
19-sana 19-tur yoxud kimnidir mag‘lubiyatli yoki g‘alabali seriyasiga chek qo‘yiladimi?
Bugun 19 sentyabr va aynan bugundan Superliganing 19-turiga start beriladi. 7 ta juftlikdagi murosasiz bellashuvlar 23 sentyabrga qadar davom etadi. Xo‘sh, bu safar kimda qanday imkoniyat?
19 sentyabr
19:30. “Neftchi” – “Qizilqum”
Bu o‘yin Yaypandagi “O‘zbekiston” stadioniga ko‘chirilganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Farg‘onadagi “Istiqlol” arenasi 5 oktyabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Kubogi finali uchun yopildi. “Neftchi” esa vaqtincha “Turon” stadionidan foydalanib turadi. Allaqachon chempionlikdan mosuvo bo‘lgan farg‘onaliklar hech bo‘lmaganda kuchli uchtalikka kirib qolish ilinjida. Hozirgi kunda aksariyat klublarning saviyasi bir xil. Shundan kelib chiqib aytadian bo‘lsak, ikkala jamoada imkoniyat teng.
20 sentyabr
17:00. “Lokomotiv” – “Navbahor”
“Lokomotiv” o‘tgan turda Andijonda juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritib qaytdi. “Navbahor” esa o‘z uyida “Nasaf”ga yutqazib qo‘ydi. Krestinin jamoasi g‘alabadan ruhlanib “Navbahor”ga qarshi ham o‘zgacha ruhda tayyorlanayotgani tabiiy. Agar namanganliklar o‘z imkoniyatidan foydalanib, mahoratini ko‘rsatadigan bo‘lsa, unda “Lokomotiv”ga og‘ir bo‘ladi.
19:15. “So‘g‘diyona” – “Andijon”
Medallar uchun kurashayotgan Ivan Boshkovich jamoasi o‘tgan turda “Qizilqum” bilan bellashuvda arang mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi. “Andijon” esa ikkinchi davrani qatorasiga beshta mag‘lubiyat bilan boshladi. “Burgutlar”ga ham g‘alaba suv va havodek zarur. Jizzaxda qattiq jang kechadi. Balki birgina gol o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin.
21 sentyabr
17:00. “Metallurg” – “Paxtakor”
“Metallurg” hamon qora chiziqdan chiqib keta olmayapti. Mavsum boshidan beri chempionatda biror marta g‘alaba qozona olmagan bekobodliklar qarshisida endi “Paxtakor” turibdi. Har o‘yin “Metallurg” uchun finaldek. Biroq jamoa o‘zgarishlarga qaramay, imkoniyatlardan foydalana olmayapti. Bu ketishda jamoani pro liga kutib oladi.
19:15. “Olimpik” – “Dinamo”
Toshkentda yaxshi o‘yin bo‘ladi. “Olimpik” ham, “Dinamo” ham hujumkorlikni yoqtiradi. Katta ehtimol bilan maydonda ochiq futbol ko‘ramiz. Turnir jadvalida ular yonma-yon borishmoqda. Denis Korostichenko “Olimpik”ga bosh murabbiy bo‘lganidan beri hali g‘alaba qozongani yo‘q. “Dinamo” o‘tgan turda uyida “Bunyodkor”ga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Qiziqarli va tomoshabop o‘yin ko‘ramiz. Balki gollar ham ko‘proq bo‘lar.
22 sentyabr
19:30. “Surxon” – “Bunyodkor”
O‘z o‘yini bilan ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirayotgan “Surxon” bu turda “Bunyodkor”ni qabul qiladi. “Qaldirg‘ochlar” ikkinchi davraga kelib o‘zini o‘nglab boryapti. O‘yinida ijobiy o‘zgarish sezilyapti. Bu bellashuv ham juda murosasiz o‘tishi shubhasiz. “Surxon”da nisbatan ustunlik bo‘lishi mumkin. Faqat buni tabloda ham aks ettirishi lozim. “Bunyodkor”ni egallab turgan o‘rnidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ularni durang ham qanoatlantirmaydi.
23 sentyabr
19:00. “Nasaf” – OKMK
Turning markaziy o‘yini Qarshida bo‘lib o‘tadi. Ro‘ziqul Berdiev va Mirjalol Qosimov shogidlarining to‘qnashuvini kuzatish har tomonlama qiziq. “Nasaf” chempionlik uchun juda yaxshi imkoniyatga ega. Qarshiliklar 2-o‘rindagi OKMKdan 6 ochkoga ilgarilab ketishgan. Agar Berdiev jamoasi g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, chempionlikni deyarli hal qilib qo‘ygan bo‘ladi, ishonavering. Jamoa juda ishonchli va chempionlarga xos tarzda o‘yin namoyish etmoqda. “Nasaf” OKMK to‘sig‘idan o‘tadimi yoki Qosimov jamoasidan syurpriz ko‘ramizmi? Bu uchrashuvni o‘tkazib yubormang.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar