"Navbahor" futbolchisi legionerga aylanishi mumkin
Mavsum boshida “Navbahor” klubi bir qancha yangi o‘yinchilarni o‘z safiga qo‘shib olgandi. Ammo ularning barchasi ham asosiy tarkibda o‘ynab keta olmadi.
Misol uchun andijonlik Xushnud Avilov faqatgina bir marta, 6-turda “Navbahor”ning “Turon”ga qarshi uchrashuvida to‘liq ishtirok etdi xolos. Ayrim paytlarda esa, u yoshlar jamoasida o‘ynab turdi.
Sports.uz ma’lumotiga qaraganda, ushbu himoyachi “Navbahor”ni tark etmoqchi. Mazkur masala bo‘yicha futbolchi bilan bog‘landik.
- “Navbahor”da menga kam imkoniyat berildi. Shu sababdan murabbiyga hech bo‘lmaganda yoshlar jamoasi safida o‘ynab, sport formamni ushlab turishimga ruxsat berishini aytdim. Viktor Jalilov negadir menga kam imkoniyat berdi. Yoshlarga imkoniyat bergani qo‘rqdi. Odatda, Viktor Romanovich tavakkal qilishni xohlamaydi. Yoshlar jamoasi safida ham ko‘p o‘ynamadim. Ayrim sabablarga ko‘ra, uyda bo‘ldim. Bir o‘zim shug‘ullanib turdim. Mana, 10-15 kundan beri jamoa bilan birga bo‘ldim. Rahbariyat bilan gaplashyapman. “Navbahor”dan ketmoqchiman. Ularga ketishimga ruxsat beringlar, deb aytdim. Hozircha klub aniq javob aytgani yo‘q, - deydi Avilov.
Ma’lumki, 23 yoshli futbolchi “Navbahor”ga “Andijon”dan qo‘shilgan. Kecha vodiy derbisida “Andijon” ilk bor Namangan maydonida g‘alaba qozonib qaytdi. Ko‘pchilik buni kutilmagan natijaga ham qiyoslashyapti. Avilov esa sobiq klubining g‘alabasi haqida shunday dedi:

- “Andijon” jamoasining Namangandagi g‘alabasi kutilmagan natija bo‘lmadi. “Andijon”ning qanday o‘yin ko‘rsatishini bilaman. O‘zim u erda o‘ynayotganimda Namanganda durang o‘ynab ketgandik. Shuni bilamanki, “Navbahor” bilan o‘yin bo‘lsa, “Andijon” rahbarlari, futbolchilari va muxlislari ham jiddiy tayyorlanadi. Shuning uchun ularning yutug‘ini kutilmagan natija, deb o‘ylamayman. Balki “Navbahor” futbolchilari o‘yindan avval yutib qo‘yishgandir va raqibni u qadar mensimagandir. “Andijon”ni haqli g‘alabaga erishgani bilan tabriklayman.
Xullas, Avilov “Navbahor”ga qo‘shilganidan keyin deyarli o‘yin amaliyotisiz qolib ketdi. Bunday vaziyatda u mazkur jamoaga o‘tganidan afsuslanib qolmadimi?
- Futbolda hamma narsa bo‘ladi. Bir qadam orqaga yurib, endi ikki qadam oldingaqadam bosish mumkin. “Navbahor”dagi ishlarim yomon emas, faqat kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldim. Hozir men rosa o‘ynaydigan va o‘sadigan yoshdaman. Menda 3-4 ta takliflar bor, shularni ko‘rib chiqyapman. Hammasini “Navbahor” rahbariyati bilan kelishgan holda hal qilamiz.
Mavsumni katta maqsadlar bilan boshlagan “Navbahor”ning turnir jadvalida o‘ziga yarashmagan o‘rinda ekanligi namanganlik muxlislarni ranjityapti. Xushnud jamoasining birinchi davradagi ishtiroki xususida ham munosabat bildirdi.
- Jamoaga barqarorlik etishmayapti. Murabbiyga ko‘proq imkoniyat berish kerak, klubda esa murabbiy almashib turibdi. Natijada “Navbahor” bir tekisda g‘alabalarga erisha olmayapti. Shuning uchun ham klub o‘ziga yarashmagan 10-o‘rinni egallab turibdi. “Andijon”ga qarshi uchrashuv ham “Navbahor” o‘ziga kerakli natijani qo‘lga kiritadigan o‘yin edi, ammo ochkolarni berib qo‘ydi.

Darvoqe, Avilovni yana “Andijon”ga qaytishi mumkin, degan gap-so‘zlar ham yo‘q emas. Umuman aytganda, futbolchi o‘ziga qaerlardan aniq takliflar bo‘layotaniga ochiqlik kiritdi.
- “Andijon” menga hali taklif bilan chiqqani yo‘q. Ammo o‘zim ham ko‘cha-kuyda Avilov “Andijon”ga qaytarkan, degan gaplarni eshitib turibman. Bu faqat muxlislarning gapi. Yana takrorlayman: klubdan menga taklif bo‘lmadi. Agar chorlov bo‘lsa, o‘ylab ko‘raman. Rostini aytaman, ayni paytda oldimda Indoneziya va Malayziyadan aniq takliflar turibdi. Ularga o‘zim haqimdagi barcha ma’lumotlarni yuborganman. Endi “Navbahor”ning javobiga qarab turibman. Xorijdagi klublar meni sotib olmoqchi emas, erkin agent sifatida kelishimni istayapti. Bundan tashqari, Superligining ikki-uchta klubidan ham aniq takliflar bor. Boya aytdim, “Navbahor”da kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapman. Bungacha ikki yil davomida “Andijon”da to‘liq o‘ynadim va o‘sishga erishdim. Afsuski, “Navbahor”ga kelib faqat bitta o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdim xolos. Menga boshqa imkoniyat berilmadi. Superliganing ikkita klubidan 100 foizli taklif turibdi. Malayziya klubini murabbiyi ham meni o‘z jamoasida ko‘rmoqchi. Katta ehtimol bilan ikkinchi davrani boshqa klubda o‘tkazaman. “Navbahor” men bilan hamkorlikni davom ettirishni xohlamayapti. Ularga ham menga o‘yin amaliyoti zarur, deb aytdim va meni to‘g‘ri tushunishlarini so‘radim.

Fikrlar