Rasman. Brayan Mbyomo - "Manchester Yunayted" futbolchisi!
"Manchester Yunayted" "Brentford" klubi vingeri Brayan Mbyomoni o‘z safiga qo‘shib oldi. 25 yoshli kamerunlik futbolchining transferi 71 million funtga baholandi.
Belgilangan 65 million funtlik summa to‘rt qismda to‘lanadi, shuningdek, bitimga 6 million funtlik bonuslar ham kiritilgan.
Mbyomo bilan tuzilgan shartnoma 2030 yilgacha mo‘ljallangan. Shu bilan birga, yana bir yilga uzaytirish imkoniyati mavjud.
O‘tgan mavsumda u APLda 38 o‘yinda 20 ta gol va 7 ta assistga mualliflik qildi. Shuningdek, vinger "Brentford"ning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.
"Qizil iblislar"ning yangi futbolchisi transfer amalga oshgandan so‘ng o‘zining ilk intervyusini berdi:
"Mening maqsadim har doim kechagidan yaxshiroq bo‘lishdir. Bu erda Ruben Amorimdan o‘rganib, jahon darajasidagi futbolchilar bilan birga o‘ynab, yanada yuqori marraga erishish uchun g‘ayrat va irodam borligini bilaman.
Hamma menga bu erda yaratilayotgan muhit va kelajak rejalarining qanchalik hayajonli ekanligi haqida aytib berdi. Bu ulkan klub, ajoyib stadioni va zo‘r muxlislari bor, barchamiz eng nufuzli sovrinlar uchun kurashishga qat’iy ahd qilganmiz.
"Manchester Yunayted"ga qo‘shilish imkoniyati borligini bilgan zahotim, bolalikdan beri kiyib yurgan futbolkasini kiygan, orzularim jamoasiga a’zo bo‘lish uchun bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligim kerak edi" - deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Hozirda MYuning futbol ishlari bo‘yicha direktori Jeyson Uilkoks Brayan Mbeumoning "Yunayted"ga qo‘shilishi haqida shunday fikr bildirdi:
"Brayanning Premer-ligadagi gollari va golli uzatmalari ko‘rsatkichi g‘oyat yuqori, uning doimiy barqaror o‘yini uni so‘nggi uch mavsumda Angliyaning eng samarali futbolchilari safiga qo‘shdi.
Brayanning bizning loyihamizga bo‘lgan ishonchi va klubga qo‘shilishga bo‘lgan qat’iyati uning "Manchester Yunayted" va biz shakllantirayotgan madaniyatga to‘la mos kelishini isbotladi.
Biz mavsumoldi safar boshlanishidan oldin asosiy maqsadlarimizdan yana birini ro‘yobga chiqarganimizdan mamnunmiz. AQShdagi tajriba Brayan uchun Ruben va yangi jamoadoshlari bilan oldinda turgan qizg‘in mavsumga tayyorgarlik ko‘rishi uchun eng qulay imkoniyat bo‘ladi."
Bir necha nashrlarning xabar berishicha, futbolchi 10-raqamni qabul qilib oladi.
Fikrlar