"Klubdan ketishimga murabbiyning menga bo‘lgan ishonchsizligi 99 foiz rol o‘ynadi, "Qayrat" taklifi haqida ko‘p o‘ylab o‘tirmadim" - Ibrohimxalil Yo‘ldoshev

  • 16 yanvar, 2024, 23:14
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

2021 yil yarmida Rossiyaning “Nijniy Novgorod” klubiga ko‘chib o‘tgan hamyurtimiz Ibrohimxalil Yo‘ldoshev kuni kecha Qozog‘istonning “Qayrat” jamoasi a’zosiga aylandi. Barcha rasmiyatchiliklar hal etilgach, Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev Yo‘ldoshev bilan suhbatlashdi.

- Ibrohimxalil, dastlab “Nijniy Novgorod”dan ketishingiz haqida so‘ramoqchiman. Nima bo‘ldi? Bir necha mavsum o‘ynadingiz. Bizga hammasi ko‘ngildagidek o‘xshagandi...

- “Nijniy Novgorod”dan ketishim to‘g‘risini aytsam, cho‘zilib ham ketdi. Yozda ketishni reja qilgandim. Faqat ayrim menga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yana qoldim. Mening o‘yinim va mening kuchim o‘yinga bo‘lgan ishtiyoqim zaxirada o‘tirish  uchun emas. Menga avvalambor o‘yin amaliyoti va tajriba kerak. Buni menga faqat Aleksandr Kerjakov qilib bera oldi. Qolgan murabbiylardan menga bo‘lgan bunday ishonchni ko‘rmadim, ammo muxlislar ishonchini qozondim, deb o‘ylayman. Nima bo‘lgan taqdirda ham RPLda ko‘p yaxshi futbolchilar bilan to‘p surish nasib qildi. O‘zim uchun ancha tajriba yig‘dim va o‘sish darajam ko‘tarildi. Shuning uchun to‘xtab qolmasdan o‘sishda davom etishni tanladim. Boshqa chempionatlarda ham o‘zimni sinab ko‘rmoqchiman.

Ibrohimxalil

- Sergey Yuran bilan munosabatingiz qanday edi? Birdaniga siz ham, Ruslan Jiyanov ham ketdi. Yoki murabbiy ortiq ishonch bildirmadimi?

- Sergey Yuran bilan munosabatlarim oddiy. Ikki inson bir ishda ishlagan insonlardek. Yaqin ham emasman. Klubdan ketishimga uning menga bo‘lgan ishonchsizligi 99 foiz rol o‘ynadi. Men bu murabbiyga yoqmadim. Albatta, hamma murabbiyni o‘z tanlovi bor. Menga ishongan va mendan katta natijalar kutgan murabbiy bilan ishlashni intizorlik bilan kutmoqdaman. Menga ishongan murabbiy menga katta motivatsiya beradi. Albatta, ishonchini oqlashga harakat qilaman. Menga ishonmagan murabbiy bilan men ham ishlashni xohlamayman.

- “Qayrat”ga o‘tishingiz qanday sodir bo‘ldi?

- “Qayrat”ga o‘tishim to‘g‘risini aytsam, o‘zimga ham kutilmagan taklif bo‘ldi. Ammo barcha shartlar menga ma’qul keldi. Hozirda maqsadim ko‘proq o‘ynab, tajriba yig‘ish. KPL menga yangilik bo‘ldi va bu erda ham o‘zimga kerakli tajribalarni olish, o‘zimni boshqa chempionatda sinab ko‘rish imkoniyati menga yoqdi. Ko‘p o‘ylab ham o‘tirmadim. Ikki kunda roziligimni agentlarimga aytdim. Oldinda Osiyo o‘yinlari bor. Menga hozir o‘yin amaliyoti va  tajriba zarur. Bu erda albatta shu tajribani olishimga ishonaman. Qolaversa, yangi jamoada meni kutib olishgani, meni xuddi ancha yildan beri shu erda o‘ynayotgandek, oila-a’zosidek qabul qilishgani,  fayzli  muhit menga yanada kuch hamda motivatsiya beradi.

Ibrohimxalil3

- Rossiyada qolishingiz ham mumkinmidi? Yoki boshqa mamlakat futbolida o‘ynashni istadingizmi?

- Albatta, qolishim mumkin edi. Shartnomam 2025 yilgacha edi. Lekin boya aytganimdek, tajribasiz va zaxira o‘yinchisi bo‘lib o‘tirish menga to‘g‘ri kelmaydi.

- Sizni “Navbahor”ga o‘tishingiz haqida ham eshitgandim. Bu rostmidi va nega amalga oshmadi?

- “Navbahor”ga o‘tish taklifi bo‘ldi va “Paxtakor”ga ham. Men hozircha boshqa chempionatlarda o‘ynashni xohlaganim uchun bu takliflarni rad qildim. To‘g‘risi, O‘zbekiston klubiga o‘tish niyatim hozircha yo‘q. Balki keyinchalik boshqa davlatlarda o‘ynab, katta tajribaga ega bo‘lib, qaytib qolsam albatta o‘ylab o‘tirmasdan “Paxtakor”ga o‘taman. Chunki bu klubning tarbiyalanuvchisiman.

Ibrohimxalil1

- “Qayrat”ga qachon qo‘shilasiz? Qaysi raqamni tanladingiz?

- “Qayrat”ga qo‘shildim. Tibbiy ko‘rikdan ham o‘tdim, shartnoma ham imzoladik. Mashg‘ulotlarni boshladik. Oldinda bizni 2 haftadan keyn Abu-Dabida yig‘in kutmoqda. U erda RPLning “Spartak”, “Rostov” va BAAning “Shabab Al Axli” klubi bilan kichik turnir bo‘lib o‘tadi. “Qayrat”da boshqacha muhit ko‘rdim. Ochig‘i, mehmondo‘st, meni iliq kutib olishdi. Bu erda Xudo xohlasa, bor kuchimni, sifatlarimni ko‘rsatib, yuqoriga o‘sishga harakat qilaman. Bu klub ham menga ancha yordam bera oladi, deb o‘ylayman. Klubda 3-raqamni oldim. Birinchi bo‘lib 6-raqamni olmoqchi edim. Ammo band bo‘lgani uchun 3-raqamda o‘ynaydigan bo‘ldim.

- “Nijniy Novgorod”da siz eng yaqqani va unutilmas jihat nimada bo‘ldi?

- “Nijniy Novgorod”da menga eng yoqqani bu Nijniy Novgorod stadioni bo‘ldi. Bu stadion jahon chempionati uchun qurilganligi bois juda ham a’lo darajada ishlangan. Jahon futboli yulduzlari bu erda to‘p surishgani va men ham shu erda gollar urganim, men uchun esda qolarli bo‘ldi. Shaxari ham chiroyli.

Ibrohimxalil4

- Oldingi murabbiyingiz Aleksandr Kerjakov bilan gaplashib turibsizmi?

- To‘g‘risi, u bilan anchadan beri gaplashgim keladi. Uni ko‘p eslayman. Men uchun Aleksandr Kerjakov eng kuchli murabbiylardan biri. Chunki meni “Nijniy Novgorod”ga shaxsan o‘zi telefon qilib chaqirgan. Menga ishonch bildirgan. U erga borib ikki kun mashg‘ulot o‘tkazgach, meni o‘yinga qo‘ygan. Bu futbolchiga nisbatan katta ishonch deganidir. Lekin u bilan hali gaplashganim yo‘q. Faqat menda raqami bo‘lmagani uchun hali gaplasha olmadim, ammo topib suhbatlashishga harakat qilaman.

- Oxirgi savol. Terma jamoamizni ilk turdagi o‘yiniga fikringiz qanday va imkoniyatlarini qanaqa baholaysiz?

- Terma jamoamiz birinchi uchrashuvda yaxshi harakat qildi. Kreativlik bo‘ldi va hujumlarga boy o‘tdi. Suriya terma jamoasi himoyada yaxshi o‘ynadi, har bir pozitsiyada. Faqat biz gol ura olmadik. Vaziyatlardan foydalana ololmadik. Lekin jamoamizni o‘yini menga yoqdi. Faqatgina golli imkoniyatlarda ozgina sovuqqonlik etishmadi.  

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!