"Surxon" bosh murabbiyi: "Biz o‘zimizga yarasha tavakkalga boramiz"
"Lokomotiv" - "Surxon" (3:1) oʻrtasidagi uchrashuvdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Stanislav Qudryashov matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.
- Futbol mavsumi boshlangani bilan barchani tabriklayman. Mavsum juda qiyin va qiziqarli boʻladi. Terma jamoamiz ham ilk marotaba JChga chiqdi. Mavsumni gʻalaba bilan boshlasak zoʻr boʻlardi, ammo futbolda gʻalabani ikkiga boʻlib boʻlmaydi. Birinchi boʻlimni juda yomon tarzda boshladik. Yigitlarni maydonda tanimadim. Balki hayajon oʻz soʻzini aytgandir. Hozir bir nima deyish qiyin. Video tahlildan soʻng bir xulosaga kelamiz. Oldinda ikkita uy oʻyinimiz bor. Keyingi uchrashuvlarda muxlislarimizni chiroyli oʻyin bilan xursand qilamiz, degan umiddaman", - deya fikr bildirdi Stanislav Qudryashov.
- "Surxon" 2023 yildagi mavsumdan buyon chempionatni magʻlubiyat bilan boshlamoqda. Yangi mavsum ham bundan istisno boʻlmadi. Bunday yomon statistikani sababi nimada?
- Buni bilardik va shu haqida futbolchilar bilan gaplashgandik. Bilmadim, ushbu yomon anʼanaga chek quya olmayapmiz. Hozir bir nima deyish notoʻgʻri, birinchi barchasini tahlil qilib olaylik. Hissiyotlarga berilib turibman. Aytib oʻtganimdek, birinchi boʻlim juda yomon boʻldi. Tanaffusdan keyin esa biroz jonlandik, ammo oʻtkazib yuborgan ikkinchi gol oʻyin taqdirini hal etdi.
- Mavsumdan oldingi intervyulardan birida asosiy maqsadimiz yoshlar uchun eʼtibor imkoniyat berish dedingiz. Jamoa tarkibi ham ancha yoshardi. Yoshlar iborat tarkib tuzish kelajakdagi qiyinchiliklarga sabab boʻlmaydimi? Yoshlarga tajriba etishmasligi mumkin va oldinda uzun mavsum bor.
- Klubimiz rahbariyati shunday yoʻlni tanlaydi. Yoshlarni tarbiyalash va ularga imkoniyat berish. Bu juda qiziqarli va toʻgʻri qaror deb oʻylayman. Legionerlarni ham safimizga qoʻshib oldik. Bir futbolchimiz Serbiyadа oʻynagan, Richard Fraydey esa oʻtgan yili "Dinamo"da oʻynadi. Avvalroq aytib oʻtganimdek, birinchi taymda futbolchilarni tanimadim. Oʻtkazib yuborgan golimiz sabablimi, bilmadim. Tajribali darvozabonimiz bunday gol oʻtkazib yubordi. Umuman olganda, biz tanlagan yoʻl shu. Tavakkal qilmagan inson shampan ichmaydi, degan maqol bor-ku. Biz oʻzimizga yarasha tavakkalga boramiz. Imkon qadar toʻgʻri qaror qabul qilishga va oʻz ustimizda ishlashga intilamiz. Keyingi oʻyinlarimiz bugungidan yaxshiroq boʻladi, degan umiddaman.
- Demak, "Surxon" yoshlarga imkoniyat berish yoʻlini tanlagani uchun natijaga kamroq eʼtibor beradimi? Yaʼni, jamoa uchun musobaqa jadvalidagi egalanadigan oʻrinning ahamiyati kamayadimi?
- Har bir futbolchilar necha yoshda boʻlishidan qatʼiy nazar gʻalaba uchun maydonga tushadi. Hech kim magʻlubiyat uchun maydonga tushmaydi. Tarkibimizda iqtidorlu futbolchilar koʻp va har bir futbolchi oʻz yosh toifasidagi terma jamoa aʼzosi. Har bir oʻyin tajriba degani. Turkiyadagi yigʻin doirasida koʻplab oʻrtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etdik. Rasmiy oʻyin esa biroz farq qiladi. Hech qisi yoʻq, shunday oʻyinlar orqali oʻsib boramiz. Egalaydigan oʻrnimiz imkon qadar teparoqda boʻlgani yaxshi. Birinchi navbatda muxlislar uchun, sababi futbol muxlislar uchun oʻynaladi.
- Bugungi uchrashuvda Muhammadali Musaxonov ishtirok etdi. Musaxonov Denov futbol maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Joriy mavsumda surxondaryolik yosh charm toʻp ustalariga ham imkoniyat beriladimi?
- Biz oʻz viloyatimiz sharafini himoya qilamiz. Sir emaski, Surxondaryo iqtidorlarga toʻla. Doʻrmonov va Bozorov futbol sulolalari Surxondaryodan chiqqan. Biz yoshlarni topib, ularga imkoniyat beramiz. Birinchi navbatda talantlarni topishga intilamiz. Akademiyamizga eʼtibor qaratganmiz. U19 va U21 jamoalarini kuzatib boryapmiz.
Fikrlar