz “Bo‘ston” dam olish maskani hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida navbatdagi yig‘inni yakunladi. Mashg‘ulotlar davomida sportchilar uchun konkur va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha (qilichbozlik, suzish, o‘q otish va yugurish) sinov-test musobaqasi o‘tkazildi. Uning yakuniga ko‘ra, Mixail Kokozidi birinchi, Sherjon Ahmedov ikkinchi, Doniyor Rahimov esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Ta’kidlash joiz, mazkur sinov musobaqasi murabbiylar shtabi uchun mavsumning qolgan qismida terma jamoa tarkibini shakllantirib olishda yordam berdi. Xato va kamchiliklar belgilab olinib, nimalar ustida ishlash kerakligi qayd etildi. Ertaga terma jamoa navbatdagi yig‘in uchun Qirg‘izistonning Issiq-ko‘l shahriga yo‘l oladi. Xalqaro maqomda o‘tadigan ushbu yig‘inda Qirg‘iziston, Belarus, Qozog‘iston va Rossiya terma jamoalari ham ishtirok etadi.
Jamoa etakchisi Alise Faxrutdinova esa Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatida joylashgan “Planernaya” Olimpiya markazida mashg‘ulotlarni davom ettirmoqda. Sportchimiz 10 aprel kuni Anqara shahrida o‘tadigan Jahon kubogining ikkinchi bosqichida ishtirok etish uchun Turkiyaga yo‘l oladi. Ushbu start atletimizga Parij-2024 litsenziyalari o‘ynaladigan Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik oldidan muhim musobaqa hisoblanadi.
Manba: MOQ
Fikrlar