Ilhom Mo‘minjonov: "Biz uchun har bir bahs finaldek o‘tyapti"
Pro liganing 4-turi doirasida "Metallurg" – "BuxDU" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda mezbonlar raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va 3:0 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritdilar.
O‘yindan keyin klub matbuot xizmati bekobodliklar bosh murabbiyi matbuot anjumanida ishtirok etganini ma’lum qildi.
“Chiroyli g‘alabaga erishdik. Bu bilan jamoamiz a’zolarini va bekobodliklarni tabriklayman. Futbolchilarimizning o‘yini turdan-turga ochilib boryapti. Bugun biz murabbiylar xohlagan futbolni namoyish etib, chiroyli g‘alabaga erishdik.
Hozir pro ligada ham xuddi Superliga kabi "boxing day" ketyapti. Tez-tez maydonga tushyapmiz. Futbolchilarga dam berish maqsadida ikkinchi bo‘limda futbolchilarni zahiraga oldik, chunki keyingi bahsni safarda "Paxtakor farm"ga qarshi o‘tkazamiz. U ham muhim o‘yin bo‘ladi.
Tanaffusda yigitlarga to‘pni nazorat qilish kerakligini aytdim. Hisob 2:0 dan keyin hotirjamlikka berildik va hujum chizig‘imizda tezlik yo‘qoldi.
"Sho‘rtan", "Kattaqo‘rg‘on" qatori "Aral" bilan "Mobiyuz" oldiga ham aniq vazifa qo‘yilganidan xabardormiz. Biz uchun har bir bahs finaldek o‘tyapti. Ayni damda bor e’tiborimiz "Paxtakor farm"ga qaratilgan.
O‘yindan keyin klubimiz prezidenti kiyim almashtirish xonasiga kirib g‘alaba bilan tabrikladilar va futbolchilarga motivatsiya berdilar. Klubimiz rahbarining bunday qo‘llab-quvvatlashi jamoaga katta ruhiyat beradi. Bundan biz murabbiylar ham, jamoamiz a’zolari ham nihoyatda xursand”.
Fikrlar