"Bizga shubha qiladiganlarga natijalarimiz bilan javob qaytaramiz" - "Lokomotiv" bosh murabbiyi AGMK qanday mag‘lub etilgani haqida gapirdi

  • 12 mart, 2022, 08:23
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi chempionatning ikkinchi turida o‘z uyida AGMKni qabul qildi.

Juda shiddatli kechgan uchrashuvda mezbonlar iroda va xarakterini ko‘rsata olishdi. Chunki mehmonlar uchrashuvda hisobni ochganiga qaramay, keyinchalik mezbonlar ikkita gol urdi va g‘alabani ilib ketdi.

O‘tgan turda “Qizilqum”ga engilgan “Loko, bu safar muxlislarini quvontirishga erishdi va mavsumdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Uchrashuvdan keyin “Lokomotiv” klubi bosh murabbiyi Denis Korostichenko Sports.uz muxbiriga o‘yin borasidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Denis Vladimirovich, qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. “Lokomotiv” AGMKga qarshi o‘yinda barcha jabhada ustunlik qila oldi, deb ayta olasizmi?

- Yana bir salom. Biz bu bellashuvga o‘tgan safar “Qizilqum”ga qarshi kechgan uchrashuvdan so‘ng tayyorgarlik ko‘rishni boshlagandik. Tayyorgarlik asnosida xatolarimiz ustida ishlab, ularni qayta takrorlamaslikka intildik. Shuningdek, “Metallurg” – AGMK klublari o‘rtasidagi o‘yinni ko‘rgan holda bo‘lajak uchrashuvga hozirlik ko‘rdik va yaxshi shug‘ullanishga harakat qildik. Albatta, o‘yin og‘ir kechishini kutgandik. Chunki raqib o‘tgan yili chempionatni sovrinli o‘rinlardan birida yakunlagan. Shu sababdan ham to‘qnashuvimiz qiyin kechdi va shuning barobarida ustunlik u yoki bu tomonga bemalol o‘zgarishi mumkin edi. Shukurki, uchrashuvni yutdik va bundan xursandman.

denis_1

- Sanjar Qodirqulov zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, hal qiluvchi golni urdi. Uni maydonga tushirayotganingizda gol urishini asosiy vazifasi qilib aytganmisiz?

- Sanjar juda kuchli futbolchi. Bejiz u milliy terma jamoa a’zolaridan biri hisoblanmaydi. Qodirqulov yanvar oyida operatsiyani boshidan o‘tkazgandi. Shunday bo‘lsa ham fevral o‘rtalariga kelib u safga qaytdi va nazorat o‘yinida ishtirok etdi. Ahamiyatlisi, shogirdim AGMKga qarshi bahsda maydonga tushganidan keyin 15 daqiqa ichida o‘yinimizni o‘zgartirib yubordi. Sanjarga biror narsa deya ko‘rsatma berish shart emas. U haqiqiy professional. Maydonga tushganidan keyin nima ish qilish kerakligini shundoq ham yaxshi biladi.

denis1_1

- Denis Vladimirovich, “Lokomotiv”ning kuchiga shubha qilayotganlarga nima degan bo‘lardingiz?

- To‘g‘ri, hamma vaqt o‘yinchining mahoratiga shubha qiladigan kishilar topiladi. Ammo jamoamiz bu kabi fikrlaydiganlarga o‘z o‘yini bilan javob qaytarishni biladi. Quvonarlisi, ishqibozlarimiz “Lokomotiv”ning qanday imkoniyatga ega ekanligiga shubha bilan qarashmaydi. Bizga shubha qiladiganlarga har doim natijalarimiz bilan javob qaytarib kelamiz.

denis2_1

- O‘zingizni “Yangi Naselsmann” deb hisoblaysizmi?

- Bizning bosh direktorimiz intervyu chog‘ida “Yangi Nagelsmann” haqida gapirgan. U juda kuchli murabbiydir. O‘sha intervyudagi aytgan gapi tufayli endi ko‘pchilik “Yangi Nagelsmann” haqida gapirishga tushdi. Unda yorqin kelajak bor. O‘z navbatida mana shunday murabbiyga o‘xshashni istagan bo‘lardim. Lekin o‘zimni “Yangi Nagelsmann” deb hisoblay olmayman.

denis3_1

- Ayting-chi, AGMKga qarshi uchrashuvdan oldin sizni nima ko‘proq xavotirga solgandi?

- Odatda o‘yin oldidan xavotir olmaslikka intilaman. Aftidan, o‘yinni toza va tomoshabop o‘tishi tufayli menda qandaydir xayajon sezilgan bo‘lishi mumkin.

- Adashmasam, uchrashuvdan avval jamoangizning taktik sxemasida Diyor Turopovni hujumda ko‘rdim. Ammo u yarim himoyachi...

- Agar xato qilmayotgan bo‘lsam, o‘yin chog‘ida o‘yinchilarimizning joylashuvi haqida so‘rayapsiz. Biz aksar hollarda 4-4-2 sxemasi asosida to‘p suramiz. Lekin AGMKga qarshi bellashuvda biz 4-3-3 sxemasida to‘p surdik. Turopov hujumkor yarim himoyachi hisoblanib, o‘yini bilan menda yomon taassurot qoldirmadi. G‘alabamizga u ham katta hissa qo‘shdi.

denis5

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!