
"Metallurg" ustozi Qarshidagi durang haqida: "Taktik jihatdan bu men uchun g‘alaba" - Ernandes bilan hazillashmang!
“Metallurg” mavsumni AGMK ustidan erishilgan g‘alaba bilan boshlagandi. 2-turda esa Qarshida “Nasaf” bilan kechgan o‘ta shiddatli uchrashuvda bekobodliklar iroda ko‘rsatishdi. 80-daqiqada o‘z darvozasidan gol o‘tkazgan “Metallurg” o‘yin oxirlarida ajoyib gol bilan javob qaytarishdi.
Bekobodliklar bu yil ancha-muncha jamoaga bosh og‘rig‘i bo‘lishi aniq. Bosh murabbiy ispaniyalik Luisma Ernandes chindan ham jamoani kuchaytirishga erishibdi. Buni “Nasaf” bilan o‘yin ham ko‘rsatib berdi.
Jamoaning o‘yinida ispaniyalik mutaxassisning imzosi ko‘rinyapti. O‘yindan keyin Sports.uz muxbiri Luisma Ernandes bilan bog‘lanib, ayrim savollarga javob oldi.
- “Metallurg”ning “Nasaf”ga qarshi o‘yini katta taassurot qoldirdi. Ayting-chi, futbolchilaringiz sizning ko‘rsatmalaringizni to‘liq bajara olishdimi?
- Assalomu alaykum. Jamoamiz 100 foiz berilgan vazifalarni bajaryapti. Chunki biz mavsumdan oldingi bo‘lgan tayyorgarliklarda ham chempionatga eng yuqori darajada hozirlik ko‘rganmiz.
- “Nasaf” 80-daqiqada gol urdi. Ammo vaqt oz qolganiga qaramay, jamoangiz ushbu golga juda yaxshi reaktsiya ko‘rsatdi. Standart vaziyatdagi kombinatsiya shu qadar puxta ishlangandiki, bu gol chindan ham ajoyib chiqdi. Xo‘sh, hammasi oldindan o‘ylangan reja asosida qurilganmidi yoki o‘sha vaziyatda tasodifan yuz berdimi?
- Biz qanaqa natija ko‘rsatishimizdan qat’iy nazar – yutamizmi, yutqazamizmi yoki durang o‘ynaymizmi, har doim o‘yinimizga ishlab chiqqan reja bo‘yicha harakat qilamiz. “Nasaf” darvozasiga standart vaziyatdan urilgan javob goli esa ushbu uchrashuvdagi standartlar bo‘yicha ishlab chiqqan rejalarimizdan biri edi. Tabiiyki, ushbu rejamiz amalga oshganidan o‘zim ham juda xursandman. Nafaqat o‘yinda, balki mashg‘ulotlar jarayonida yangidan-yangi standartlar ustida o‘yinchilarimizni shug‘ullantirib boryapmiz.
- Qarshidagi durangni “Metallurg” uchun g‘alabaga tenglashtirsak bo‘ladimi? Ya’ni, jamoangiz bir ochkoni qo‘lga kiritdimi yoki ikki ochkosidan mahrum bo‘ldimi?
- “Nasaf” juda kuchli jamoa edi. 80-daqiqada darvozamizdan gol o‘tkazib yubordik. Lekin 10 daqiqadan so‘ng javob golini urdik. Aytishim kerakki, taktik jihatdan buni men uchun g‘alaba deb bilaman.
- 16 mart kuni “Metallurg” o‘z maydonida “Surxon”ni qabul qiladi. Bilamizki, “Surxon”ni hamyurtingiz Anxel Lopes boshqaryapti. Demak, bu ikki ispaniyalik murabbiylarning to‘qnashuvi ham bo‘ladi. Siz Lopes haqida nimalarni bilasiz?
- “Surxon”ning bosh murabbiyini shaxsan tanimayman. Lekin ikkimizni o‘rtamizda umumiy tanishligimiz bor. Umuman olganda, klub va murabbiy haqidagi fikrim juda ham ijobiy. O‘yindan keyin ham hammasi juda yaxshi bo‘lib qolishini istab qolaman.
- “Metallurg” oldiga aniq vazifa qo‘yildimi? Sizning ijroingizda qanday jamoani ko‘rishimiz mumkin?
- Asosiy maqsadimiz imkon qadar turnir jadvalida eng yuqori o‘rinlarni egallash. Mavsumni juda yaxshi boshladik. Qolganini o‘yinlar ko‘rsatadi. Bizning maqsadimiz – g‘alaba, g‘alaba va yana g‘alaba.
- “Metallurg”da o‘tgan yilgi chempionatning oxirlaridan bosh murabbiylik qilib kelyapsiz. Superligamiz siz o‘ylagan darajadami?
- Umumiy oladigan bo‘lsak, mening fikrim ijobiy. Maydonlarning holati va hakamlarning malakalari oshib bormoqda. Shunga yarasha biz ham Superligada o‘zimizning eng yaxshi o‘yinlarimizni ko‘rsatamiz. Bizning klubda yangi futbolchilar shakllangan. O‘z navbatida hozirgi Superligada o‘ynayotgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun Osiyo Chempionlar ligasi, OFK Kubogi va milliy terma jamoada katta imkoniyat bo‘ladi. Shu tarzda chempionat o‘sib boryapti.
- Chempionatimizdagi favoritlar deb qaysi klublarni ayta olasiz?
- Hozirgi kunda “Paxtakor”, “Nasaf”, AGMK, “Navbahor” jamoalarini favoritlar deb bilaman. Futbolning rivoji uchun ko‘p investitsiya kiritayotgan klublar ham shular deb hisoblayman.
- Keyingi o‘yinlarda sizga va jamoangizga omad tilaymiz.
- Rahmat.
Fikrlar