
18 ta klubda o‘ynagan Vladimir Shishelov yodingizdami? Hozir nima ish bilan shug‘ullanayotganini bilasizmi?
O‘z vaqtida milliy terma jamoamiz tarkibida Vladimir Shishelov to‘p surardi, yodingizga tushdimi? Uning o‘ziga yarasha muxlislari bor edi. Futbolchilik faoliyati davomida ko‘plab klublarda to‘p surgani bilan ham nom qozongandi. Shuning uchun Shishelovning faoliyatini sarguzashtlarga boy, deb atash ham mumkin.
O‘ynagan klublarida u albatta hujumchi sifatida o‘z vazifasini bajarish yo‘lida to‘purarlik salohiyatini ham ko‘rsatgan. Lekin Shishelov butsalarini mixga ilganidan keyin go‘yoki bedarak “yo‘qolgandek” tuyuldi. Chunki uni qaerda va nima qilayotgani borasida biror ma’lumot kam edi. Faqat uni Rossiyada ekanini bilardik.
Bu yil 42 yoshni qarshi oladigan sobiq futbolchini izlab topdik. Natijada u sports.uz muxbirining bir qator savollariga javob qaytardi.
- Vladimir Aleksandrovich, oxirgi yillarda siz haqingizdagi xabarlarni deyarli eshitmay qo‘ygandik. Shu bois sizni futboldan uzoqlashdi, deb o‘ylaganlar ham talaygina. Aslida hozir qaerdasiz va qanday ishlar bilan mashg‘ulsiz?
- Futboldan ketganim yo‘q. 2014 yilning noyabr oyida “Olimpiya qishlog‘i-80” sport majmuasida futbol akademiyasini ochdim. Akademiyada men rahbar va bosh murabbiy bo‘lganman. Besh yil ichida bu akademiyada 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 500 nafar bola futbol o‘rgandi. 2016 yili bizning jamoa Moskva shahri birinchiligida (uchinchi liga) ishtirok etgandi. Unda 10-16 yoshgacha bo‘lgan bolalar to‘p surgan. 2018 yili “OD-80” deya nomlangan katta yoshdagi o‘yinchilardan iborat havaskorlar futbol ligasida ishtirok etadigan jamoani tuzgandik. Baxtga qarshi 2019 yili sport majmuasining rahbari bu loyihani yopdi. O‘sha yilning avgustida o‘z xohishimga ko‘ra, ishdan bo‘shash haqida ariza yozdim. O‘sha 2019 yilning 8 noyabrida Kurkino futbol akademiyasini ochdim. Ayni paytda akademiyada 100 ga yaqin bolakay bor.
- Faoliyatingiz davomida Rossiya, O‘zbekiston, Moldova, Xitoy kabi chempionatlarda to‘p surdingiz. Siz uchun eslashga arzigulik faoliyat sifatida qaysi klubdagi ishtirokingizni ayta olasiz?
- Futbolchilik faoliyatim davomida jami 18 ta klubda o‘ynadim. Ularning orasidan qaysinisidir ajratib ko‘rsatmoqchi emasman!
- Umuman olganda, faoliyatim o‘zim kutgan darajada yaxshi chiqqan, deb ayta olasizmi?
- Bo‘lmasam-chi!!! O‘yinchilik chog‘imda turli mamlakatlarda bo‘ldim. Turli chempionatlarda to‘p surdim. Shunday ekan, futbolchilik faoliyatim juda yaxshi chiqqan, deb bemalol ayta olaman.
- Nega o‘zingizni katta murabbiylikda sinab ko‘rmadingiz?
- O‘zimni bu rolda bolalar va kattalar murabbiyi sifatida sinab ko‘rganman. Bu juda ham qiziqarli ish. Hozirgacha shu ish bilan shug‘ullanyapman.
- O‘ziga yarasha tajribangiz bilan o‘zbek futboliga yordam berishingiz mumkinmi yoki faqat Rossiyada ishlamoqchimisiz?
- Xizmatimga ko‘z tikadigan joyda jon, deb ishlagan bo‘lardim. Bir qancha takliflar bo‘ldi. Ammo hammasi shunchaki gaplardan nariga o‘tmadi. Ayni paytda Kurkino futbol akademiyasida katta yoshdagi o‘yinchilardan iborat havaskorlar futbol jamoasini tuzmoqchiman. O‘sha jamoa keyinchalik professional darajaga etadimi yoki etmaydimi, buni vaqt ko‘rsatadi. Ehtimol, O‘zbekistonga qaytarman yoki Rossiyaning o‘zida qolib ishlarman. Buni ham vaqt ko‘rsatadi.
- Agar kuzatayotgan bo‘lsangiz, bugungi o‘zbek futboliga qanday baho berasiz?
- Albatta, kuzatib boraman! Ayniqsa, o‘zim to‘p surgan klublarni. Men o‘ynagan jamoalarning stadionlari qoyilmaqom darajada bo‘lgan! Jumladan, “Nasaf”niki. Unda tashkiliy ishlar darajasi ham yuqori edi. 2011 yili bu klub OFK kubogini yutdi. 2018 yili esa, 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoamiz Osiyoda g‘olib bo‘ldi. Umid qilamanki, yaqin orada O‘zbekistonning biror-bir klubi Osiyo Chempionlar ligasida g‘olib chiqadi, milliy terma esa jahon chempionati va Osiyo birinchiligida albatta o‘zini ko‘rsatadi.
- Terma jamoamizni ham kuzatib kelyapsizmi? Jahon chempionatiga haligacha chiqa olganimiz yo‘q. Bu ish qachon sodir bo‘lishi mumkin deb o‘ylaysiz?
- Bizning terma jamoaga doim nimadir etmay qoladi. Umid qilamanki, Qatardagi jahon chempionatida O‘zbekiston ham ishtirok etadi.
- To‘g‘risi, oxirgi klubingiz qaysiligi borasida savollar bor. Qaerda tugatdingiz va butsalaringizni mixga ilishga nima sabab bo‘lgan?
- Men to‘p surgan oxirgi professional klub - bu “Qizilqum”dir. 2014 yili jamoa bilan faqat chempionatning birinchi davrasida o‘ynadim va oilaviy sharoitga ko‘ra, uyimga qaytishga majbur bo‘ldim. Bundan afsuslanaman.
- Futboldagi yaqin do‘stingiz va hamkoringiz deb kimni aytasiz?
- Bu mening yoshlik chog‘imdagi ustozim Viktor Konstantinovich Pujalin.
- Futboldan tashqari yana nimalarga qiziqasiz? Ya’ni, bundan boshqa yana qiladigan ishingiz ham bormi?
- Oila!!!
- Eldor Shomurodovning o‘sishga erishayotgani sizni hayron qoldirmayaptimi?
- Bu yigit juda iqtidorli va mehnatkash. Uning tobora mashhur bo‘lib borayotganidan sira hayron qolmayman.
- Rossiyadagi yurtdoshlarimizning o‘yinlarini tomosha qilasizmi? Masalan, Oston O‘runov?!
- Unchalik emas! Meni asosan jamoaviy o‘yin ko‘proq qiziqtiradi.
Fikrlar