"3 ta musobaqaning biridan voz kechish noto‘g‘ri, Denisov afsuslanmayapti" - yangi tarix yaratayotgan Ulug‘bek Baqoev OFK Kubogini zabt etmoqchi. Suhbatda yana nimalarni aytdi?

  • 21 sentabr, 2022, 14:15
  • 0
  • Futbol

Ulug‘bek Baqoev boshchiligidagi Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi joriy mavsum o‘zi uchun yangi sahifa yozyapti. Jamoa doimgidek O‘zbekiston chempionatida sovrini o‘rinlar uchun kurashyapti. O‘zbekiston Kubogi va OFK Kubogida yarim finalga yo‘l oldi.

Ayniqsa, o‘z tarixida ilk bor OFK Kubogida qatnashayotgan “So‘g‘diyona” g‘alabalar bilan barcha o‘zbekistonlik muxlislarni xursand qilyapti hamda u erdagi yurishini davom ettiryapti.

Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev Baqoev bilan oldinda turgan muhim bahslar va yana boshqa mavzularda suhbatlashdi.  

- “So‘g‘diyona” klubi yangi sahifa ochyapti. Ichki va xalqaro maydonlarda muvaffaqiyatli qatnashish oson emas. Ammo jamoa barqarorlikni saqlab kelyapti...

- Quloq soling, men va murabbiylar shtabidagi yordamchilarim uchun bu birinchi marta yuz berib turibdi. Albatta, bularning bari oson bo‘lgani yo‘q. Chunki har 4 kunda futbolchilarni ruhan, jismonan va har tomonlama tayyorlashning o‘zi bo‘lmaydi. Bu biz murabbiylardan katta mehnat talab qiladigan jarayondir. Bunday paytda tarkibni rotatsiya qilish orqali futbolchilarga ancha engillik yaratish mumkin. Biroq bizda zaxira o‘rindig‘imiz unchalik keng emas. Shuni inobatga olganda, bizga oson bo‘lmayotganini tushunish qiyin kechmasa kerak. Hammasi og‘ir. Shunday bo‘lsa-da, biz murabbiylar shtabi va futbolchilar birgalikda shu holatga etib kelish uchun qattiq ishlayapmiz. Albatta, ish jarayonida nimadir yaxshi amalga oshadi, nimadir o‘xshamay qoladi. Shuni hisobga olsak, bizda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar yuz berdi. Bu juda og‘ir bo‘lsa-da, astoydil harakat qilgan holda shu darajaga etib keldik. Eng asosiysi, biz klub uchun o‘ynashga harakat qilmoqdamiz. Shuningdek, rahbariyat uchun ham harakat qilyapmiz. Ular bizni o‘ynashimiz uchun qo‘llaridan kelgan barcha shart-sharoitlarni yaratib kelishmoqda. Tarkib tor ekanligini va bu jarayon oson bo‘lmaganini aytganda, hammasi juda murakkab kechmoqda.

bakoev9

- Murabbiy sifatida klub kurash olib borayotgan uchta frontdan qaysi biri siz uchun muhimroq?

- Juda qiyin savol berdingiz. Bilasiz, biz birinchi navbatda professionallarmiz. Shu sabab biz qadam-baqadam maqsad sari intilmoqdamiz. Ya’ni, aytmoqchimanki, uchala front biz uchun birdek muhim. Shuni inobatga olsak, musobaqalardan biridan voz kechish juda noto‘g‘ri ish bo‘lardi. Yana qaytaraman: maqsadlar sari qadam-baqadam intilyapmiz va uchala frontda maksimal natijaga erishishdan umid qilmoqdamiz. Qanday muvaffaqiyatlar qozonishimiz yoki aksincha maqsad amalga oshmasligi ehtimolini mavsum oxiriga borganda ko‘ramiz. Nima bo‘lgan taqdirda ham yuqori natijalarga erishishni maqsad qilib qolamiz. Uchala frontdan qaysinisida zafar quchishni vazifa qilish – bu noto‘g‘ri tanlov bo‘lardi. Klub uchun barcha turnirning ahamiyati birdek muhim.

- “So‘g‘diyona” OFK Kubogi yarim finalida “Kuala-Lumpur” bilan to‘qnash keladi. Bo‘lajak o‘yinga tayyorgarlik, raqibni o‘rganish qanday ketmoqda?

- Gonkong klubiga qarshi o‘yindan so‘ng asosiy e’tiborni milliy chempionat bellashuvlariga qaratdik. Chunki bizni oldinda “Navbahor”, “Metallurg” va “Neftchi”ga qarshi o‘yinlar kutib turgandi. Uchala uchrashuvda bor-yo‘g‘i 2 ochkoni qo‘lga kiritdik. Bu qoniqarli natija emas, albatta. Endi vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish haqida o‘ylayapmiz. OFK Kubogidagi raqibimizga kelsak, uning tarkibida legioner futbolchilar talaygina. Jamoa safida avstraliyalik, ganalik futbolchilar to‘p surishadi. Oson bo‘lmasligi tayin. Ammo iloji boricha bu raqibdan ham o‘tib finalga chiqishga urinib ko‘ramiz.

bakoev8

- O‘yinning yana Jizzaxda bo‘lishi “So‘g‘diyona”ga qandaydir ustunlik beradimi?

- Jizzax va klub uchun bu juda muhim bellashuv bo‘lishi shubhasiz. Muxlislar ko‘z o‘ngida yaxshi natijaga erishishdan umidvormiz.

- Nafaqat Jizzax, balki butun O‘zbekiston uchun ham klubingiz o‘yini muhimroq...

- Ha, gapingizda jon bor. Butun O‘zbekiston o‘yinimizni televizor orqali tomosha qilishi turgan gap. Tabiiyki, jizzaxlik ishqibozlar uchun bu o‘ziga xos bayramga aylanishi tayin. Ular shu kuni o‘yinni tomosha qilish uchun bayramona muhitni yuzaga keltirishlari muqarrar. Uyda to‘p surish jamoaga ham qandaydir ustunlik bag‘ishlamasdan qolmaydi. Lekin bunday bosqichda uyda yoki safarda to‘p surishning ahamiyati unchalik rol o‘ynamaydi. Chunki bunday paytda butun diqqat-e’tibor o‘yinga qaratilgan bo‘ladi.

bakoev6

- Yozgi transfer chog‘ida siz kutilmagan va ta’bir joiz bo‘lsa, “bomba” transferni amalga oshirib, klubga Vitaliy Denisovni olib keldingiz. Bu ish qanday amalga oshdi?

- Terma jamoa safida o‘ynab yurgan kezlarimda Vitaliy bilan o‘rtamizda juda iliq, do‘stona munosabat shakllangandi. Bunga qo‘shimcha ravishda ish jarayonimizda o‘ziga yarasha subordinatsiya bor. Ya’ni, maydonda bo‘ladimi yoki uning tashqarisida hammi o‘z ishini bilib amalga oshiradi. Bizda xuddi oiladagidek muhit yuzaga kelib, futbolchilar bir-birlariga og‘a-inilardek munosabatda bo‘lishadi. Denisovga qaytadigan bo‘lsak, u bilan gaplashdik va taklifimizni bildirdik. U ma’lum vaqt o‘ylab ko‘rdi va oxir-oqibat taklifimizni qabul qildi. O‘ylaymanki, Vitaliy taklifimizni qabul qilgani uchun endi bundan afsuslanmayapti. O‘z navbatida tajribali futbolchi klubga qo‘lidan kelgan yordamni ko‘rsatmoqda. Umuman, butun jamoadagi futbolchilarimizning joriy mavsumdagi xizmatlarini yuqori baholay olaman. Ko‘rib turganingizdek, jamoa maksimal natijalarga erishish uchun harakat qilmoqda. Klubdagilar Denisovni juda iliq kutib olishdi. U qisqa fursat oralig‘ida yangi ish joyiga ko‘nikib keta oldi.

- Demak, undan ko‘nglingiz to‘lmoqda, shundaymi?

- Ha, aynan shunday. Nafaqat men, balki butun jamoadagilar ham undan xursand.

bakoev5

 -Biz ham bundan xursandmiz...Nega deganda, u hamon o‘zining yuqori sport formasini saqlab qolgan holda yaxshi o‘yinlar namoyish etyapti.

- Ha, bu fikringizga qo‘shilaman.

- Kuni kecha eshitdim, PFLdagi yig‘ilishda ishtirok etmaganingizni gapirishyapti. Shu to‘g‘rimi?

- Bekoboddagi uchrashuvdan so‘ng Buxoroga – ota-onamni ko‘rib kelish uchun yo‘l olgandim. Shuning uchun ham yig‘ilishda ishtirok eta olmadim.

- Yig‘ilish chog‘ida kelgusi mavsum Superligada 16 yoki 14 ishtirokchi qolishi kerakligi yuzasidan ham muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Sizning bu boradagi fikringiz qanday?

- O‘zingiz ko‘ring, hozirda 14 ishtirokchidan iborat chempionat ancha qizg‘in kechmoqda. Sun’iy ravishda qatnashchilar sonini 16 taga oshirish ko‘zlangan maqsadni berishi dargumon, menimcha. Mening bu boradagi fikrim shunday. Qolaversa, pro ligadagi uchrashuvlar ham juda qizg‘in kechmoqda. Bu fikrimga qo‘shilsangiz kerak?

bakoev7

- Ha...

- Agar pro ligaga yana ikkita jamoa qo‘shilsa, yanada qizg‘inroq kurashlarga guvoh bo‘lish mumkin. Bizda uchrashuvlar soni unchalik ko‘p emas. Shu bois birinchilikni birinchi va ikkinchi davra tizimida o‘tkazish boshqacha bo‘lardi. Masalan, 1 – 6-o‘rinni egallab turgan jamoalar sovrinli o‘rinlar uchun, 7-12-o‘rinlarni band etganlar esa ligada qolish uchun bahs olib borishsa kurash yanada qizg‘in kechishi tayin. Buning natijasida 3-4-davra yuzaga keladi va o‘yinlar soni ham o‘z-o‘zidan ortadi. Menimcha, chempionatni yanada qizg‘in ko‘rinishga keltirish uchun shunday yo‘l tutsa ham bo‘ladi. Nazarimda, 14 ta jamoadan iborat birinchilikni o‘z o‘rnida qoldirgan ma’qul. Pro ligada esa 3- va 4-davrani joriy qilish mumkin.

- O‘tgan yili “So‘g‘diyona” 2-o‘rinni band etdi. Bu yilgi mavsum intrigasi o‘tgangisiga nisbatan ancha yuqori va “So‘g‘diyona” yana chempionlik uchun kurashyapti. Bu fikrga qo‘shilasizmi? Intriga borasida nima deya olasiz?

- Chempionatda intriganing yuzaga kelgani juda yaxshi holat. Bu o‘z-o‘zidan kurashlar qizg‘in kechish darajasini oshirmasdan qolmaydi. Futbolchilar bunday mahalda o‘zlarini bo‘shashtirib yubormaydilar. O‘z navbatida chempionatdagi qizg‘in kurash muxlislarda katta qiziqish uyg‘otadi. Hozir butun diqqat-e’tiborimiz o‘yinlarga qaratilgani bois o‘tgan mavsumni bu safargisiga taqqoslay olmayman. Ya’ni, nimalarnidir o‘zimcha muhokama qilish niyatim yo‘q. Biz murabbiylar uchun jamoani bellashuvga tayyorlash asosiy vazifa hisoblanadi. Qolgan masalalar bilan esa shug‘ullanadigan rahbariyat bor.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!