Anvar Boynazarovning navbatdagi raqibi va jang sanasi ma’lum
O‘zbekiston professional muaytay olamining yorqin vakili Anvar Boynazarov nafaqat yurtimizda balki, jahonda ham anchagina mashhur sanaladi. U bir necha yillar "Glory"da o‘z janglarini o‘tkazib, barchaga kuchli va iste’dodli jangchi ekanligini isbotlagan edi.
Keyinchalik u o‘z kuchini MMAda ham sinab ko‘rishga qaror qildi va hozirga qadar 3 ta jang o‘tkazib ulgurdi. Quvonarlisi u har uch jangida ham muddatidan avval g‘alabaga erishdi. So‘ngi jangini yurtdoshimiz LFA (Legacy Fighting Alliance) promoushenida Jon Famga qarshi o‘tkazib, dastlabki daqiqadayoq uni nokautga uchratgandi.
Oradan ko‘p o‘tmay hamyurtimiz yana jang qilishga qaror qildi va yakunda "Titan FC" promoushenida oktagonga ko‘tariladigan bo‘ldi. U navbatdagi jangida AQSh vakili Ryan Kuse bilan to‘qnash keladi. Mazkur jang 18 fevral kuni AQShda bo‘lib o‘tadi.
Kuse faoliyati mobaynida 5 ta jang o‘tkazgan va barchasida g‘alabaga erishgan. Bir so‘z bilan aytganda ikki mag‘lubiyatsiz odimlayotgan, ajoyib jangchilar bahs yuritadi.
O‘z o‘rnida yurtdoshimizga ushbu muhim jangda omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!
Fikrlar