15 daqiqa o‘ynagan Umarov, zaxiradan maydonga tushgan Fayzullaev va dubl qilgan Shomurodov yoxud legionerlarimiz uchun yakuniga etgan hafta qanday o‘tdi?

  • 11 mart, 2024, 10:35
  • Suhrob Xolbekov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yakuniga etgan haftada legionerlarimizning jamoalari o‘z o‘yinlarini o‘tkazishdi. Kimdir dublni rasmiylashtirgan bo‘lsa, kimdir zaxiradan maydonga tushdi. Xursand qiladigan tomoni ko‘plab vakillarimiz tobora asosiy tarkib futbolchisiga aylanib bormoqda. Quyida shular haqida gaplashamiz. 

Hojimat Erkinov ("Al-Vahda" - "Al-Vasl)

"Al-Vahda" BAA kubok yarim finalida "Al-Vasl"ga qarshi o‘ynab, yirik 4:0 hisobida zafar quchdi. Shuningdek, jamoa finalda "Al-Ayn" bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi. Erkinovning harakatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, vinger uchrashuvni asosiy tarkibda boshlab, 77-daqiqada zaxiraga olindi. Futbolchi 22 marta sheriklariga pas bergan bo‘lsa, 19 tasi aniq bordi. Ikk marta muvaffaqiyatli dribling va 6 ta duelda g‘alaba qozonib, maydonni tark etdi va "SofaScore" tomonidan 6,8 ball oldi. Oldinda "Al-Vahda"ni "Hatta"ga qarshi bahs kutib turibdi. 

photo_2024-03-11_09-13-24_1

Abbosbek Fayzullaev ("Krilya Sovetov" - TsSKA)

"Orenburg"ga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibdan joy olgan Fayzullaev bu safar zaxirada qoldirildi. Murabbiy esa uni 77-daqiqada maydonga tushirishga qaror qildi. 13 daqiqa ichida yarim himoyachi 1 martagina pas berib, 1 ta duelda yutib chiqdi. Shuningdek, bir marta podkat ham ishlatdi. Klubning keyingi o‘yini Rossiya kubok chorak finalidan o‘rin olgan "Rostov"ga qarshi bo‘lib o‘tadi. Mazkur bellashuv 12 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:15da boshlanadi. 

photo_2024-03-11_09-13-22

Husniddin Aliqulov ("Galatasaroy" - "Rizespor")

Uzoq tanaffusdan keyin Aliqulov yana "Rizespor"ning boshlang‘ich tarkibiga kiritildi. Qiyin o‘tishi kutilgan bahsda hamyurtimiz to‘liq 90 daqiqada harakatlanib, paslari aniqligi 88 foizga teng bo‘ldi. Bitta podkat va bitta blok qo‘yish orqali jamoasini bir marta muqarrar goldan qutqarib qoldi. Ammo yakunda baribir mezbonlar yirik 6:2 hisobida zafar quchib, peshqadamlikni mustahkamlab qo‘ydi. "Rizespor" turnir jadvalida 7-o‘rinda bormoqda. Klub 30-turda "Gaziantep"ga qarshi o‘ynaydi. 

Image

Otabek Shukurov ("Kayserispor" - "Hatayspor)

Kayseriliklar bu turda durang o‘ynab, bir ochko olishdi. Shukurov esa 76-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, 1 ta muvaffaqiyatli dribling ishlatib, 3 marta aniq pas berdi. Bu yarim himoyachining ketma-ket 4-marta zaxirada qoldirilishi va ushbu holatning sababini quyida o‘qishingiz mumkin. "Kayserispor" 13-pog‘onada. Yilmaz shogirdlarini oldinda "Alanyaspor" bilan bo‘lib o‘tadigan bahs kutib turibdi. 

photo_2024-03-11_06-16-26_1

Azizbek Turg‘unboev ("Sivasspor" - "Alanyaspor")

Hujumkor yarim himoyachi bu safar kamroq maydonda harakatlandi. U uchrashuv davomida 16 ta aniq pas, bitta zarba va 3 marta ikkinchi qavat duelida yutib, 65-daqiqada zaxiraga olindi. Jamoaning esa mag‘lubiyatsiz seriyasi tugadi. Mehmonlarga taslim bo‘lgan "Sivasspor" turnir jadvalida 9-o‘ringa tushib ketdi. 

photo_2024-03-11_10-31-16

Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonaliev ("Rubin" - "Nijniy Novgorod")

Bitta tur oldin jamoasining muhim golida qatnashgan Ashurmatov tobora asosiy tarkib himochisiga aylanib bormoqda. Bu safar Rustam darvozani ishg‘ol qilmagan bo‘lsada, maydondagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘ldi. Uning paslari aniqligi 81 foizga teng edi. Shuningdek, bitta aqlli pas ham berdi. 7 marta long-boll amalga oshirib, deyarli barcha duellarda g‘olib chiqdi. Shuningdek, raqiblariga nisbatan 2 ta podkat ham ishlatdi. Ashurmatovning bu o‘yini 7,5 ballga loyiq ko‘rildi. Rahmonaliev bo‘lsa zaxiradan tushib, 16 daqiqa harakatlandi. Yarim himoyachi sheriklariga 12 marta aniq pas berib, bitta kross amalga oshirdi va 6,7 ball to‘pladi.

photo_2024-03-11_09-19-43

Jahboz Umarov va Jasur Yaxshiboev ("Atirau" - "Ordabasi")

Ikkala legionerimiz ham o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, zaxiraga olindi. Umarov uchrashuvning 15-daqiqasida jarohat sabab almashtirildi. Yaxshiboev esa 83 daqiqada maydonda harakat qilib, bitta ham aniq zarba bera olgani yo‘q. Paslari aniqligi bo‘lsa 71 foizni tashkil qildi. Shu bilan birga, 6,8 ball oldi. Mazkur bahsdan keyin "Ordabasi" 3-pog‘onadan joy oldi. 

photo_2024-03-11_09-22-43

Ibrohimhalil Yo‘ldoshev ("Qayrat" - "Turan")

Yo‘ldoshev to‘liq 90 daqiqada o‘ynagan bo‘lsa, uning jamoasi durang natija qayd etdi. Himoyada ham, hujumda ham faol bo‘lgan futbolchi 7,5 ball to‘plab, bitta sariq kartochka ham oldi. "Qayrat" esa turnir jadvalining 3-o‘riniga joylashdi. 

Oston O‘runov ("Persepolis" - "Fulad")

O‘runov yana asosiy tarkibda o‘yinni boshladi va o‘zining debyut golini urishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, vinger ajoyib harakatlari bilan allaqachon klub muxlislarining mehrini qozonib bo‘ldi. Oldinda bizni "Persepolis" va "Istiqlol" uchrashuvi kutmoqda. 

photo_2024-03-08_00-24-18

Jaloliddin Masharipov va Doston Tursunov ("Istiqlol" - "Istiqlol Kuzeston")

Ikkita hamyurtimiz to‘qnashgan bahsda mezbonlar minimal hisobda zafar quchdi. Ushbu golga esa Masharipov assistent bo‘lib, 83-daqiqada zaxiraga olindi. Tursunov to‘liq harakatlanib, bitta sariq kartochkaga loyiq ko‘rildi. Turir jadvalida "Istiqlol" 42 ochko bilan birinchi, 39 ochko jamg‘argan "Persepolis" esa ikkinchi pog‘onada ketmoqda. 

Sherzod Temirov ("Kitchi" - "Gongkong FK")

Temirovning jamoasi Gongkong kubogi chorak finalidan ishonchli tarzda o‘tib, yarim finalga yo‘l oldi. Mazkur bellashuvda hujumchi bitta gol urishga muvaffaq bo‘lib, bitta sariq kartochkani ham qo‘lga kiritdi. Eslatib o‘tamiz, Sherzod klubi tarkibida maydonga tushgan hali hech qaysi uchrashuvni golsiz tark etgani yo‘q. 

photo_2024-03-11_10-31-13 

Abduqodir Husanov ("Lans" - "Brest")

Fakundo Medinaning sariq kartochkalari ko‘payib ketganligi sababli Husanov bu uchrashuvni chap qanot himoyachi sifatida boshladi. 90 daqiqa o‘ynagan fulbekning paslari aniqligi 89 foizga teng bo‘ldi. 3 ta podkat va 2 marta raqibini to‘xtata olgan Abduqodirning harakatlari 7,4 ballga loyiq ko‘rildi. Shu bilan birga, futbolchi o‘z hisobiga bitta sariq kartochka ham yozdirib qo‘ydi. 

Image

Eldor Shomurodov ("Kalyari" - "Salernitana")

Jarohatdan qaytgan Shomurodov "Salernitana"ni ayab o‘tirgani yo‘q. 45-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan hujumchi Ochoa darvozasini ikki bora ishg‘ol qildi. Bu futbolchining "Kalyari" safidagi debyut goli edi. Uchrashuvdan keyin Raneri u haqida nimalar deganini quyida o‘qishingiz mumkin. Terma jamoamiz sardori mazkur o‘yini orqali 8,5 ball to‘pladi. Sardiniyaliklar turnir jadvalida 14-pog‘onaga chiqib oldi. Keyingi turda jamoa "Montsa" bilan o‘ynaydi. 

photo_2024-03-11_09-55-21

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!