Navro‘z Iminjonov: "Pro ligada oson raqibning o‘zi yo‘q"

  • 24.04.2026 00:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

"Metallurg" jamoasi navbatdagi tur uchrashuviga, "Paxtakor" FJga qarshi bahsga tayyorgarlikni boshlab yubordi.  Klub matbuot xizmati esa hujumchi Navroʻzbek Iminjonovga baʼzi savollar bilan yuzlandi.   

Maʼlumot uchun, Iminjonov pro liga 4-turidan soʻng toʻpurarlar bahsida (3 ta gol bilan) ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. Yetakchi "Aral" vakili Qalmagambetov hisobida 4 ta toʻp mavjud.

- Yangi mavsumning 4 ta turi ortda qoldi. Siz uchun qaysi jamoa eng noqulay raqib boʻldi?

- Men uchun eng noqulay raqiblardan biri 1-turdagi "Yaypan" jamoasi boʻldi. Bu jamoada juda yaxshi tarkib yigʻilgan, tartibli va kurashuvchan oʻyin koʻrsatadi. Qoʻshimchasiga mavsumdagi birinchi oʻyin edi. Ana shu bahsda biroz qiynaldik, ayniqsa, oʻyin tempi va bosim yuqori boʻldi. Shu bilan birga "Yaypan" bosh murabbiyi Rashid Gʻofurovni alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman. U inson katta futbolga qadam qoʻyishimda muhim rol oʻynagan. Shuning uchun bu jamoaga qarshi oʻyin men uchun boshqa bahslardan ajralib turibdi. 

- Tighiz taqvim va futbolchilarning unga moslashishi haqida...

- Albatta, tighiz taqvim futbolchilarga maʼlum darajada qiyinchiliklar tugʻdirmoqda. Ayniqsa, oʻyinlar oraligʻida tiklanish jarayonida biroz qiyinchiliklar bulyapti. Ammo bu futbolning bir qismi — biz har qanday holatga tayyor boʻlishimiz zarur. Jamoadoshlarim bilan bunga moslashib boryapmiz va har bir oʻyinga maksimal darajada tayyor boʻlishga harakat qilyapmiz.

- Ortda qolgan 4 ta bahsda 3 ta gol va toʻpurarlar poygasida 2- oʻrindasiz. Mavsum starti oldidan toʻpurar boʻlish haqida oʻylaganmidingiz?

- Albatta, har bir hujumchi oʻz oldiga toʻpurar boʻlishni maqsad qilib qoʻyadi. Mavsum boshida mana shuni niyat qilganman va har bir oʻyinda jamoamga foyda keltirib, gol urishga harakat qilyapman. Biroq eng muhimi — jamoa natijasi. Ana undan keyin imkon boʻlsa, albatta, liga toʻpurarligi uchun ham kurashaman. 

- Navbatdagi raqib — "Paxtakor" FJ haqida nimalar deya olasiz? Ushbu bahsga tayyorgarlik haqida gapirsangiz.

- 5-turdagi raqibimiz — "Paxtakor" FJ. Bu jamoa yosh va iqtidorlu futbolchilardan shakllangan. Juda tezkor va intiluvchan yigitlar bor. Tayyorgarligimizga kelsak, odatdagidek, barcha astoydil mehnat qilmoqda. Ushbu bahsga ham gʻalabani koʻzlab tayyorlanyapmiz. Pro ligada oson raqibning oʻzi yoʻq.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!