Artyom Petrosyan: "Bu muvaffaqiyatni 2 oy kutgandik"
Proliganing 17-turidan joy olgan "Olimpik" – "Jayxun" (3:1) uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Artyom Petrosyan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Bu haqida klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
"Uzoq kutilgan g‘alabaga erishdik. Bolalarga o‘yin uchun rahmat. Ko‘p narsa o‘xshamadi, oddiy vaziyatlarda to‘pni yo‘qotyapmiz. Uchrashuvni ko‘rib chiqib, tahlil qilamiz. Bu muvaffaqiyatni 2 oy kutgandik. Futbolchilar oxirigacha kurashib, borini berib o‘ynadi. Yosh o‘yinchilarimiz yana gol uraman deya, sal xatoliklarga yo‘l qo‘yishdi. Biroq ularga minnatdorlik bildiraman. Uchinchi golni ertaroq ursak bo‘lardi, shunda o‘yin so‘ngida asabiylik kuzatilmasdi.
- Oldinda jamoani "Olimpik-MobiUz" bilan muhim uchrashuv kutmoqda. Bugungi g‘alaba futbolchilar ruhiyatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?
- O‘tgan o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin kiyinish xonasiga kirsam, hamma xafa edi. Hozir esa barcha-barcha xursandligini ko‘rdim. Albatta, bu g‘alaba ruhiy tomondan ishonch bag‘ishlaydi. Hozircha dam olamiz va keyin 28 oktyabr kungi bahsga tayyorgarlik ko‘ramiz. "Olimpik-MobiUz" bilan jiddiy uchrashuv bo‘ladi, bu – bolalarga motivatsiya berish ham shart bo‘lmagan bellashuv.
Fikrlar