18181 nimani anglatadi? Avgust oyining eng yaxshi futbolchisi kim? G‘alabali seriyani qanday uddalayapti yoxud "Andijon"ning sarguzashtlari

  • 2 sentabr, 2022, 00:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Avgust oyi yakunlanib, o‘rnini sentyabr oyiga bo‘shatib berdi. Yozgi tanaffusdan keyin “Andijon” jamoasi startni juda yaxshi oldi va ketma-ket g‘alabalar qozonib, muxlislarning kayfiyatini yanada ko‘tarmoqda.

Tecno

Klub o‘tgan oyda 4 ta o‘yin o‘tkazdi. Shundan 3 tasi pro liga va  1 tasi O‘zbekiston Kubogi 1\8 finaliga to‘g‘ri keldi. Aslida chempionat doirasidan o‘rin olgan “Mash’al”ga qarshi o‘yin ham avgustda o‘tkazilishi lozim edi. Biroq andijonliklarning Kubokdagi ishtiroki tufayli muborakliklarga qarshi bahs 7 sentyabrga qoldirildi. E’tiborlisi, Viktor Kumikov shogirdlari avgustdagi barcha bellashuvni o‘z maydonida o‘tkazdi va 100 foizli natija ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi.

“Andijon” – “G‘ijduvon” – 2:1 (pro liga)

“Andijon” – “Turon” – 1:0 (pro liga)

“Andijon” – “Turon” – 3:2 (O‘zbekiston Kubogi)

“Andijon” – “Sho‘rtan” – 2:1 (pro liga)

avgust

“Burgutlar” gol urish borasida sermahsullik namoyish etishdi. Raqiblar darvozasiga jami 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldilar. O‘z darvozasidan shuning yarmi – 4 ta to‘p olib chiqishdi. Gollarining 6 tasi birinchi bo‘limda kiritilgan va qolgan 2 tasi ikkinchi bo‘limga to‘g‘ri keldi.

Xo‘sh, kimlar gol urdi? Avgust oyida kiritilgan gollar himoyachilardan tortib hujumchilarga qadar amalga oshirilgani e’tiborga molik. Masalan, Shahboz Erkinov O‘zbekiston Kubogi doirasida “Turon”ga qarshi uchrashuvda dublga erishdi. Shuningdek, serbiyalik himoyachi Vladimir Bubanya “Turon” va “Sho‘rtan” jamoalariga qarshi uchrashuvlarda bittadan gol urdi. Bulardan tashqari, Farhod Sohibjonov, Zafar Polvonov, Ildar Mamatkazin va Goron Miloyko ham o‘z hisobiga bittadan gol yozib qo‘ydilar.

ildar

Avgust oyida jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni “Bobur Arena”da hammasi bo‘lib 18181 nafar muxlis bevosita kuzatib bordi. Eng ko‘p muxlis chempionat doirasidagi “Andijon” – “Turon” uchrashuvida kuzatildi. 13 avgust kuni o‘tkazilgan mazkur o‘yinni 7677 ishqiboz tomosha qildi.

Avgust oyidagi 4 ta o‘yinni kimlar to‘liq o‘tkazdi, degan savol ham bo‘lishi tabiiy. Bu borada uch nafar o‘yinchi tengsiz bo‘ldi. Bular – Vladimir Bubanya, Goron Miloyko hamda Ildar Mamatkazin. Ushbu o‘yinchilar barcha uchrashuvlarda to‘liq o‘zgartirishlarsiz to‘p surishdi. Qizig‘i, uchalasi ham gollar urishga muvaffaq bo‘ldi.

anjan

Qolaversa, o‘tgan oyda 4 nafar o‘yinchimizga sariq kartochka ko‘rsatildi. Jumladan, Abdurahmon Komilov, Azamat Isroilov, Xurshid Xodjaev va Shahboz Erkinov hakam tomonidan ogohlantirildi. Jamoamizning “Sho‘rtan”ga qarshi o‘yinida esa futbolchilarimiz “toza” o‘ynadilar.

Sentyabr oyining dastlabki 10 kunligida jamoamizni yanada muhim bellashuvlar kutmoqda. 3-sanada O‘zbekiston Coca-Cola Kubogi chorak finalida AGMKni qabul qiladi. 7 hamda 10 sentyabr kunlari pro ligada “Mash’al” va “Buxoro” maydonida o‘ynaydi. Shundan keyin jamoalar beshtalikka ajraladi va yana qur’a tashlangan holda o‘yinlar davom ettiriladi.

Bundan tashqari, har oyda “Andijon”ning eng yaxshi futbolchisi aniqlab kelinmoqda. Iyul oyida chempionatimizda tanaffus bo‘lib, asosan yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari sababli rasmiy uchrashuvlar o‘tkazilmadi. Avgust oyidan boshlab pro ligada chempionat yana davom ettirilmoqda. Har bir uchrashuvdan keyin klubning telegram tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali eng yaxshi futbolchi nominatsiyasida so‘rov o‘tkazib kelinmoqda. Natijada oy yakuniga kelib, tashkil etilgan 4 ta o‘yindagi futbolchilaring to‘plagan umumiy ovozlari hisoblab chiqildi.

erkinov kumikov

Unga ko‘ra, “Andijon”ning avgust oyidagi eng yaxshi futbolchisi – bu yana bir bor Shahboz Erkinovga nasib qildi. Yodingizda bo‘lsa, tajribali hujumchi may oyida ham eng yaxshi o‘yinchi degan nomga sazovor bo‘lgandi. U muxlislarning umumiy so‘rovi bo‘yicha eng ko‘p ovoz to‘pladi – 1468.

Avgust oyi yakunlari bo‘yicha so‘rovnomada kuchli beshtalik quyidagicha ko‘rinish oldi:

  1. Shahboz Erkinov - 1468
  2. Farhod Sohibjonov - 1148
  3. Goran Miloyko - 1048
  4. Muhammadkarim Toirov - 924
  5. Suhrob Berdiev – 840

Jamoaning navbatdagi mashg‘uloti oldidan bosh murabbiy Viktor Kumikov oyning eng yaxshi futbolchisiga atalgan maxsus statuetkani Shahboz Erkinovga topshirdi.

Shundan so‘ng Erkinov o‘z fikrlarini quyidagicha bildirdi: “Andijon” muxlislariga katta rahmat. Ularning qo‘llab-quvvatlashi bilan oyning eng yaxshi o‘ynchisi bo‘libman. Aslida eng yaxshi futbolchi men emas, butun jamoamiz bo‘ldi. Murabbiylardan, ma’murlargacha barchaning hissasi bor. Barcha uchrashuvda maksimal ochkolarni oldik. Hammamiz eng yaxshisi bo‘ldik, deb o‘ylayman. AGMK bilan bo‘ladigan O‘zbekiston Kubogida ham yoqimli an’anani davom ettirishga harakat qilamiz. Muxlislarimiz uchun borimizni berib o‘ynaymiz. Asosiysi, stadionga kelib qo‘llab-quvvatlab turishsa, biz buni yaxshiroq his qilamiz va yutishga bor kuchimizni beramiz”, - dedi Shahboz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!