Uning faoliyatida yangi sahifa yoxud o‘zbekistonlik mutaxassis qo‘shni chempionatda bosh murabbiyga aylandi
Yurtimizda futbol bo‘yicha qo‘shni Qirg‘iziston premer-ligasini kuzatib borayotganlar talaygina. Har xolda u erda ko‘plab hamyurtlarimiz faoliyat olib borishmoqda. Bizdagi kabi Qirg‘iziston premer ligasida ham FIFA kunlari sababli tanaffus yuzaga keldi. Orada Kubok o‘yinlarini o‘tkazishadi.
Qirg‘iziston chempionatida o‘zbek futbolchilaridan tashqari murabbiylarimiz ham mehnat qilib kelishyapti. Yodingizda bo‘lsa, mavsum boshida hamyurtimiz Islom Ahmedov yangi tashkil etilgan “Aziyagol” jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangandi. Ahmedov bungacha “Abdish Ata” klubi bilan ketma-ket ikki yil mamlakat chempionligiga sazovor bo‘lgan. Biroq hozircha Islom Ahmedovning yangi klubidagi natijalari yaxshi emas. 11 ta turdan keyin “Aziyagol” 1 g‘alaba, 2 durang va 8 mag‘lubiyat bilan 5 ochko jamg‘arib, oxirgi – 14-o‘rinda.
Yaqinda esa Qirg‘iziston premer ligasida yana bir o‘zbekistonlik mutaxassis bosh murabbiy sifatida ish boshladi. Ya’ni, premer liga qatnashchisi - “OshMU Aldier” jamoasiga yaqinda o‘zbekistonlik Lutfullo Majidov bosh murabbiy etib tayinlandi.
Andijonlik 42 yoshli ushbu mutaxassis mazkur oyda yangi klubida ish boshladi. Bungacha Lutfullo Maxamatovich yoshlar murabbiyi bo‘lib ishlagan. Masalan, “Andijon” U21 jamoasini boshqargan, “Metallurg”dagi akademiyada ham faoliyat olib bordi.
Aytish mumkinki, Majidovning faoliyatida yangi sahifa ochildi va u ilk bor bosh murabbiy sifatida ishga kirishdi. Boz ustiga boshqa chempionatda ushbu lavozimda faoliyatini boshlagan uning uchun oldinga tashlangan qadam, albatta.
Lutfullo Majidov “OshMU Aldier” jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi debyutini “Kirgizaltin”ga qarshi o‘tkazib 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Keyingi o‘yinda esa safarda Aleksandr Krestinin boshchiligidagi “Bars” klubiga 2:1 hisobida imkoniyat boy berildi. Ayni paytda Majidov boshqaruvidagi “OshMU Aldier” Qirg‘iziston premer ligasida 11 turdan so‘ng 4 g‘alaba, 2 durang va 5 mag‘lubiyat qayd etib, 14 ochko bilan musobaqa jadvalida 6-pog‘onani egallab turibdi.
Lutfullo Majidov jamoasi 12-turni o‘z uyida 11 iyun kuni “Ilbirs”ga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar