Qarshidan bo‘lgan klub Pro ligada ishtirok etadi
Pro liganing yangi mavsumida Qarshi davlat universiteti qoʻshidagi "Lochin" klubi ishtirok etadi. Bu haqida liganing rasmiy sahifasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, oʻtgan yilning 9 dekabr kuni Liga ishchi guruhi Qarshi shahrida boʻlib, Qarshi davlat universiteti hududida barpo etilayotgan stadionda oʻrganish ishlarini olib borgan.
7 aprel kuni esa Qarshi davlat universiteti va Liga oʻrtasida memorandum imzolangan boʻlib, "Lochin" klubi unda belgilangan yoʻnalish asosida faoliyat yuritgan va debut mavsumidayoq futbol jamoatchiligi eʼtiborini oʻziga jalb etgan. Shu davr mobaynida "Lochin" Pro ligada ishtirok etish uchun talabgor klub sifatida barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirdi.
Eng soʻnggi bosqichda universitet rektori Dilmurod Nabiev "Lochin" klubining 2026 yildan eʼtiboran ligada ishtirok etishini kafolatlovchi rasmiy xatni Ligaga taqdim etdi. Universitet jamoasi tomonidan Liga qoʻygan talablar bosqichma-bosqich bajarib kelingani inobatga olinib, "Lochin" Pro liga ishtirokchilari safiga qabul qilindi.
Shu tariqa, Pro ligada universitetlar qoʻshidagi klublar soni ikkitaga yetdi. Eslatib oʻtamiz, oʻtgan mavsum Fargʻona davlat universiteti jamoasi musobaqada munosib ishtirok etgan edi. Universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov joriy mavsumda ham FARDU klubi Pro ligada toʻp surishini tasdiqladi", — deyiladi xabarda.
Fikrlar