Ro‘ziqul Berdiev: "O‘tgan o‘yindan so‘ng aytgan gaplarimni barcha noto‘g‘ri tushunibdi. Men boshqa narsani nazarda tutgan edim" (matbuot anjumani)
Superliganing 27-turida "Navbahor" o‘z uyida "Nasaf"ni qabul qilib, 0:0 hisobidagi durangga imzo chekdi. "Ajdarlar" esa yana qimmatli 2 ochkoni yo‘qotdi. Ushbu uchrashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Navbahor" jamoasi bugun juda yaxshi himoyalandi. Bu ularning rejasi edi. Shunday bo‘lsa ham biz pozitsion hujumlar yarata oldik. Agar birinchi bo‘limdagi va ikkinchi bo‘limdagi ayrim vaziyatlarni, masalan Cheranning zarbasi darvoza to‘siniga tekkan to‘pi gol bilan yakunlanganda vazifamiz yana engillashishi mumkin edi. Bugun albatta g‘alaba uchun maydonga tushgan edik, futbolchilarga ham minnatdorchilik bildirdim. Chempionat hali davom etadi, hali yakunlanmadi".
Bugun biz asosan "Nasaf" futbolchilarida emas, aynan sizda ko‘rdik - chempionlik uchun siz ko‘proq harakat qilmoqdasiz. Buning sabablari nimada?
"O‘yinimizda ishtiyoq menda ham, futbolchilarda ham etarlicha edi. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, har 4 kunda bir o‘yinda ishtirok etmoqdamiz. Kechagi intervyuda ham aytib o‘tdim, mening holatimda bo‘lish juda og‘ir, uchrashuvlar uchun futbolchilarni tayyorlash qiyin. Biz bugun o‘yin o‘tkazdik, 3 kundan so‘ng Chempionlar ligasida ham o‘ynaymiz. Qaysi tarkibni maydonga tushirishimni ham o‘ylashim kerak. U erda ham pley-offga chiqishimiz kerak. Futbolchilarning charchoqlari ham bugungi uchrashuvda yaqqol ko‘rindi. Balki shu narsa sizlarga shunday ko‘ringandir. Agar jamoaning jismoniy holati yaxshiroq bo‘lsa, albatta natijalarimiz ham yaxshiroq bo‘lar edi".
So‘nggi uchrashuvdan so‘ng ancha ochiq gapirdingiz. Aynan o‘sha gaplarda kimlarni nazarda tutgan edingiz?
"To‘g‘risi, ko‘plab saytlarni kuzatmayman. Buni avval ham aytganman. U gaplarimni ko‘pchilik noto‘g‘ri tushunibdi, lekin uni to‘g‘ri qabul qilishlari kerak edi. Yashirincha hech narsa yo‘q. Har bir jamoaning mehnatini qadrlayman. Bilasiz, "Neftchi"ning OKMK bilan o‘yinida 20 mingga yaqin muxlis tashrif buyurdi. Keyin "Sho‘rtan"ga borishdi. Undan so‘ng esa Toshkentga kelib, "Nasaf" - OKMK uchrashuvida bizga qarshi muxlislik qilishdi. Bugun ham 5 ming odam stadionga tashrif buyurgan. Bu haqiqatdan qahramonlik hisoblanadi. Men asosan shularni nazarda tutgan edim".
O‘sha OKMKga qarshi to‘qnashuvda o‘tiribmiz, 2 mingga yaqin "Neftchi"ning muxlisi bizga qarshi muxlislik qilyapti-da. Biz shuni o‘yin davomida muhokama qildik va matbuot anjumanida shuni aytgan edik. Hali turnir tugamadi, kim chempion bo‘lishidan qat’iy nazar men tabriklagan bo‘lar edim. Sababi, ular ham ancha mehnat qilishmoqda".
Bu yil "Nasaf" amaldagi chempion sifatida chempionlik uchun kurashmoqda. Oldinlari esa bunday bosim yo‘q edi. Hozir bu ham qandaydir ta’sir ko‘rsatmoqdami?
"Manimcha, biz o‘tgan mavsum har jabhadan qolganlarga qaraganda ustunroq edik. O‘tgan yili 3 tur avval chempionlikni rasmiylashtirgan edik. Bu mavsum uchun chempionlik uchun kurashadigan jamoalarning soni ko‘paydi. Shuningdek, o‘rtamiyona klublardan ham ochko olishga qiyin bo‘lmoqda. Shu sabab, albatta himoya qilish qiyin bo‘lmoqda, lekin aytganimdek, so‘nggi soniyalargacha kurashamiz".
Bir necha yillardan buyon "Nasaf"ning mavsum so‘nggida natijalari pasayib bormoqda. Buni nima bilan izohlaysiz?
"Hozir so‘nggi 2 yilni oladigan bo‘lsak - o‘tgan mavsum chempionlikni rasmiylashtirib bo‘lganimizdan so‘ng o‘yinni tashlab yuborgan edik. Imkon qadar so‘nggi turgacha kurashamiz".
Bugun Oybek Bozorov tarkibda ko‘rinmadi. Bunga asosiy sabab nima?
"Kecha kasal bo‘lib qoldi. Shu bois, mashg‘ulotlarda ham ishtirok etmadi va bugungi uchrashuv uchun qaydnomaga ham kiritilmadi. Bu katta yo‘qotish edi".
Fikrlar