Sanjar Shoahmedov: "Malayziyadan 100 foizli takliflar borligi uchun u erga ketish haqida o‘ylayotgandim, ammo endi bu fikrimdan qaytdim"

  • 2 yanvar, 2024, 18:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

2023 yilda “So‘g‘diyona” safida 25 ta o‘yinda maydonga tushib 1 ta gol urgan yarim himoyachi Sanjar Shoahmedov jizzaxliklar bilan xayrlashdi va endi yangi mavsumni boshqa klubda davom ettiradi.

Sports.uz jurnalisti tajribali o‘yinchi bilan suhbatda nima uchun ketganiga oydinlik kiritdi va yana boshqa savollarga javob oldi.

- Sanjarbek, “So‘g‘diyona”dan ketishingizni avvaldan rejalashtirib qo‘yganmidingiz yoki kutilmaganda shunday qarorga keldingizmi?

- Nima desam bo‘ladi? Oldindanmi yoki kutilmagandami, xullas u erdan ketdim-da! Boshqa rejalarni tuzyapmiz. Vaqt shu kunga ekan.

- “So‘g‘diyona”ga o‘tganingizda albatta o‘z maqsadlaringiz bor edi. Bunga qanchalik erishdim yoki erishmadim, deb o‘ylaysiz?

- To‘g‘ri, qaysi klubga borishingizdan qat’iy nazar katta maqsadlarni o‘z oldingizga qo‘yasiz. Chempionlik, sovrinli o‘rinlardan birini egallash yoki Kubokni yutaman, deb borasiz. Baribir hamma rejalar ham o‘xshayvermaydi. Ha, mening maqsadlarim hamda rejalarim katta edi. Lekin sovrindorlar qatoridan joy ololmaganimiz uchun o‘ylagan niyatlarimiz amalga oshmadi.

- Adashmasam, jizzaxliklarni ayrim etakchilar tark etyapti. Bu nima bilan bog‘liq?

- Ha, to‘g‘ri aytasiz, bir qancha etakchilar tark etishyapti. Balki hammani o‘ziga yarasha boshqa variantlari bordir, takliflar bo‘layotgandir. O‘zlarini boshqa klubda sinab ko‘rish uchun jamoani tark etishyapti. 

shoahmedov_1

- Sizni u erdan ketishingizga boshqa jiddiy taklif borligi sababmi?

-.To‘g‘ri, 2-3 ta takliflar bor. Malayziyadan ham variant bor. Bu ham men uchun jiddiy takliflardan biri. Lekin, menimcha, Malayziyaga bormasam kerak. To‘g‘risi, uyda, oilam oldida qolishni o‘ylab turibman. Ilgari Malayziyaga borib o‘ynab kelganman. Yaqingacha yana Malayziyaga ketish haqida o‘ylab turgandim, biroq endi bu fikrimdan qaytdim.

- Bilamizki, Malayziyada sizni juda hurmat qilishadi. Men ham eshitgandim o‘sha erga ketishingizni. Ammo nima uchun fikringiz o‘zgarib qoldi yoki undan ham zo‘r taklif chiqib qoldimi?

- Malayziyaga shoshmaganimni sababi u erda o‘ynab kelganman. Men uchun u er uzoqroq, deb o‘ylayapman. Yana takliflar bor.

- Superligadan qaysi klubni taklifi sizga manzur bo‘ldi?

- Superligadan 2-3 ta variantlar turibdi. Shularni o‘ylab, ko‘rib chiqyapman. Bir to‘xtamga kelaman. Malayziya varianti ham men uchun 100 foizli.

shoahmedov2_1

- Malayziyadan qaysi klub sizga aniq taklif bilan chiqqandi?

- Oldin o‘zim o‘ynagan jamoam – “Terenganu” yana chaqiryapti. Bundan tashqari, “Kedax” klubi ham taklif bilan chiqqan. Oldin “Terenganu”da o‘ynaganimda bosh murabbiylik qilgan inson hozir “Kedax”ni boshqaryapti.

- Sir bo‘lmasa o‘zimizdan qaysi jamoalar xizmatingizga qiziqyapti?

- Bu sir bo‘lib tursin. Ammo 100 foizli takliflar turibdi. Yaqin orada ma’lum bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Журабой
03/01/2024 14:09
Жиззахдан кетавер фойданг теккани йук узи