Zidan quyi liga klubida asosiy figuraga aylandi
Mashhur futbol yulduzi Zinedin Zidanning darvozabon o‘g‘li Lyuka Jazoir milliy terma jamoasi safida Afrika Millatlar kubogida ishtirok etganidan keyin birdaniga ishlari yurishib ketdi.
Ispaniya chempionatining quyi ligasida “Granada” darvozasini qo‘riqlayotgan Lyuka Zidan jamoaning asosiy posboniga aylandi. Madriddning “Real” klubida tarbiyalangan bu golkiper Marokash mezbonlik qilgan Afrika Millatlar kubogi musobaqasida muxlislar diqqatini qozongan shaxslardan biri bo‘ldi.
Fransiya terma jamoasiga kira olmasligini yaxshi bilan Lyuka kelib chiqishi Jazoirga borib taqalganligi uchun xalqaro maydonda ushbu mamlakat sharafini himoya qilishni tanladi.
Lyuka Zidan qit’a chempionatidagi o‘yinlari bilan o‘ziga katta shubha bilan qaragan jazoirlik muxlislarning mehrini qozona oldi. Ammo “Granada”dagi vaziyat murakkab edi. Boisi, Andalusiya klubi butun transfer oynasi davomida jazoirlik darvozabonga raqobatchi qidirdi.
27 yoshli golkiper Afrika chempionatidan qaytganidan keyin kutilmaganda “Granada” safida o‘ta ishonchli o‘yin ko‘rsatdi va jamoa beshta o‘yindan faqat bittasida “Leganes”ga mag‘lub bo‘ldi. Qolgan bahslarda uchta g‘alaba va bitta durang qayd etdi.
Ayniqsa, xavfli hududda borayotgan “Granada”ning musobaqa peshqadami “Rasing Sander”ni 1:0 hisobida mag‘lub etishida Lyukaning xizmatlari katta bo‘ldi. Jamoa ishonchli o‘yinlar va darvozani mustahkam qo‘riqlayotgan Zidan yordamida xavfli hududdan uzoqlasha boshladi.
Aytilish mumkinki, jamoada asosiy darvozabon borasidagi bahslar tezda barham topdi. Lyuka Zidan Marokashga ketgan paytda uning o‘rnini bosgan Ander Astralaga o‘zini ko‘rsata olmadi. Endi hech qanday shubha yo‘q: “Granada” darvozasining haqiqiy egasi — Lyuka Zidan bo‘ladi.
Fikrlar