“Liverpool” yetakchisi “Enfild”da qoladi
“Liverpul” klubi oʻz darvozaboni Alison Beker bilan tuzilgan shartnomani uzaytirish imkoniyatidan foydalandi.
Sky Sports jurnalisti Vinni O'Konnorning xabariga koʻra, klub braziliyalik posbon bilan bitimni 2027 yil yoziga qadar amal qilishini taʼminlovchi bandni faollashtirdi.
Eslatib oʻtamiz, mersisaydliklar 2024 yil yozida jamoaga yana bir iqtidorlu gruziyalik darvozabon Giorgi Mamardashvili ni olib kelgan edi. U bir mavsum ijarada Ispaniyaning “Valensiya” klubi tarkibida oʻynab, joriy mavsumdan boshlab “qizillar” safiga qoʻshildi.
Shunga qaramay, Alison optimal formada boʻlgan paytda bosh murabbiy Arne Slot braziliyalik kiperga darvozani toʻliq ishonmoqda. Alison kelasi mavsumda ham klubning 1-raqamli darvozaboni boʻlishi aniq boʻlgan.
33 yoshli posbon 2018 yilda “Roma”dan 75 mln yevro evaziga “Liverpul”ga transfer qilingan edi. Bu oʻsha davrda darvozabonlar uchun rekord summa hisoblangan. Bekerning ayni kundagi bozor qiymati 19 million yevroni tashkil qilmoqda.
Yangilangan shartnoma bilan qoʻshib hisoblanganda, Alisonning “Enfild”dagi faoliyati toʻqqiz mavsum davom etadi. Agar “qizillar” unga yangi shartnoma taklif qilmasa.
Mirzabek Xolmurotov
Fikrlar