O‘zbekiston kriket federatsiyasi Osiyo kriketi boshqaruvidagi ishtirokini yanada mustahkamladi

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston Kriket Federatsiyasi Osiyo Kriket Kengashining Inson resurslari va huquqiy masalalar qo‘mitasi tarkibiga kiritildi.

Bu qaror O‘zbekiston kriketi uchun navbatdagi muhim institutsional bosqich bo‘lib, mamlakatimizning Osiyo sport hamjamiyatidagi ishtiroki va nufuzi izchil mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi. Ta’kidlash joiz, Osiyo Kriket Kengashining (ACC) Inson resurslari va huquqiy masalalar qo‘mitasiga Saudiya Arabistoni Kriket Federatsiyasi raisi, Oli Hazratlari shohzoda Saud bin Mish’al Al Saud rahbarlik qiladi.

Qo‘mita tarkibida Saudiya Arabistoni bilan bir qatorda Singapur, Butan, Eron va O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston kriket federatsiyasining ushbu nufuzli qo‘mita tarkibiga kiritilishi nafaqat milliy kriket uchun muhim e’tirof, balki mamlakatimizning xalqaro sport tashkilotlaridagi boshqaruv, huquqiy va institutsional jarayonlardagi bevosita ishtirok etish imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat beradi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sportni rivojlantirish, yoshlar uchun yangi xalqaro imkoniyatlar yaratish hamda mamlakatning sport diplomatiyasidagi o‘rnini mustahkamlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Ana shu keng imkoniyatlar va davlatimiz tomonidan sport sohasida olib borilayotgan izchil siyosat doirasida O‘zbekiston kriket federatsiyasi ham qisqa muddat ichida xalqaro integratsiyaning muhim bosqichlarini bosib o‘tdi.

Xususan, O‘zbekiston 2022 yilda Xalqaro Kriket Kengashi — ICC a’zoligiga qabul qilindi, keyinchalik Osiyo Kriket Kengashi — ACC safiga qo‘shildi. Bugun esa O‘zbekiston vakili ACCning muhim boshqaruv qo‘mitalaridan birida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu jarayon O‘zbekiston kriketi xalqaro a’zolikdan faol ishtirokka, faol ishtirokdan esa Osiyo kriketi boshqaruv tizimidagi munosib vakillikka izchil o‘tayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Kriket federatsiyasi oldiga mamlakatda kriketni tizimli va barqaror rivojlantirish, yosh avlod uchun yangi sport imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro sport tashkilotlaridagi nufuzli va konstruktiv ishtirokini yanada kengaytirish vazifasini qo‘ygan.

Mazkur natija esa mamlakatimizda sport va yoshlar siyosati uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali O‘zbekistonning Osiyo va jahon sport maydonidagi mavqeini yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi amaliy qadamdir.

O‘zbekiston kriket federatsiyasi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!