
Sergey Yuran SPORTS.UZ muxbiriga: "O‘zbekistonning 2 ta klubidan taklif oldim, bu erda ishlash men uchun yoqimli, Oston O‘runovni "Ximki"ga chaqirmoqchi edim"
Yoshi katta futbol shinavandalari rossiyalik ko‘plab nomi chiqqan futbolchilarning o‘yinlarini ko‘rishgan. Jumladan, Sergey Yuranni ham.
Bugungi kunda 53 yoshni qarshilagan Sergey Nikolaevich o‘zini to‘liq murabbiylik ishiga bag‘ishlagan. Futbolchi sifatida kattagina nom qozongan va endilikda murabbiy sifatida ham o‘zini ko‘rsatish niyatida yuribdi.
Xullas, Sergey Nikolaevich bilan suhbatlashishimiz uchun mavzular to‘planib qolgandi. Shu bois Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev Yuran bilan aloqaga chiqdi. Hamisha jurnalistlar uchun ochiq muloqot qilishga tayyor bo‘lib kelgan mutaxassis bizning taklifimizni ham erda qoldirmadi.
- Sergey Nikolaevich, aytishlaricha, O‘zbekistonda ish boshlashingiz mumkin ekan, shu gaplar rostmi?
- O‘zbekiston Superligasi ancha yaxshi birinchilik. To‘g‘risi, menga O‘zbekistondan qo‘ng‘iroq bo‘lib, qiziqish bildirganlar ham bo‘ldi. Bu qo‘ng‘iroqlarga javoban agar xizmatimga ko‘z tikayotgan jamoa o‘z oldiga yaxshi maqsadlar qo‘ygan va jiddiy taklif bilan chiqadigan bo‘lsa, albatta o‘ylab ko‘rishimni aytib javob qaytardim. Bizda Evrokuboklar, sizlarda esa Osiyo Kuboklari o‘yinlari bor. Agar menga ish taklifi bilan chiqadigan klub Osiyo Chempionlar ligasi uchun kurashish maqsadida bo‘lsa, bajonidil ishlashga tayyorman. O‘zbekistonda ishlash men uchun qiziqarli bo‘lishi aniq. Qolaversa, yaqinda Rossiya terma jamoasi sizlarning termangiz bilan o‘rtoqlik bellashuvida o‘ynadi. Hamkasblarimdan eshitdim, O‘zbekistonda aksar jamoalarning uy stadionlari yaxshi holatda, infratuzilma ham ko‘ngildagidek. Eng muhimi, ishqibozlaringiz futbolni juda sevadilar. Bunday yurtda ishlash men uchun yoqimli bo‘lishi shubhasiz. Yana shuni aytishim kerakki, oldiga jiddiy maqsadlar qo‘yadigan klub menga moliyaviy tomondan ham qoniqarli taklif bilan chiqsa, o‘ylanib o‘tirmoqchi emasman. Boya aytganimdek, menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Buni yashirmayman.
- Agar sir bo‘lmasa, ayting-chi, xizmatingizga aynan qaysi klub qiziqish bildirmoqda?
- Uzr, bu savolingizga to‘laqonli javob qaytara olmayman. Chunki xizmatimga ko‘z tikayotgan klub rahbariyati bilan hali hammasi oydinlashmagunga qadar biror narsani oshkor qilmaslik yuzasidan kelishuvimiz bor.
- Eshitishimcha, “Andijon” klubini boshqarishingiz ham mumkin ekan. Bu haqiqatga mos tushadimi yoki...
- Yuqorida qiziqish borligini aytdim, lekin aynan qaysi jamoalardan ekanligini oshkor qilish niyatim yo‘q. Faqat shuni bildirishim mumkinki, O‘zbekistondagi ikkita klubdan taklif oldim.
- O‘zbekiston futbolini kuzatib boryapsizmi?
- Suhbatimiz avvalida O‘zbekiston Superligasi yaxshi birinchilik ekanligini bejiz aytmadim, albatta, chempionatingizni kuzatib boraman. Agar jiddiy vazifalar qo‘yiladigan bo‘lsa, klublarda ishlash imkoni tug‘ilar ekan, buni rad etmasligim tayin.
- Yaqinda O‘zbekiston hamda Rossiya terma jamoalari o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashishdi. O‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, bu haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Ha, o‘sha o‘rtoqlik o‘yinini tomosha qildim. O‘yin darajasi ham ancha yuqori bo‘ldi. Maydonda qiziqarli kurash kechdi. Terma jamoangiz kuchliligi, o‘z navbatida chempionatingizning saviyasidan darak berib turibdi. Rossiya terma jamoasiga qarshi futbolchilaringiz yaxshi to‘p surishdi. Bu esa o‘yinchilaringizning darajasi anoyi emasligidan dalolat beradi. Uchrashuv menga yoqdi. Garchi bellashuvda hisob ochilmay qolgan bo‘lsa ham maydonda kechgan kurash menda yaxshi taassurot qoldirdi. Ayniqsa, uchrashuvning birinchi yarmida terma jamoangiz bizga ancha muammolar tug‘dira oldi. Biroq ikkinchi bo‘limda termamiz hammasini nazorat ostiga oldi. Umuman aytganda, men o‘rtoqlik bellashuvida sifatli o‘yin guvohiga aylandim.
- “Ximki”dagi ishlaringiz unchalik yurishmadi. Ayting-chi, jamoada qolishingiz mumkinmidi yoki iste’fo siz tomondan qabul qilingan eng to‘g‘ri qaror bo‘ldimi?
- “Ximki”dan ketishim bilan bog‘liq masalani ikki og‘iz so‘z bilan ifodalashim mushkul. Rahbariyat tomonidan qo‘yilgan vazifani oxirigacha bajarishga intildim. Lekin ketishimga bir qancha sabablar turtki berdi. Aynan qanday sabablar ekanligini gapirib o‘tirmoqchi emasman. Matbuot orqali ketishim xususida bildirilgan fikr-mulohazalarning hammasida ham jon bor, deya olmayman. Masalan, qaysidir nashr o‘g‘lini ham o‘yinlarga jalb etish yuzasidan rahbarlar bilan o‘rtada kelishmovchilik chiqqanini yozdi. O‘z navbatida atrofdagi turli gap-so‘zlar urchib ketgani bois bunday holatda ishlay olmasligimni tushunib etdim. Bilasizmi, jamoadan ketganimdan keyin ham meni yana qayta taklif qilishdi. Lekin rad javobini berdim.
- Hamyurtimiz Oston O‘runov bilan o‘rtangizda muammo yuzaga kelganini ko‘pchilik biladi. Boz ustiga o‘zbek murabbiylaridan biri sizga uning yoshi bilan bog‘liq holati xususida aytganligini ta’kidlagandingiz. Agar sir bo‘lmasa, o‘sha murabbiy kim ekanligini aytib bera olasizmi?
- Men Ostonni “Ximki”da uchratdim. U bilan ko‘rishib, klubga taklif qilmoqchi bo‘ldim. Birgalikda kechki ovqatni tanovul qildik. Ammo bularni hammaga gapirish ham unchalik to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. O‘rtamizda hech qanday muammo yoki bir-birimizdan xafa bo‘ladigan holat yuz bermagan. Uning haqiqiy yoshi yuzasidan menga aytib bergan murabbiyni ham oshkor qilmoqchi emasman. Bir qarashda uning yoshi aslidagidan kattaligi sezilib turdi, nazarimda. O‘z vaqtida “Ximki”ga chaqirmoqchi bo‘lganman. Oston – ajoyib yigit. U shu bilan birga yaxshi futbolchi hamdir. Afsuski, birgalikda ishlash imkoni bizda bo‘lmadi. Qisqasi, biz eski qadrdonlardek xayrlashdik. Uning Rossiyadagi ishlari nima sababdan ko‘ngildagidek kechmaganligini bilmayman. Faqat shuni ayta olamanki, O‘runov yaxshi yigit.
- Baribir Ostonning Rossiya chempionatidagi ishlari, jumladan klublardagi faoliyati yurishib ketmaganligi yoqimsiz. Sizningcha, buning asosiy omili nimada deb o‘ylaysiz?
- Bu savolingizga javob berishim qiyin. “Ximki”ga ko‘chib o‘tishi bilan bog‘liq masala yuzasidan gaplashganimizda u menda inson sifatida iliq taassurot qoldira olgan. Menimcha, “Spartak”da O‘runovga o‘zini ko‘rsatish uchun etarli darajada imkoniyat havola qilishmagan ko‘rinadi. Vaholanki, u nomdor klubga o‘zbek futbolining etakchilaridan biri sifatida kelgandi. Agar yigitga imkon berishganida albatta “Spartak”da qolib o‘ynab ketgan bo‘lardi. Odatda, futbolchi ko‘p vaqtini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazar ekan, o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qota boshlaydi. Ostonda ham shunday holat yuzaga kelgani tabiiy. Shundan kelib chiqqan holda uni “Ximki”ga jalb etishni istagandim. Nega deganda, men o‘z oldiga jiddiy maqsadlar qo‘yadigan va kurashuvchan futbolchilar bilan ishlashni bilaman. Yana takrorlayman: futbolchingiz ancha iqtidorli. Hali u oldingidek o‘z o‘yinini topib keta oladi. Ehtimol, Rossiyadagi faoliyati yaxshi chiqmagan bo‘lishi mumkin. Ammo Oston O‘runov terma jamoasiga yaqindan yordam berib kelishda davom etmoqda. Insoniylik va sportchi nuqtai-nazaridan olib qaraganda ham u yaxshi inson. Men buni Ostonni yaxshi bilganim, yuzma-yuz o‘tirib gaplashganimdan kelib chiqqan holda aytyapman. Darvoqe, uning agenti ham o‘z ishini yaxshi bilar ekan.
- Rossiya chempionatida faoliyatini davom ettirayotgan yurtdoshlarimiz – Ibrohimxalil Yo‘ldoshev bilan Hojimat Erkinovning o‘yinlarini qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Albatta, futbolchilaringiz ancha qobiliyatli. Ayniqsa, “Nijniy-Novgorod”da o‘ynayotgan Yo‘ldoshev menda iliq taassurot qoldirib keladi. U texnik jihatdan ham yaxshi shakllangan, ancha chidamli futbolchi. Eng asosiysi, unda sportchilarga xos bo‘lgan jihatlar mujassam. Hojimat Erkinov ham chakki emas. O‘ylaymanki, ular o‘z ustilarida ishlashda davom etib, o‘yinlarini yanada kuchaytira olishadi. Mana shunday o‘yinchilaringiz o‘sishda davom etar ekan, bu o‘z navbatida milliy terma jamoangizga ijobiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. O‘ylaymanki, O‘zbekiston terma jamoasining ham jahon chempionatida ishtirok etadigan payti keldi. Ayniqsa, Osiyo maydonlarida JCh uchun kurashib, yakunda orzudagi yo‘llanmaga ega chiqish ancha osonroq. Har qanday mamlakatning futbolchilari faoliyatlarini xorijda davom ettirishar ekan, bu avvalo milliy terma jamoa foydasiga ishlaydigan holdir. Jumladan, o‘zbek futbolchilari misolida ham buni bemalol ko‘rish mumkin.
- Agar Rossiyada ixtiyoringizda bo‘ladigan klubda o‘zbek futbolchilari o‘ynashlarini istagan bo‘larmidingiz? Aynan qaysi futbolchilarni jamoangizda ko‘rishni xohlaysiz?
- Ishlagan jamoalarimda o‘zbek futbolchilari bilan hamkorlik qilish hali nasib etgani yo‘q. Futbolchilik davrimda yurtingizdan chiqqan taniqli ijrochilar bilan yaqindan tanish bo‘lganman. “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushganman, ko‘plab futbolchilaringiz bilan tanishganman. Pyatnitskiyning “Spartak”dagi faoliyatini yaxshi bilaman. Keyinchalik u bilan “Spartak”da birga o‘ynaganmiz. Lekin murabbiylikka o‘tganimdan keyin o‘zbekistonlik futbolchilar bilan birga ishlash hozircha nasib etmadi, afsus.
- Bugungi kunda dunyo futboli nigohi Qatar yashil maydonlariga qaratilgan. U erda o‘tayotgan mundial bahslarini kuzatayotgan bo‘lsangiz kerak. Sizningcha, qaysi terma jamoa chempion bo‘lishi mumkin? Yana muxlislarga qiziq jihati, aynan qaysi termaga ishqibozlik qilyapsiz?
- Menimcha, Braziliya terma jamoasi chempionga aylansa kerak. Qaysi termaga muxlislik qilyapman? Portugaliya terma jamoasini qo‘llab-quvvatlayman. Chunki Portugaliya men uchun begona bo‘lmagan mamlakat. O‘yinchilik davrimning ma’lum bir qismi o‘sha erda o‘tgan. “Benfika”da 4 yil to‘p surgandim. “Benfika” va “Portu” klublari bilan qator sovrin va unvonlarni yutganman. Shu sababdan ham anchadan beri Portugaliya termasiga muxlislik qilib kelaman.
- Sergey Nikolaevich, yaxshi suhbat uchun tashakkur. Siz bilan bundan keyin ham aloqani saqlab qolamiz, deb umid qilaman.
- Katta rahmat. Men ham siz bilan suhbatlashib ancha yozildim. Hozir O‘zbekistonda issiqmi?
- Yo‘q-yo‘q.
- U holda harorat necha darajani ko‘rsatmoqda?
- Adashmasam, asosan 0 daraja. Ba’zida +5 daraja iliq atrofida yoki aksi. Qor ham yog‘di.
- Demak, havo ancha yaxshi ekan-da!
- Ha, shunday desa ham bo‘laveradi. Hozir Moskvadamisiz?
- Ha, Moskvadaman. Bizda – 10 daraja sovuq. Aytishlariga qaraganda, yaxshi tog‘ chang‘isi uchish mumkin bo‘lgan joy ham bor ekan, to‘g‘rimi?
- Albatta, shunday joy bor. U holda rejalaringizda O‘zbekistonga kelish bor ekan-da?
- Hozircha aniq bir rejam yo‘q. Qolaversa, suhbatimiz avvalida ko‘tarilgan masalaga to‘xtalsam, xizmatimga qiziqish bildirayotgan klublar mutasaddilari bilan kelishuv bor. Agar ular yuzma-yuz uchrashishni, hammasini muhokama qilishni taklif qilsalar, O‘zbekistonga tashrif buyurishim aniq. Men o‘z oldiga muayyan vazifalar qo‘yadigan klublarda ishlashga odatlanganman. Shunchaki, ishlash – bu menga to‘g‘ri kelmaydi.
- Rahmat, omad yor bo‘lsin!
- Sizga ham rahmat.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar