
Husanovga xushxabar!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya Premer-ligasining eng qudratli klublaridan hisoblangan “Manchester Siti”la to‘p tepayotgani bois, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Xosep Gvardiola boshchiligidagi jamoa o‘yinlari, natijalari, yangiliklarini alohida e’tibor bilan kuzatib bormoqda.
Ayni paytda “shaharliklar” ham bir oydan keyin boshlanadigan Angliya chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rishni maqsad qilgan. Futbol ekspertlari esa, o‘tgan mavsumni tahlil qilib, natijalarni muxlislar e’tiboriga havola etmoqda.
Angliya Premer-ligasi 2024-2025 yilgi mavsumni tahlil qilish jarayonida qiziqarli faktlarni ham e’lon qilmoqda. Ulardan birida Angliya chempionatidagi birinchi o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanovning ham nomi zikr etilgan.
Gap shundaki, Premer-liga ekspertlari o‘tgan mavsumning eng tezkor futbolchilarini aniqladi. Unga ko‘ra, chempionatda eng katta tezlikni qayd etgan o‘yinchi “Tottenxem” himoyachisi Mikki van de Ven bo‘ldi. Uning tezligi soatiga 37,12 kilometrga teng.
Kuchli uchlikdan “Nyukasl” va “Nottingem Forest” klublari sharafini himoya qilgan Antoni Elanga va “Brentford” vakili Brayan Mbyomo ham joy oldi.
Abduqodir Husanov eng tezkor futbolchilar reytingida ettinchi natijani qayd etdi. 21 yoshli markaziy hi moyachimiz “Manchester Siti” safida “Nottingem Forest” bilan bo‘lgan bahsda soatiga 26,29 kilometr tezlikda yugurgani aniqlandi.
Eng tezkor futbolchilar o‘nligi quyidagicha ko‘rinish oldi:
Mikki van de Ven (“Tottenxem”) — 37,12 km/s
Antoni Elanga (“Nyukasl” / “Nottingem Forest”) — 36,65 km/s
Brayan Mbyomo (“Brentford”) — 36,65 km/s
Karlush Borjesh (“Vulverxempton” / “Ayaks”) — 36,58 km/s
Yankuba Minte (“Brayton”) — 36,40 km/s
Vilson Odober (“Tottenxem”) — 36,36 km/s
Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”) — 36,29 km/s
Antoni Elanga ((“Nyukasl” / “Nottingem Forest”, ikkinchi marta) — 36,22 km/s
Emmanuel Agbadu («Vulverxempton») — 36,14 km/ch
Erling Xoland (“Manchester Siti”) — 36,00 km/s
Shu o‘rinda, “Manchester Siti” rasmiy sayti 2024-2025 yilgi mavsum davomida tarkibdagi barcha o‘yinchilar statistikasini hisoblab chiqdi va futbolchilarga ta’rif berdi.
- Abduqodir Husanov – o‘nta uchrashuv va bitta gol. Bu futbolchi “Chelsi” qarshi asabiy debyutdan keyin o‘zining mazmunli o‘yinlari bilan qisqa fursatda muxlislar yoqimtoyiga aylandi.
Husanov o‘yinni ajoyib tarzda o‘qiy oladi, xavfni oldindan sezadi va har qanday tahdidlarga tez javob topadi. Abduqodir vaqt o‘tishi bilan kuchini oshirib boradi va yangi mavsumda birinchi jamoaning ko‘proq o‘yinlarida ishtirok etishi kutilmoqda, - deb yozdi mancity.com sayti.
Fikrlar